Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov O‘zbekistonda “omikron” aniqlangani yo‘qligini ma’lum qildi, deb xabar beradi SSV matbuot xizmati.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda dunyo bo‘ylab ushbu mutatsiyaning tarqalish geografiyasi shiddat bilan kengayib borayotgani sabab yangi shtammning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas.
“Biroq bu holatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolg‘on va asossiz axborot tarqatish, aholi orasida ortiqcha vahima ko‘tarish, o‘ylaymanki, hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi”, — deydi Otabekov.
Uning fikricha, “omikron”dan sog‘ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli pastligi inobatga olinsa, O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyor.
“Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi ‘omikron’ boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim.
Qolaversa, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘tarilgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, ya’ni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali COVID-box (aptechka) tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. Bu, o‘z navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, dekabr boshlarida Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosi “omikron” virusini yuqtirib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Koronavirusning “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Britaniyalik olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, deltaga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli “omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda “omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qildi.
Izoh (0)