“Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi O‘zA.
Unga ko‘ra, xodimning pensiya yoshiga to‘lgani munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifga rozilik berilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda tegishli idoralarga ikki oy muddatda mazkur taqiq bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.
Shuningdek, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar “Nuroniy” elektron platformasini budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining pensiya va nafaqa oluvchilarning elektron ma’lumotlar bazasi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi bilan integratsiya qilish choralarini ko‘radi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 39 ming 2 nafarga yetgan. Shundan 3 million 588 ming 4 nafari pensiya, 450,8 ming nafari nafaqa oluvchilar hisoblanadi.
Izoh (0)