Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylari hamda maxsus maktab internatlari faoliyati bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, prezident videoselektor davomida mahallalarni obod, ozoda va yashil makonga aylantirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Poytaxt – madaniyat va ma’rifat bulog‘i’ loyihasi doirasida, taniqli san’atkorlar, ijodkorlar, madaniyat va san’at sohasi professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirokida 400 dan ziyod mahallada mumtoz kuy-qo‘shiq va maqom kechalari uyushtirildi. Aholi uchun 40 ta spektakl, 70 dan ziyod milliy film namoyishi, 20 dan ortiq gala-konsert tashkil qilindi. Yaqinda ‘Turkiston’ saroyida 5 kun davomida ‘Alisher Navoiy’ spektakli namoyish qilinib, mahallalardan 4 mingdan ziyod kishi qamrab olindi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Toshkent shahar hokimligi hamda Madaniyat vazirligiga “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan aholini teatrlar, muzey va konsertlarga bepul chiptalar bilan ta’minlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerakligi bo‘yicha topshiriq bergan.
“Mahallada duv-duv gap’ loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 56 nafar farzandining sunnat to‘ylari o‘tkazib berilgani, xalqimizga xos mehr-oqibat va muruvvatning yana bir namunasi bo‘ldi”, — dedi prezident.
Izoh (0)