Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 15-yanvar kuni spirtli ichimlik ichish oqibatida kelib chiqqan janjalda bir kishi pichoqlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 15:30 atrofida Rayhon ko‘chasida yashovchi R.K. (1966-yilda tug‘ilgan) o‘z uyida u bilan vaqtincha ijarada yashovchi tanishi A.V. (1982-yilda tug‘ilgan) bilan spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Bu orada o‘rtalarida janjal kelib chiqqan. Shunda R.K. oshxona pichog‘i bilan A.V.ning o‘ng tomon qorin qismiga bir marta urib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda A.V. olgan tan jarohati bilan shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yetib borib, ko‘zdan kechirish vaqtida qonga o‘xshash dog‘lar hamda bir dona oshxona pichog‘i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, holatga uy egasi R.K. tanishi 40 yoshli A.V.ni kamsitib, uni uyi va yaqinlari yo‘qligi to‘g‘risida aytgan gaplari unga yoqmagani sabab bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. R.K. jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov olib borilmoqda.
Izoh (0)