Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi O‘zbekistondagi loyihalarini davom ettirmoqchi. Bu haqda korxona bosh direktori Nail Maganov mehnat jamoasi anjumanida aytib o‘tdi.
Bizning muhandislik malakamiz, geologiya-qidiruv va neft qazib olish bo‘yicha tajribamiz katta talabga ega va biz Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Shimoliy Afrikadagi loyihalarni davom ettiramiz, — dedi Maganov.
“Tatneft” O‘zbekistonda nima bilan shug‘ullanadi?
Kompaniyaning O‘zbekistonda bir qancha loyihalari bor.
Birinchidan, geologiya-qidiruv. 2019-yilda “O‘zbekneftgaz” va “Tatneft” neft kompaniyasi O‘zbekistonda qidiruv ishlari bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.
Ikkinchidan, Toshkent shahrida “Tatneft” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i yaratilmoqda. Bu yerda korxona tomonidan AI-95, AI-92 rusumli benzin va dizel yoqilg‘isi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan AI-80 rusumli benzin, shuningdek, metan sotiladi.
Uchinchidan, “Tatneft” O‘zbekistondagi turli loyihalarga sarmoya kiritishga vaqti-vaqti bilan qiziqish bildiradi. Masalan, 2019-yilda kompaniya yirik shinalar ishlab chiqaruvchi “Birinchi Rezinotexnika Zavodi” MCHJning 51 foizini olmoqchi edi.
Bundan tashqari, kompaniya “O‘zbekneftgaz” bilan mutaxassislarining malakasini oshirish sohasida va kichik tonnali gaz kimyosi loyihalarni bo‘yicha ham hamkorlik qiladi.
Avvalroq Ukrainadagi urush tufayli O‘zbekiston bir qator kompaniyalardan ayrilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)