Jizzax viloyati IIB hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida yashagan X.B. (1999-yilda tug‘ilgan) 2019—2021-yillar mobaynida ishlab pul topish maqsadida xorij davlatlarda bo‘lgan. Bu jarayonda u “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining yollovchilari g‘oyaviy ta’siriga tushib qolib, yashash manziliga qaytib kelganidan so‘ng ularning g‘oyalarini 10 nafardan ortiq tengdoshlari orasida faol targ‘ib qilgan.
Shuningdek, uning Suriyaga borib, xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgani aniqlangan va ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda maktab o‘quvchilari orasida jihod va hijrat g‘oyalarini targ‘ib qilgan shaxslarga sud hukmi o‘qilgani, Toshkentda Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan talaba va ikki nafar maktab o‘quvchisi ushlangani, Farg‘onada 19 yoshli IShID tarafdori qo‘lga olingani, Samarqandda “Jihodchilar”ning 11 nafar virtual a’zosiga hukm o‘qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)