Buxorodan Toshkentga kasal mol go‘shti mahsulotlarini olib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi aniqlandi. Bu haqda “Yangi davr” informatsion dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, 16-aprel kuni Isuzu avtomobili YPX xodimi tomonidan nazorat o‘tish maskanida tekshirish uchun to‘xtatilgan. Ammo haydovchi qonuniy talabga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirgan. Yuk mashinasi shu joyda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan to‘xtatilib, mashina yukxonasi tekshirilgan. Natijada kamida 500 kg miqdorda yirik shoxli mol go‘shti borligi aniqlangan. Haydovchi esa go‘sht mahsulotiga oid zarur hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Shundan so‘ng olib borilgan maxsus tekshiruvlar natijasida go‘sht mahsuloti iste’molga yaroqsiz ekani va to‘rt bosh kasal mollar so‘yilib, Toshkentga olib kelinayotgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu mahsulotlar veterinariya-laboratoriya ekspertiza xulosasiga asosan, iste’mol uchun yaroqsiz deb topilib, tegishli tartibda utilizatsiya qilingan.
Hozirda go‘sht mahsulotlarini Toshkentga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslarga qonuniy chora ko‘rish uchun tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)