Ukrainada davom etayotgan “maxsus operatsiya” fonida Rossiyaning ko‘plab norozi fuqarolari, shu jumladan, olimlar, tadbirkorlar, malakali mutaxassislar xorijiy o‘lkalarga chiqib ketishni afzal ko‘rmoqda. “Novaya gazeta”ning maxsus muxbiri Ilya Azar ayni damda Qirg‘izistonda bo‘lib turgan IT mutaxassislari va olimlar bilan suhbatlashdi. “Daryo” esa uni o‘zbek tiliga o‘girdi.
O‘sh
Stanislav (ilmiy institut xodimi):Men shunchaki ommaviy vahimaga berildim. Umuman olganda, so‘nggi bir necha yillar ichida Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealarga unchalik ijobiy munosabatda emasman. Lekin endi (hokimiyat) chegaradan chiqdi va men hamma narsani tashlab, muhojirlik haqida bosh qotirishga ma’naviy huquqim bor. Boshda mamlakatni zudlik bilan tark etish rejasi yo‘q bo‘lsa ham, sanoatimiz va shaxsan o‘zimni nima kutayotgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rdim.
Nima qilish kerakligi va qanday pozitsiyani egallash mumkinligi to‘g‘risida turli variantlarni ko‘rib chiqa boshladik. Qolaversa, kichik bir jamoam ham bor, uning rahbari sifatida xodimlarga ham, agar istashsa, ko‘chib o‘tish imkoniyatini yaratishni xohlardim. Bundan tashqari, ko‘chishni istamaydiganlar uchun laboratoriyaning yopilishi og‘ir zarba bo‘lmasligi kerak. Lekin (xodimlar masalasi bo‘yicha), rostini aytsam, haligacha aniq reja tuzmadim.
O‘tgan hafta yoppasiga vahima ko‘tarilib, shu darajaga yetdiki, chegara yopilib, harbiy holat e’lon qilinishi kutilayotgandek edi go‘yo. Buning ehtimoli kamday ko‘rinadi, ammo boshqa tomondan, urush ehtimoli ham kam ko‘ringandi. Biror narsa sodir bo‘lmasligiga ishonchim komil edi. Ular bir-birini qo‘rqitadi, bir-biriga qarshi sanksiyalar qo‘llaydi va ba’zi maqsadlariga erishib, tarqaladi, deb o‘ylagandim. Biroq keyin voqealar rivoji qor ko‘chishi kabi shiddatli tus olib, men vahimaga tushib qoldim. Mart oyidagi ta’til rejasini o‘zgartirib, Qirg‘izistonda dam olish kerak degan qarorga keldim.
Qiz do‘stimning xorijga chiqish pasporti muddati o‘tib ketgandi, pandemiya tufayli buni payqamagandik, shu sababli oldimizda ikkita tanlov turardi: Armaniston va Qirg‘iziston. Lekin Armanistonda odam to‘lib ketdi. Moskvadagi butun IT hamjamiyati o‘sha yerga ko‘chib o‘tdi, chamamda. Boz ustiga, chipta narxi ham juda qimmat.
Qiyomat qo‘pmasligi va vaziyat yomon bo‘lsa ham, qandaydir muvozanatga kelishidan umid qilaveraman. Shunda Moskvaga qaytib, zimmamdagi mas’uliyatni qo‘limdan kelganicha bajarardim, chunki talaba va aspirantlarni shunchaki tashlab ketolmayman. Hozircha esa voqealarni tashqaridan kuzatib, biroz tinchlanib olmoqchiman.
Men ko‘p vaqtimni xorijda o‘tkazdim. Rossiyaga o‘z ixtiyorim bilan qaytishdan oldin chet elda postdok (postdok — bir qator G‘arb davlatlarida mavjud bo‘lgan akademik tadqiqotchi faoliyatidagi bosqich — tahr.) sifatida faoliyat yuritganman. Adashmasam, Bolotka (voqealari) vaqtida edi. Vaziyat taranglashayotgani o‘shandayoq sezila boshlagandi, albatta. Lekin ruhimiz ham ko‘tarinki bo‘lgan. Norozilik namoyishi besamar ketgan taqdirda ham, rasmiylar xalq munosabatini inobatga oladiganday ko‘rinardi. Liberalizatsiya bo‘lmasa ham, kamida, vaziyatni asta-sekin barqarorlashtirishni boshlaydiganday edi. E’tiborga molik yana bir jihat — o‘shanda iqtisodiy o‘sish kuzatilib, ilm-fan ham sezilarli darajada rivojlangan! 1990-yillarda va 2000-yillar boshlarida sodir bo‘lgan hodisalardan so‘ng ilm-fanda mablag‘ va yorqin istiqbol paydo bo‘lgan. Masalan, “Skolkovo”ga ham, taxminan, o‘sha vaqtlari asos solingan. Men uchun Rossiyada ochilmagan imkoniyatlar ko‘pligi qiziq ko‘rinardi, chunki G‘arbda sohalar ancha tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, nimani qanday qilish kerakligi aniq edi. Keyin hamkasblarim bilan ajoyib ishga qo‘l urdik — jahon standartlariga mos laboratoriya yaratishga muvaffaq bo‘ldik.
Lekin so‘nggi paytlarda ish juda orqaga ketdi. Rossiyada ilm-fan va texnologiyalar bilan shug‘ullanish, xorijiy uskunalarni sotib olish qiyinlashdi. Ayni vaqtda chet ellik hamkorlar Rossiya bilan yaqin orada hech qanday oldi-berdilar bo‘lmasligini ochiq bildirdi. O‘ylashimcha, bunday cheklovlar juda tez kuchga kiradi, bekor qilinishi esa haddan tashqari sekin kechadi. Bu endi ruhiyat bilan bog‘liq. Bizdan rostakamiga qo‘rqishadi, G‘arbiy Yevropa ilmiy hamjamiyati esa vahimaga tushib qolgan ko‘rinadi. Germaniyada rossiyalik olimalar bilan barcha qo‘shma loyihalar bekor qilinishi haqida sal kam vazirliklar miqyosida farmonlar qabul qilinmoqda.
Olimlarga qarshi davlatga xiyonat qilish bo‘yicha ochilgan jinoiy ishlar soni bir necha baravar oshdi. Bu ham ogohlantiruvchi signal, lekin vaziyat yanada og‘irlashishi kutilayotgan bo‘lsa ham, hozircha bu har bir oilada sodir bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, masalan, chet elliklar bilan uchrashuvlarim haqida hisob berishga majburligim jig‘imga tegadi. Ochiq muassasada ishlashimga qaramay, Ta’lim va fan vazirligi xorijliklar bilan kechayotgan har bir aloqani hujjatlashtirish kerak, deb biladi. “Skolkovo”da chet ellik hamkasbim bor. Ularga ko‘ra, har bir uchrashuvdan keyin men u bilan nimani muhokama qilganim haqida hisobot topshirishim kerak. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik biz uchun muhim, ishdagi muvaffaqiyat darajamiz xalqaro jurnallardagi chiqishlarimiz soniga qarab belgilanadi. Telba-teskari vaziyatda qoldim.
Bolotnaya maydoniga bordim. Facebook’da o‘z fikringni bildira olmaslik mening ham g‘azabimni qo‘zg‘aydi. U yerda ko‘p yozmasligim shunday imkoniyatga ega bo‘lishni istamasligimni anglatmaydi. Imkoniyatdan foydalanmaslik va bu imkoniyatga ega bo‘lmaslik — boshqa-boshqa narsa. Olimlarining urushga qarshi xatiga imzo chekdim. O‘ylashimcha, buning ham ma’muriy javobgarligi bor. Lekin bu meni unchalik qo‘rqitmaydi, barcha universitet va institutlardagi imzo qo‘ygan olti ming kishini qatag‘on qilishmasa kerak. Bu oshib tushgan jinnilik bo‘lardi! Agar (olimlarni) qo‘rqitib, tumtaraqay qochirib yuborishsa, unda Rossiyada kim ilm-fan bilan shug‘ullanadi?
Shusiz ham texnologik jarayon rivojlanishdan butunlay to‘xtab qolgani ochiq ko‘rinib turibdi. Bilmadim, buni qanday tushunmaslik mumkin? Rahbariyat, albatta, aksincha bo‘lishiga umid qiladi — import o‘rnini bosish uchun qandaydir turtki bo‘lishini istaydi, lekin ular ham odamlarni bunga ilhomlantirishi kerak.
Ilgari chetdan sotib olingan barcha narsalarni endilikda o‘zimiz ishlab chiqarishimiz kerakligi mo‘ljal qilinyapti. Bu yaxshi, lekin endi buni amalga oshirish qoldi. Chet el uskunalari kirib kelmaydi, biz esa eksperimental fandagi zamonaviy laboratoriya 98 foiz import uskunalar hisobiga ishlashini unutmasligimiz kerak.
Ilm-fan bilan shug‘ullanish o‘rniga, o‘n yil davomida bu uskunalarni ishlab chiqaramiz va poygada hech qachon yutolmaymiz. Shu tariqa, qoniqarli darajadagi texnologik tenglikka erisha olmaymiz. Bizning yarimo‘tkazgich zavodlarimiz hech qanday zamonaviy chiplarni ishlab chiqarishga qodir emasligi endi hammaga ayon bo‘ladi.
G‘arb o‘rniga Xitoy bilan hamkorlik qilishning nimasi yaxshi ekanini uncha tushunmayman. Unda biz Xitoyning o‘rtakashiga aylanamiz. Ukraina mojarosida Rossiya uchun DXR va LXR qanday rol o‘ynagan bo‘lsa, biz ham Xitoy uchun shunday rol o‘ynaymiz. Ular pushkali telbalar edi, biz Xitoy uchun jangovar kallaklar bilan qurollangan telbalar bo‘lamiz.
O‘ylashimcha, chet elda hozir ruslarga hech kimning ko‘zi uchib turgani yo‘q. “Rus” so‘ziga nisbatan bir muddat allergiya saqlanib turadi, chunki u tomonda ham qandaydir jazava kuzatilyapti. Bundan qutulishni, ochig‘i, juda istardim, lekin odamlar hamma joyda bir xil. Masalan, odamlar ilmiy maqolalarimizga taqriz yozishda o‘zi umuman sezmagan holda pastroq baho beradi yoki ishimizni hatto rasman buzishga qaror qiladi.
Visa va Mastercard ketishi haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rilmagan, deb o‘ylayman. Chet elda istiqomat qilayotgan ruslar manfaati haqida hech kim o‘ylamagan bo‘lsa kerak. O‘ylagan bo‘lsa ham, ular buni arzimas (zarar) deb hisoblagan. Sanksiyalar iskanjasida qoldik, ko‘plab kompaniyalar bu ishni hukumat talabiga ko‘ra emas, balki o‘z ixtiyori bilan qildi. BLM’da (Black Lives Matter — qora tanlilar tahqirlanishiga qarshi ommaviy harakat — tahr.) bo‘lgani kabi, me’yoridan biroz oshirib yuborishdi. Hatto astrofizikada ham xilma-xillik va tenglik to‘g‘risidagi bandni kiritish talab qilingan absurd vaziyatlar bo‘ldi.
Men doimiy aloqada bo‘lgan kishilar ichida deyarli hamma ketishni istaydi. Odamlar hozircha ko‘chmas mulk va ish masalalari haqida bosh qotirmoqda. Umuman olganda, hozir universitet bitiruvchilarining ko‘pi G‘arbga ketish haqida o‘ylaydi, kam sonli talabalargina o‘qishni aspiranturada davom ettiradi.
Rossiyani shunday ahvolga solib qo‘ygan davlatchilik rivojiga ortiq hissa qo‘shishini istamayman. Axir hukumat uchun ishlayman. Siyosat bilan emas, ilm bilan mashg‘ulligimizni aytib, o‘zimni oqlashim mumkin, lekin bu unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biz davlat muassasasida ishlaymiz, turli moliyalashtirish manbalaridan, jumladan, harbiy sohadagiga yaqin davlat grantlarini olamiz. Bu esa ruhiyatimizga salbiy ta’sir qiladi.
Aleksey (IT-mutaxassis) va Sofiya (uy bekasi)
Sofiya:
Ketmoqchi emasdik. Har holda bunchalik tez ketish niyatimiz yo‘q edi. Lekin uydan chiqib, eshikka chizib ketilgan “Z” belgisini ko‘rdim-u ketish kerakligini tushundim. Sodir bo‘layotgan voqealarni haqiqatan qo‘llab-quvvatlayotganlar borligini ko‘rdim. Ko‘chada odamlarning gapini eshitib, og‘zim lang ochilib qoldi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim va bu odamlar bilan ortiq bir havodan nafas ololmasligimni tushundim. Bir kunda qaror qabul qilib, o‘sha kunning o‘zidayoq uchib ketdik.
Aleksey:
Kompaniya ko‘chib o‘tishni taklif qildi va biz imkoniyatdan foydalandik. Ko‘p hamkasblarimiz qoldi — oilasi, farzandlari, maktablari, ota-onalari, bobo va buvilariga g‘amxo‘rlik qilish uchun. Ko‘plab dasturchilar ketdi, chunki kompaniyalar ofisi, asosan, Yevropa va Amerikada, xodimlarni ko‘chirib o‘tish imkoniyati ko‘proq.
O‘ylashimcha, ular umrbodga ketmadi, lekin vaziyat barqarorlashguncha o‘sha yoqda qolishadi. Qarindoshlar, do‘stlar, boylik, shaxsiy mulk, uy hayvonlari vatanda qoldi. Vaqtincha shu yerda bo‘lib turamiz, ammo kompaniya muammolarni hal qilib, turli variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
Facebook’da ayrim narsalarni yoza olmasliging, albatta, yoqimsiz, lekin undan ham jiddiyroq sabab shundaki, Rossiyada IT-biznesni avval boshqarishga, keyin asta-sekin bo‘ysundirib, oxiri yopib tashlashga harakat qilishadi. Yevropa va Amerika bozorlari Rossiya uchun tashqaridan ham, ichkaridan ham asta-sekin yopiladi. Tashqi sanksiyalarga bir amallab chidash mumkindir, vaziyat barqarorlashsa, ular olib tashlanishiga umid bordir, lekin ichkaridagi ahvol bundan ancha murakkabroq. Davlat IT’ni bo‘ysundirishga qaror qilgan bo‘lsa, bu tamom degani. Shu sababli ko‘pchilik uchun ketish qarori og‘ir va yoqimsiz bo‘lsa-da, boshqa chora yo‘q.
Sofiya:
Erkin OAVlar yopilgach, biz ketishga qaror qildik.
Aleksey:
“Serebryaniy dojd” barcha eshittirishlarini to‘xtatib, faqat musiqalar berib borishini aytgani ham ketishga turtki bo‘ldi. Hozir siyosatga aralashmaslikning imkoni yo‘q, chunki sodir bo‘layotgan voqealarga ko‘z yumib, qandaydir bahonalar o‘ylab topish qiyin. Lekin bu yigirma yildan beri davom etib kelayotgan jarayonning muqarrar natijasidir. Ilgari prezident va hukumat siyosati o‘zgarishiga qandaydir umid bor edi, endi shu umid ham yo‘qoldi.
Hozir ruslarga hech kimning ko‘zi uchib turgani yo‘q, shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l — millating haqida unutib, mutaxassis sifatida borish. Ruslarga hozir qiyin, chunki jahon hamjamiyati qanday kayfiyatda ekanligi aniq va bunga qarshi nimadir deyish ham mushkul. Lekin baribir kimdir muhojirlar, mutaxassislar, ziyoli shaxslar qarshisida ruslar sharafini himoya qilishi kerak.
Ivan (IT xodimi):
Men vaziyatga pragmatik tarzda, hushyorlik bilan qarayman: mamlakatda yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan qisqa va uzoq muddatli xavflar mavjud. Bu xavf-xatarlarning keskinlik darajasini har kim o‘zicha belgilaydi. Kimdir urush boshlangani va ko‘chada qurol ko‘targan odamlarni ko‘rib, yana kimdir Bolotnaya maydonidagi ilk mitinglar tarqatib yuborilgach, ketdi.
Aytgancha, do‘stlarim bilan Bolotnayaga ham borganmiz. Maqsad aniq, biz, norozilik namoyishiga chiqqandik. O‘sha vaqtlari oilasiz edim, birinchi mitingda xavf darajasi ham noaniq bo‘lgan. Keyin ishtiyoq negadir so‘nib qoldi — davlatning qo‘rqitishga asoslangan siyosati samara bergandi. O‘zimni passiv muxolifatchi deb atashim mumkin, lekin Navalniyga pul o‘tkazgan vaqtlarim ham bo‘lgan.
Ma’lumot manbasi ko‘p bo‘lgan va eshitganini tahlil qila oladigan do‘stlarimdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar mamlakatdan chiqishi taqiqlanishi mumkinligi va harbiy holat haqida eshitgach, ketish harakatiga tushib qoldim. Bu ham yetmagandek, soxta xabar tarqatganlarni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun loyihasi taklif qilinganda sabr kosam to‘ldi. Soat tungi besh edi. Ish bo‘yicha men tinglovchilik qilayotgan oxirgi Zoom konferensiyasi vaqtidayoq chiptalarni ko‘rib chiqa boshladim. Soat 11 da — uchinchi urinishda kelasi kun tongga O‘shga chipta bron qilishga muvaffaq bo‘ldim.
Soxta xabarlar haqidagi qonunga toqat qilish mumkin, lekin bu mening axloqiy qadriyatlarimga to‘g‘ri kelmaydi. Men yosh bola emasman, ongli ravishda qaror qabul qilaman. Bu hukumatni men tanlaganim yo‘q, lekin har bir xalq o‘zi munosib bo‘lgan hukmdorga ega. Mening o‘g‘lim bor, u ham bu tuzumni va qaysi mamlakatda tug‘ilishni o‘zi tanlamagan. Shu sababli u ulg‘ayganda menga bitta savol berishi mumkin. Uning o‘rnida men ham bu savolni otamga bergan bo‘lardim: “Biz bu chiqindixonaga qanday tushib qoldik?”
Bolotnayadan keyingi bir voqea esimga tushdi: namoyishlarga umuman aloqasi yo‘q bir odam bardan chiqayotib qo‘lga olingandi. Agar o‘g‘lim qo‘lga olinganida, yumshoq qilib aytganda, kayfiyatim qattiq buzilgan bo‘lardi, shunday bo‘lgani uchun o‘zimni aybdor his qilardim. Shu sababli o‘g‘lim birorta normal xavfsiz mamlakatda yashashi uchun harakat qilaman. Agar xohlasa, istagan vaqtida qaytishi mumkin — hech kim undan Rossiya vatandoshligini olib qo‘ymaydi.
Uchinchi martga belgilangan ochiq dars haqidagi xabar ham bu borada katalizator vazifasini o‘tadi va meni o‘rnimdan qo‘zg‘atdi. Kattalar ustidan tashviqot o‘tkazishni tushunsa bo‘ladi. Lekin maktabdagi bolalarga “maxsus operatsiya” haqida gapirish — oshib tushgan tubanlik.Rossiyani birinchi marta tark etmayotganim bois, menda allaqachon ma’lum bir fikr shakllangan. Men, umuman olganda, kosmopolitman va “fuqarolik”, “mamlakat”, “davlat” tushunchalarini ajrata olaman. Bu mening professional deformatsiyam bo‘lishi mumkin, lekin men uchun mamlakat — ma’lum bir mahsulot, soliqlar evaziga taqdim etiladigan xizmatlar to‘plami. Senga yoqmaydigan yoki to‘g‘ri kelmaydigan xizmatlar uchun pul to‘lashdan nima naf? Har bir inson o‘zi yashayotgan mamlakatni o‘zi va oilasi uchun ko‘rsatilayotgan xizmat turi sifatida o‘zgartirishga haqli. Rossiyada yashab ham rus bo‘lish mumkin, Avstraliyada yashab ham rus bo‘lish mumkin.
Menimcha, xorijliklar rus xalqi va rus hukumati boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunadi. Hech qanday rusofobiya yo‘q. Bir yil davomida Yevropa Ittifoqidagi ikkita mamlakatda yashab, undan avvalroq “Qrim hikoyasi” bo‘lib o‘tganiga qaramay, Rossiyaga nisbatan hech qanday salbiy munosabatga duch kelmaganman. Aniq misol bilan tushuntiraman: Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biridagi qishloqda yashardim. Qo‘shnilar bilan ilk bor uchrashganimda har qanday masala bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilishim mumkinligini aytishgandi. Bir kuni meni ko‘rishga kelayotgan tanishlarimni aeroportda kutib olishga ketayotganim, lekin bo‘ron ko‘tarilib, temiryo‘l xazonlar bilan qoplanib qoldi, poyezdlar bekor qilindi. 150 kilometr naridagi aeroportga yetib olish uchun qo‘shnilardan mashina so‘radim, ular esa qo‘limga mashina kalitini tutqazdi. Bir tojik yonimga kelib: “Vokzaldagi do‘stlarim yoniga borishim kerak, mashinangni berib tur”, desa, qanday javob qilishimni tasavvur qilyapman. Unga kalitni bermasligim aniq.
Qayerda yaxshiroq munosabatda bo‘lishlarini taqqoslash mumkin: chet eldami yoki seni arzimas bahona bilan qamoqqa olishlari mumkin bo‘lgan o‘z vataningda?
G‘arb kompaniyalari bozorimizdan chiqib ketishi, umuman, sanksiyalar bilan bog‘liq (ehtimol, Putin va uning atrofidagilarga qarshi sanksiyalardan tashqari) deyarli barcha qarorlar odamlarga ta’sir qiladi. Ayniqsa, to‘lov kartalari (Visa va Mastercard) bilan bog‘liqlari va bu, menimcha, atayin qilingan. Putin atrofidagilarga qarshi chora-tadbirlar samara bermagach, ular oddiy odamlarga qarshi choralarga o‘ta boshlaydi. Xorijiy to‘lov tizimlari Rossiya bozorini qancha muddatga tark etishi noma’lum, hozircha boshqa mamlakatdan karta ochtirish mumkin. Rossiyadan maosh olishda davom etarkansiz, bu muammo siz uchun dolzarbligicha qoladi. Agar qayoqqadir uzoq muddatga ketishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, muammo tez orada siz uchun ahamiyatini yo‘qotishi ham mumkin. Xudoga shukr, qarindoshlarim bor. Agar mamlakatdan chiqishni butunlay taqiqlab qo‘yishmasa, ulardan o‘zimga kerakli biror nimani olib kelib berishni iltimos qilishim mumkin. Lekin men, chamamda, Rossiyadagi moddiy dunyodan ajralishni ixtiyor qildim. Baribir bu hayotdagi eng muhim narsa emas.
Rejam bor — turmush darajasi ozmi-ko‘pmi yaxshi bo‘lgan qaysidir mamlakatni topish. Yo masofadan ishlashni davom ettirish, yo xorijdan ish topish. Bu narsa muammo tug‘dirmasa kerak, chunki sohamga talab katta, ingliz tilini ham yaxshi bilaman. Rezyumega allaqachon javob qaytarishdi va hech kim: “O, Xudo, yo‘q! Siz, axir, rossiyaliksiz-ku!” — degani yo‘q.
Igor (IT sohasida frilanser) va Angelina (dasturchi):
Igor:
Boshda quruqlik orqali Gruziyaga jo‘nab ketishni rejalashtirgandik. Men uchishdan o‘lguday qo‘rqaman. Hayotimda faqat saraton kasalligidan davolanish uchun samolyotga chiqishga rozi bo‘lardim. Lekin sodir bo‘lgan voqea ham saraton kabi bunga zarurat tug‘dirdi. Shu bois, Yuqori Lars dovoni (Vladikavkaz va Tbilisini bog‘lovchi yo‘l) yopilgani va har kunimiz hisobli ekani ma’lum bo‘lgach, O‘shga eng arzon chiptani sotib oldik.
Chegarachilarimiz aeroportda so‘roq qilishi haqida eshitib, bunga tayyorgarlik ko‘rdim, telefondan ortiqcha narsalarni o‘chirib tashladim. Lekin safarga nima maqsad bilan chiqqanimiz haqida so‘rashdi, xolos.
Ikkita narsadan tashvishlanayotgandim. Birinchidan, Ukrainadagi “maxsus operatsiya” qanday ketayotganiga guvoh bo‘lib turibman. Shunga ko‘ra, safarbarlik e’lon qilinishidan qo‘rqaman.
Ikkinchidan, men frilanser sifatida chet ellik ish beruvchilar uchun ishlayman va endi ish haqimni, xorijiy bankdagi hisobdan tashqari, qanday olishim mumkinligini bilmayman. Qirg‘izistonda ham boshlanishiga kartani olish muammo, chunki PayPal yopiq, Payoneer yopiq, Visa va Mastercard ham allaqachon yopildi.
Angelina:
Umuman olganda, yaqin haftalar yoki oylar ichida iqtisodiy vaziyat keskinlashsa, shaharlarda talonchilar ko‘payib ketishidan xavotir bor edi. Men esa chegaralar yopilib, xavf-xatar ichida qolishdan ko‘ra, voqealar rivojini tashqaridan kuzatishni istardim.
Igor:
Agar Rossiyada qolsangiz, unda suvdan tinchroq va maysadan pastroq bo‘lishingiz kerak. Chunki Rossiya hukumati uchun endi o‘zini sipo tutib, demokratiyaga amal qilishdan, hatto o‘zini shunday ko‘rsatishdan ma’ni yo‘q. Shu sababli, menimcha, endi jilov qattiq tortiladi, barcha ijtimoiy tarmoqlar kuchli nazorat ostiga olinadi. Hatto ayrim post yoki tvitni o‘chirishni unutgan bo‘lsangiz ham, xavfsizlik kuchlari sizning hisobingizga yelkasidagi yulduzlar sonini ko‘paytirib oladi.
Angelina:
Namoyishda bir martagina qatnashdim, jarayonni kuzatdim. Odamlar kayfiyatiga qaraganda, u ancha quvnoq ruhda va Navalniy uchun o‘tkazilgan mitinglardan ko‘ra ancha jiddiy edi. Shu bilan birga, qatnashuvchilar soni hali ham ozchilikni tashkil qilardi. Odamlar o‘ta tinch namoyishlarga arang botinmoqda, bloger va siyosatchi Maksim Kas o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovlarda fuqarolarning aksariyati “maxsus operatsiya”ni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu juda achinarli.
Bunday shok holatini oxirgi marta 2018-yilgi saylovda saylov komissiyasi a’zosi sifatida ishlaganimda boshdan kechirgandim.Odamlar chehrasiga, kayfiyatiga qarab, saylovchilarning 70 foizi amaldagi hukumatni qo‘llab-quvvatlashini anglatuvchi raqamlar bir muncha haqiqat ekanini sezgandim. Qandaydir ichki o‘zgarishlar bo‘lishiga umid yo‘qoldi.
Igor:
Vladikavkazga kelsam, u yerda hatto taksi haydovchilarida ham Putin to‘g‘ri ish qilganiga, biz hozir hujum qilmasak, ularning o‘zi bizga hujum qilishiga ishonch bor edi. Katta shaharlarda sen kabi fikrlovchi kishilar ko‘pligini his qilsang, aholi turmush tarzi nisbatan og‘ir mintaqalarda hozirgi voqealarni qo‘llab-quvvatlovchilar chindan ham juda ko‘pchilikni tashkil qilishiga guvoh bo‘lasan.
Siyosatga ko‘p aralashavermayman, lekin hamma narsani o‘z nomi bilan atashni ma’qul ko‘raman. Men ma’lum bir neytral pozitsiyani saqlashga tirishaman va Ukraina propagandasiga ham o‘zimiznikidan ko‘ra yaxshiroq munosabatda emasman. Ammo mendagi eng xolis pozitsiya ham rus hukumati nazdida aniq dushmanona bo‘lib chiqadi. Qarabsizki, jinoiy javobgarlikka tortish uchun osongina dalil keltirish mumkin bo‘ladi.
Angelina:
Ko‘pchilik do‘stlarim 22-fevraldan keyin ikki hafta ichida mamlakatni tark etdi. Hatto millatchi va imperialistik qarashdagi tanishlar ham ko‘chib ketish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda guruhlar ochib, ommaviy ravishda qocha boshladi. “Imperiya”ni faqat internet orqali qo‘llab-quvvatlashni ma’qul ko‘rishdi. Men biroz shokka tushib qoldim.
Igor:
Moskvada yaqin do‘stlarimdan atigi uch kishi qoldi, ular ham ketmoqchi, biri esa Nvidia’ning katta muhandisi sifatida olib ketilishini kutmoqda. Qolganlarining barchasi, hatto yuzaki tanish bo‘lgan kishilar ham ketdi.
Ko‘pchilik IT mutaxassislari ketyapti, chunki ularda pul ko‘proq. Agar Rossiya o‘z vatandoshlariga, aytaylik, Yevropadan besh baravar kamroq haq to‘laganida, ular shunchaki o‘sha yoqqa jo‘nab ketardi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar uchun ishlaydigan ko‘plab IT mutaxassislarida jiddiy muammo tug‘ildi: ular ish haqini endi qanday oladi? Gap Twitter, Facebook kabi tarmoqlardagi shaxsiy foydalanish haqida bo‘lganida edi, unda VPN’ga suyanish mumkin bo‘lardi. Lekin agar siz Oracle, SAP rasmiy xizmatlariga ehtiyoji bor rasmiy kompaniya bo‘lsangiz, “to‘g‘ri” yo‘ldan yurishga majbursiz, bu esa imkonsiz. Qiziq holat yuzaga keladi: “egri” yo‘l taqiqlangan, to‘g‘ri yo‘l esa yopilgan bo‘lsa, unda qanday ishlash kerak?
Angelina:
Yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish rejasi bo‘yicha, ehtimol, IT segmentida katta milliylashtirish sodir bo‘lar. Shu bilan birga, bozorda mahalliy qidiruv tizimi ko‘rinishida kuzatilayotgan urinishlar unchalik ilhomlantirmaydi. Buning ustiga, odamlar avvalgidan ancha past maosh evaziga ishlashga ko‘nishi juda qiyin.
Igor:
Endi butun dunyo bo‘ylab rusofobiya avj olishini chuqur his qilyapman: Yevropa, Amerika va boshqa mamlakatlarda shunday bo‘lmoqda. Bu, nazarimda, Ukraina voqealaridan biroz oldin G‘arbda cancel-culture (vakolatli shaxs yoki guruhni huquqiy, ijtimoiy, axloqiy qilmishlar uchun javobgarlikka tortish usuli — tahr.) yetarlicha kuchli rivojlangani va ular ma’lum bir guruhga kiruvchi kishilarni nomaqbul deb topishni juda yoqtirishi bilan bog‘liq.
Endi, albatta, jamoaviy mas’uliyatni asosiy ishi sifatida o‘z zimmasiga olgan kishilar bu ro‘yxatga ruslarni ham kiritadi. Boshqa tomondan, bir narsani tushunishimiz kerak, G‘arbda cancel- culture’ga qarshi kurashayotganlar, ya’ni ratsionalistlar ham bor. Men Pol Grem, Eliyezer Yudkovskiyni o‘qiyapman — ular jamoaviy javobgarlik g‘oyasiga qat’iyan qarshi va ko‘pincha, masalan, oddiy ruslarning chet elga sayohat qilishini qiyinlashtirishga qaratilgan xatti-harakatlarga qarshi chiqadi. Mualliflar fikriga ko‘ra, ular Putinga ko‘proq soliq to‘lab, Ukraina mojarolari hal qilinishiga yordami tegmaydi, aksincha xalaqit beradi.
Angelina:
Ukrainaliklar: “Yaxshi yashamoqchi bo‘lsangiz, mitinglarga chiqing”, — deyishi xafa qiladi. Qandaydir o‘zgarish bo‘lishi uchun aholining katta qismi norozilik bildirishi kerak. Ozchilikning qo‘lidan hech nima kelmaydi. Mamlakatni tark etsang, odamlar senga nafrat bilan qaraydi.
Igor:
“Nima uchun bunday tuzumga chidab yurgandingiz?” deb so‘raydigan so‘zamollar munosabati ham dilni og‘ritadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘zingiz (boshqa davlat rahbarlariga qarata aytilmoqda) Putin bilan muloqot qilib ko‘rdingizmi? Yaqingacha undan neft va gaz sotib olish mutlaqo normal hisoblanardi. “Maxsus operatsiya”ni boshlash qarori biz ruslar uchun ham G‘arb uchun bo‘lgani kabi kutilmagan voqea bo‘ldi.
Umuman olganda, men liberal qarashdagi inson sifatida doim Putinni emas, balki Navalniyni qo‘llab-quvvatlaganman. Lekin men ham muxolifatga ashaddiy muxlis emasman, chunki u asli foydasiz ish bilan shug‘ullanayotganini bilmaydi. Hozir ichkaridan kurashish befoyda, chunki, baxtga qarshi, aholining katta qismi biz tomonda emas. To‘g‘ri, men Putin qachondir rus elitasining joniga tegadi, deb o‘ylagandim. Ammo ular allaqachon bor-budini yo‘qotganiga qaramay, hech qanday chora ko‘ra olmayotganiga guvoh bo‘lyapman.
Angelina:
Endi Gruziyaga borishni rejalashtiryapmiz, do‘stlarimiz o‘sha yerda. Hozircha bir yilga bo‘lsa ham, yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyati mavjud. Yozni Tbilisida o‘tkazgandim, shahar menga juda yoqqandi. Bundan tashqari, talaba sifatida biror joyga o‘qish vizasi bilan borish haqida o‘ylay boshladim.
Igor:
Bir vaqtlar Tailandda bir yarim yil yashagandim, lekin viza bilan bog‘liq yugur-yugurlardan bezganim uchun qaytib kelgandim. Muammoni ozgina pul evaziga hal qilish mumkin bo‘lgan yoki hal qilishga umuman ehtiyoj bo‘lmagan joyni topishni istayman. Sankt-Peterburgda yaqinda sotib olingan shaxsiy kvartiram borligiga qaramay, Rossiyani uzoq muddatga tark etganimni yaxshi bilaman. Endigina o‘rnashib olgan shinam uyimni tark etishga majburligim alam qiladi. Lekin bu yil qaytishim dargumon ekanligini tushunaman va hozirgi hukumat davrida qaytish xavf tug‘dirishi mumkinligidan qo‘rqaman. Qachondir yana shunday narsa sodir bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Menimcha, yaqin orada Rossiyada avvalgiday yashash imkoniyati paydo bo‘lmaydi.
Nikolay (sanoat uskunalarini xarid qilish bo‘yicha mutaxassis), Mariya (dizayner) va Artyom (moliya tashkiloti xodimi)
Nikolay:
Men Ukrainada tug‘ilib, u yerda 12 yil yashaganman, keyin Rossiya fuqaroligini olib, Moskvaga ko‘chib o‘tganman. Rus tilida so‘zlashaman, lekin ikkita vatanim bor, deb bilaman — Rossiya va Ukraina. Moskvaga kelib, ta’lim oldim, rus armiyasida xizmat qildim, Rossiyada ishladim. Lekin harbiy holat e’lon qilinishi haqidagi mish-mishlardan so‘ng ketishga qaror qildim. Ukrainaga urushga yuborishlaridan qo‘rqaman, chunki o‘zim ham ukrainman.
Chegaralar yopilishi, mahsulotlarning jiddiy tanqisligi, narxlar oshishi va senzuradan qo‘rqaman. Sababsiz qama-qamalar, qandaydir qidiruvlar, kuzatuvlar. Bu tom ma’noda senzura va qonunsizlik degani. Ba’zan mitinglarga chiqib turardim, lekin hozir qo‘rqaman, chunki shuni deb qamab qo‘yishlari mumkin. Uyalaman, chunki odamlar yordamga muhtoj, mening esa yordam berishga qodir emasman.Rejam — yashashimiz mumkin bo‘lgan biror mamlakatda bir-ikki oy turish. Keyin ko‘ramiz.
Mariya:
Qaytishdan qo‘rqaman. Tinimsiz qaltirayapman, chunki asabiy zo‘riqish bor. Instagram’da kuzatib boradigan kishilarim mamlakatdan chiqib ketayotganini ko‘ryapman, dugonalarim yozgan posti uchun politsiya tomonidan qidirilmoqda. Hamkasbimning dugonasi mamlakatni tark etdi, u ham qidiruvda. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi narsalarni yozib turardim, lekin onam va Nikolay hammasini o‘chirishga majbur qildi. Qonun qabul qilinishidan avval o‘chirib tashladim. Chet elga chiqish pasporti yo‘qligi hamma narsani murakkablashtirib yubordi. Uni bir amallab qo‘lga kiritish umididaman. Buning uchun mamlakatga qaytib borishdan qo‘rqaman, ko‘ramiz, nima bo‘larkan. Variantlar orasida Isroil ham bor, chunki ota-onam allaqachon u yerning fuqaroligini olgan.
Men mebellar bilan shug‘ullanardim va interyer dizayniga qiziqardim, endi esa Rossiyada buning hech kimga keragi bo‘lmay qoldi. Aktivist emasman, o‘z hayotim uchun qayg‘uraman, bundan uyalaman, lekin o‘z hayotim bilan yashashga harakat qilyapman.
Nikolay:
“Exo” yopilgani men uchun zarba bo‘ldi, shundan keyin hamma narsani to‘g‘ri qilganimni tushundim. 2021-yilgi referendumdan oldin mendan Rossiyani qanday sharoitda tark etishim mumkinligi haqida so‘rashgan. Men esa “Exo” yopilsa, ketishimni aytgandim. Bir yil o‘tgach, shu savolni bergan qiz menga “Exo” yopilgani haqida yozdi. Men esa allaqachon ketganimni aytdim.
Artyom:
Men moliya tashkilotida ishlayman, sanksiyalar bizga juda qattiq ta’sir qildi. Ish bilan bog‘liq faoliyatim shusiz ham o‘zgarardi. Lekin urush xabarining o‘zi meni ma’naviy jihatdan sindirdi. Ochig‘i, bunday bema’nilikni umuman kutmagandim. Safarbarlik bilan bog‘liq narsa, erta tongdan harbiy holat e’lon qilinishi mumkinligi, valyuta sotib olishda 30 foiz taqiq qo‘yilishi haqida o‘qidim...
Qamalga olingan qal’a ichida qolishni istamaganim uchun ham ketishga qaror qildim. Bularning barchasi e’lon qilinguniga qadar ham ketish qarori bor edi. Katta ehtimol bilan Isroilga joylashaman, lekin hujjatlar bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi — hozir Isroilda bu xizmatga talab juda katta. Ahvol biroz mo‘tadillashsa, Moskvaga qaytib, narsalarimni, hujjatlarimni yig‘ishtiraman va Isroilga jo‘nayman. Agar hech narsa o‘zgarmasa, unda O‘shdan to‘g‘ri Isroilga ketishga majbur bo‘laman. Ammo qarorim qat’iy.
— Vaziyatni ichkaridan o‘zgartirishga harakat qilish kerak, degan undovga qanday qaraysiz?
Artyom:
Nima ham derdim, mening o‘z hayotim bor!
Nikolay:
Nimanidir o‘zgartirishga bo‘lgan harakating global miqyosda bo‘lmasa ham samarali bo‘lsa, urinib ko‘rishga arziydi. Lekin mitingga chiqsang, qamalasan, hech narsani o‘zgartirolmaysan. Undan ko‘ra, bo‘layotgan hodisalar haqida imkon qadar ko‘proq ruslarni xabardor qilishni afzal ko‘raman.
Bishkek
Yegor (pishloq ishlab chiqaruvchi)Men Arkadiy Novikov uchun butun Rossiya bo‘ylab pishloq sexlarini ochganman, bir yil oldin esa ketganman. Hozir Qirg‘iziston, Bolgariya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda faoliyat yuritaman — hamma yerda meni reklamaga taklif qilishadi. Biznesim metallga asoslangan, lekin ular mendan pishloq ishlab chiqarish va unga qo‘shib sex ham yasab berish haqida so‘raydi. Sexga investitsiya — bu asosan kostryul va hokazolar. Bir yarim hafta oldin Rossiyada 1,5 million turgan narsa hozir 3,5 millionga baholanmoqda. Hozir mendagi shartnomasi tuzilgan to‘rtta buyurtmani vaqtincha to‘xtatib qo‘yishdi, chunki ular bundan foyda ko‘rolmaydi.
Rossiyada bu ish bilan kamida kelasi ikki yil davomida shug‘ullanishdan foyda yo‘q, deb o‘ylayman. Pishloq hozir u yerda ortiqchaligi aniq. Ozmi-ko‘pmi neytral mamlakatlarda pishloq baribir sotiladi va bu yerda endi aqlimni emas, balki mahsulotimni sotaman. Moskvada ishlab chiqarishim bor edi — boshlanganidan sotilgunicha. Endi uni ko‘paytirib, Qozog‘istonda ham shu ishimni davom ettiraman.
Peskov (Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi) hech qanday safarbarlik bo‘lmasligi haqida gapirgani to‘g‘risidagi xabarni o‘qiboq, bir kunning ichida yo‘lga tushdim. Peskov aytgan narsaning ehtimoli darhol oshadi.
Xullas, hammaga xayr. 24-fevraldan beri menda kuchli paranoyya bor. Ular meni tinglayotganday va kuzatayotganday tuyilaveradi, chunki barcha gazetalar va pabliklar bloklangan.
Men 18 yildan beri restoran biznesi bilan shug‘ullanaman va Moskvadagi barcha restoranlar tanishlarimga qarashli. Restoran egalariga qiyin, chunki bunday biznesdan shunchaki voz kechib keta olmaysan. Direktorlar, menejerlar, oshpazlar ish beruvchining pullari hisobiga yashaydi va hech nimadan xavotirlanmaydi. Ularga nimanidir tushuntirmoqchi bo‘lsang, shunday deydi: “Qara, hammasi yaxshi, deyishyapti-ku. Amerika hujum qilganda nima bo‘lardi”. Ular nimadir qilishdan ko‘ra, o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotga ishonib qo‘ya qolishni ma’qul ko‘radi. Chakana savdo to‘xtab qolgani ham ularni bezovta qilmaydi. Hamma shokda, ular esa oxirgi daqiqagacha ishonmaydi.
Safarbarlik e’lon qilinmaydigan taqdirda ham qaytishdan ma’ni yo‘q. Restoranlar yopilyapti, chunki narxlarni ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. 600 rubllik salat 1000 rublga ko‘tariladi. Keyin uni kim sotib oladi? Ayniqsa, sushi restoranlari zarar ko‘radi, chunki losos va barcha asosiy mahsulotlar Yaponiyadan dollar hisobida yetkazib beriladi. Ular sushiga yo tovonbaliq va sazan ishlata boshlaydi yo restoranni yopadi.
Men esa o‘z hunarim bilan dunyoning istalgan yerida pul topishim mumkin. Kelib, kostryullar sotib oldim. Ularni oshxonaga qo‘yib, pishloq tayyorladim. Odamlarga buratta va motsarellani tatib ko‘rishni taklif qildim. Bu, ayniqsa, odamlar bunday narsa haqida endi-endi bilayotgan uchinchi dunyo mamlakatlarida yaxshi ish beradi. Qirg‘izistonda faqat ikkita restoran pishloq tayyorlaydi va odamlar bu haqida endi bilyapti. Shunday qilib, men bozorga raqobatsiz kirib boraman.
Izoh (0)