Pokiston bosh vazirining qarorgohida 3-mart kuni Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon faxriy qorovul oldidan o‘tib, shohsupaga ko‘tarilgan. O‘zbekiston va Pokistonning davlat madhiyalari yangragan.
Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham ishtirok etgan. Shavkat Mirziyoyev xalqlar do‘stligi, hamjihatligi ramzi sifatida qarorgoh bog‘iga ko‘chat ekkan.
Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilarining tor doiradagi muzokarasi boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 3–4-mart kunlari Pokistonga tashrif buyurishi xabar qilingandi. Keyinroq davlat rahbari Pokistonga jo‘nab ketgani va yetib borgani haqida xabar berildi.