“Real” himoyachisi Marselo Chempionlar Ligasi chorak final javob bahsi doirasida “Chelsi”ga qarshi kechgan o‘yinda (2:3) jarohat oldi.
Marca nashrining xabar qilishicha, braziliyalik himoyachi chap oyog‘ida og‘riq his qilgan va yakshanba kuni “Sevilya”ga qarshi kechadigan o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Futbolchi payshanba kuni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va shundan keyin uning jarohati qay darajada jiddiy ekani ma’lum bo‘ladi.
Marselo “Chelsi”ga qarshi o‘yinda Ferlan Mendining o‘rniga maydonga tushgandi. Mendi ham mushaklaridagi muammo sabab bu o‘yinda oxirigacha harakat qila olmagan. Ferlan jarohat sabab “Xetafe”ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborgandi. Uning ham “Sevilya”ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.
Shuningdek, Karim Benzemaning ham holati barqaror emas. Fransuzning mushaklari “Chelsi”ga qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida yuklamalarga bardosh berolmagan. Yana, himoyachi Nacho ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tishi kerakligi aytilmoqda.
Shu tariqa “Real” La Ligadagi ta’qibchisiga qarshi o‘yinda nominal chap qanot himoyachisiz qolmoqda. Ushbu pozitsiyada to‘p suradigan Migel Gutyerres ham tizzasidagi jarohat bois 1,5 oyga safdan chiqqan.
Izoh (0)