Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida akasining nomidagi MChJga bank kreditini o‘tkazib, talon-toroj qilgan bosh hisobchi aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan “O‘zmilliy bank” AJning Yangiyo‘l filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda Yangiyo‘l filiali bosh hisobchisi J.M. kredit mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida akasi J.ning nomiga “Z.B” MChJni tashkil qilib, 11 nafar fuqaroning nomiga kredit hujjatlarini rasmiylashtirgani aniqlangan. U fuqarolarga ajratilgan 754 million so‘mni dastlab korxona hisob raqamiga va u orqali plastik kartaga o‘tkazib, talon-toroj qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga doir: