Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xonning taklifiga binoan 3-mart kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 2021-yil iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan edi. Bu galgi tashrifda ushbu strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish choralari muhokama qilinadi.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy maslalalar yuzasidan ham fikr almashiladi. Muzokaralar natijasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya va qator hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Pokistonning The Express Tribune nashrining yozishicha, bu Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan buyon ushbu davlatga ilk tashrifi hisoblanadi va u O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda.
Lahore Herald nashrida ta’kidlanishicha, bo‘lajak tashrif ikki qardosh davlatlarni yanada yaqinlashtiradi hamda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalardagi hamkorlik va muvofiqlashtirish borasidagi ishlar yanada mustahkamlanadi.