Germaniya Rossiyaning “Iskander” raketalarining zarbalaridan himoyalanish maqsadida AQSH yoki Isroildan raketaga qarshi mudofaa tizimlarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi “Kommersant”.
Bundesverning bosh inspektori Eberxard Sornning ma’lum qilishicha, Kaliningradga joylashtirilgan “Iskander”lar qariyb butun G‘arbiy Yevropa hududiga yetib borishi mumkin, Germaniyada esa bu kabi zarbadan “ishonchli himoya” yo‘q.
“Hozircha bir narsa aniq: raketaga qarshi mudofaa tizimlarini mustaqil yaratishga vaqt ham, pul ham yo‘q, chunki raketa tahdidi mavjudligi allaqachon ma’lum”, — deydi u Welt am Sonntag gazetasiga.
Sorn hozircha Germaniya qaysi turdagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini olmoqchi ekanini aytmagan. Nashrning aniqlik kiritishicha, gap katta ehtimol bilan Isroil tomonidan AQSH bilan hamkorlikda yaratilgan Arrow-3 majmuasi va Amerikaning THAAD tizimlari haqida ketmoqda. Fevral oyida, Rossiya Ukrainada harbiy operatsiyalarni boshlashidan oldin Kiyev Vashingtondan Xarkovga THAAD’ni joylashtirishni so‘ragan edi.
Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden aytganidek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari, tankka qarshi qurollar, o‘q-dorilar, uchuvchisiz samolyotlar va o‘q-dorilar bilan ta’minlamoqda. Yetkazib berish bir yoki ikki kunda bir marta amalga oshirilmoqda, degan Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar ushbu tizimlarning joylashgan joyini oshkor qilmaslik uchun sir saqlanadi.
Izoh (0)