Madridning “Real” klubi vingeri Rodrigo yozgi transfer oynasi vaqtida jamoani tark etmoqchi emas. 24 yoshli braziliyalik futbolchi Kilian Mbappe va Vinisius Junior bilan raqobatlashish oson bo‘lmasligini bilsa-da, hozircha “qirollik klubi”ni tark etish haqida o‘ylamayapti. Bu haqda insayder Fabrisio Romanoga tayanib Euro-Football nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rodrigo “Real Madrid”ning asosiy tarkibidan joy olish uchun kurashishga tayyor. U faqat bitta shart evaziga, ya’ni xaridor klub unga yuqori moliyaviy shartnoma hamda jamoaning asosiy yulduzi maqomini kafolatlab bersa, “Real” safidan ketish haqida o‘ylab ko‘radi.
Hozircha Rodrigoga bu kabi takliflar kelib tushgani yo‘q. Shu bois futbolchi “Santiago Bernabeu”da qolishga va yangi mavsum asosiy tarkib uchun raqobatlashishga qat’iy bel bog‘lagan.
- Ma’lumot uchun, Rodrigo o‘tgan mavsum “Real” safida jami 54 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 14 ta gol va 11 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
- Uning klub bilan shartnomasi 2028-yil yoziga qadar amal qiladi.
- Transfermarkt portali braziliyalik futbolchining qiymatini 90 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)