O‘zbekistonda Soliq kodeksiga foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Unga ko‘ra maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari foyda solig‘idan ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab:
- 3 million dollardan 5 million dollargacha miqdorda — 3 yil muddatga;
- 5 million dollardan 15 million dollargacha miqdorda — 5 yil muddatga;
- 15 million dollari va undan yuqori miqdorda investitsiyalar kiritilganda — 10 yil muddatga ozod etiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning noyabrida O‘zbekiston Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgandi. Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq ma’murchiligini isloh qilish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari yuzasidan o‘tgan yig‘ilishida sohada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tgan edi. “So‘nggi 5 yilda biz mutlaqo yangi soliq tizimini yaratdik. 2020-yilda ko‘p muhokamalar bo‘lganda ham biz yangi O‘zbekiston boshlanishiga munosib bo‘lgan yangi Soliq kodeksini qabul qildik. 13 tadan 9 taga soliq turlari kamaytirildi. Osmondan olib qilganimiz yo‘q. Sharoitlardan kelib chiqib qildik. Odamlar qachon bizdan rozi bo‘ladi? Soliq yuki kamayib, daromadlarimiz oshsagina, rozi bo‘ladi”, — degan edi davlat rahbari.
Izoh (0)