Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni davlat tashrifi bilan Pokistonga keldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mamlakat poytaxti Islomobod shahridagi aeroportda davlat rahbarini Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon kutib olgan. Oliy darajadagi muzokaralar 3-mart kunining o‘zida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar natijasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya va qator hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev tashrifning ikkinchi kuni Pokiston prezidenti Orif Alviy, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 3–4-mart kunlari Pokistonga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Keyinroq davlat rahbari Pokistonga jo‘nab ketgani haqida ham xabar berildi.