Butunjahon boks tashkiloti (WBO), Xalqaro boks federatsiyasi (IBF), Butunjahon boks kengashi (WBC), Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) Rossiyadagi janglarni tan olmasligini ma’lum qildi.
“Boks olamidagi to‘rtta tashkilot Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirish uchun birlashmoqda. Dunyo o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilar ekan, tashkilotlarimiz ham Rossiyadagi boks bo‘yicha chempionatlarni tan olmaslikka qaror qildi.
Bundan tashqari, biz Rossiya hududidagi janglarni vaziyatga keyingi baho berilmaguncha tan olmaymiz va tasdiqlamaymiz”, — deyiladi xabarda.
Bayonotni barcha to‘rt tashkilot prezidentlari Fransisko Valkarsel (WBO), Deril Piplz (IBF), Maurisio Suleyman (WBC) va Jilberto Mendosa (WBA) imzolagan.
Avvalroq Ukrainadagi vaziyat fonida Rossiya va Belarus xokkey, basketbol hamda gandbol bo‘yicha xalqaro musobaqalardan chetlatilgandi. Ungacha esa FIFA va UEFA Rossiya futbol terma jamoalari hamda klublariga xalqaro musobaqalarda qatnashishni taqiqlagandi. Bundan tashqari, yana bir qator xalqaro sport tashkilotlari rossiyalik sportchilarga sanksiyalar qo‘lladi va Rossiyada o‘tishi kerak bo‘lgan musobaqalarni mamlakatdan olib qo‘ydi.
Izoh (0)