Kilian Mbappe “PSJ”da qolishga qaror qildi va bu haqda may oyida e’lon qiladi. Bu haqida Lionel Messining “PSJ”ga o‘tishi haqida xabar bergan jurnalist Daniel Riolo ma’lum qildi.
“Al-Helayfining yagona qiziqayotgan narsasi — Kilianning nima qilmoqchiligini bilish. Menga hech kim ishonmasligi mumkin, lekin u may oyida qarorini e’lon qiladi va jamoada qoladi”, — deb aytib o‘tdi Riolo RMC Sport dasturi efirida.
Avvalroq Mbappe Parijda qolishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
“PSJ” Mbappega 50 million yevro maosh va yana qo‘shimcha 100 million yevro bonus bilan yangi shartnoma taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
Bungacha Kilian “PSJ” tarixida eng yaxshi to‘purarga aylanish uchun klubda qolishi mumkinligi xabar qilingandi. Shuningdek, Fransiyaning amaldagi va sobiq prezidentlari ham Kilian Mbappega “PSJ”da qolishni maslahat bergandi.
Futbolchiga Madridning “Real” klubidan qiziqish borligi va Kilian madridliklar bilan bitim borasida kelishib qo‘ygani bir necha bor xabar qilingandi.
Mbappe 2017-yildan buyon “PSJ” sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsum futbolchi Fransiya chempionatining 27 o‘yinida ishtirok etib, 17 ta gol va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Izoh (0)