Joriy yil I yarmida mamlakatda xarajatlari daromadlaridan eng ko‘p hudud Farg‘ona viloyati bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan mahalliy byudjetlar tahlilida keltirilgan.

2025-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston mahalliy byudjetlari daromadlari 33,7 trln so‘mni, xarajatlari 48,5 trln so‘mni tashkil etdi. Mazkur davrda respublikaning barcha hududlari byudjetlarida kamomad kuzatilgan.
Toshkent shahrining daromad va xarajatlari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada qayd etildi. Jumladan, poytaxtning yarim yillik tushumlari 6,8 trln so‘m, chiqimlari 7,3 trln so‘m bo‘ldi.
Keyingi o‘rinni Toshkent viloyati band qildi. Hudud byudjetiga olti oyda 3,56 trln so‘m daromad, 3,9 trln so‘m xarajatlar qilindi.
Samarqand va Farg‘ona viloyatlarining yarim yillik tushumlari 2,9 trln so‘mdan (har biriniki) ortdi. Chiqimlarga kelganda Farg‘ona ko‘proq—4,7 trln so‘mdan ortiq, Samarqand esa 4,1 trln so‘m sarflagan.
Hududlar kesimida eng kam daromadni Sirdaryo viloyati topgan—885 mlrd so‘m. Uning xarajatlari esa 1,96 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.
O‘z navbatida daromadlari sezilarli kam hududlar — Jizzax (1,1 trln so‘m) Xorazm (1,6 trln so‘m), Surxondaryo (1,7 trln so‘m), Navoiy (1,7 trln so‘m) viloyatlari bo‘lgan.
Olti oylik raqamlarga ko‘ra, byudjeti taqchilligi eng yirik hudud Farg‘ona viloyati bo‘ldi — 1,8 trln so‘m. Viloyat byudjetiga kamomadni yopish uchun respublika byudjetidan 1,1 trln so‘m transfert mablag‘lari o‘tkazilgan. Bu boshqa hududlarga qaraganda eng ko‘p o‘tkazma hisoblanadi.

Byudjeti taqchilligi nisbatan yuqori hududlar Samarqand (1,6 trln so‘m), Andijon (1,5 trln so‘m), Namangan (1,36 trln so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1,4 trln so‘m) bo‘lgan.
Daromad va xarajatlar o‘rtasidagi eng kam tafovut Navoiy viloyati byudjetida qayd etilgan — 279 mlrd so‘m.
Shuningdek, Toshkent viloyati (365 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (527 mlrd so‘m) byudjet kamomadlari qolgan hududlardagiga nisbatan kamroq bo‘lgan.
Maʼlumot uchun, 2024-yil I yarmida hududlar byudjeti daromadlari 24,7 trln so‘m, xarajatlari 39,7 trln so‘mni tashkil etgan. Olti oyda respublika byudjetidan eng ko‘p transfertlar Andijon viloyatiga (1,1 trln so‘m) o‘tkazilgan. O‘z navbatida Farg‘ona viloyati (1 trln so‘m) va Qoraqalpog‘istonga (1 tln so‘m) ham boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq yordam mablag‘lari ajratilgan.
Izoh (0)