Shavkat Mirziyoyevning 3-mart kuni Pokiston poytaxti Islomobodga tashrifi chog‘idagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Imron Xon O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasida strategik sheriklikning kelgusi qadamlari to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan. Shuningdek, hukumatlar va idoralar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo‘l sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o‘rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolangan.
Bundan tashqari, tashrif arafasida o‘tgan biznes forumda 800 million dollarlik qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 3–4-mart kunlari Pokistonga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Keyinroq davlat rahbari Pokistonga jo‘nab ketgani va yetib borgani haqida xabar berildi.
Izoh (0)