Namanganda Farg‘ona vodiysi Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining suvda qutqaruv guruhlari g‘avvoslarining malaka va bilimlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Sinovlar Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan ochiq suv havzasida bo‘lib o‘tmoqda. Ularda g‘avvoslarning suvga cho‘kkanlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish malakasi ham ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
“Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida suvda qutqaruv guruhlari ham xizmat olib boradi. Ularning faoliyat doimiy hushyorlik va sergaklik, jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni talab etdi. Shu bois Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari FVB suvda qutqaruv guruhlari g‘avvos-qutqaruvchilarining mavsum oldidan malakasini shahodatlash boshlandi. Bu jarayonda g‘avvos-qutqaruvchilarga sho‘ng‘ishga ruxsat berish, ularga sho‘ng‘ishi mumkin bo‘lgan chuqurliklarni belgilash, suvda qutqaruv guruhi shaxsiy tarkibining amaliy hamda nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazishga asosiy e’tibor beriladi”, — deydi Namangan viloyat FVB matbuot xizmati rahbari Qahramon Sattorov.
Tadbirda vodiy viloyatlaridan jami 50 nafar g‘avvos-qutqaruvchi ishtirok etmoqda. Shahodatlash va sinov jarayonlari uch kun davom etadi.
Izoh (0)