Turizm va sport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga berilgan uy kaliti qaytarib olingan to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
29-dekabr kuni Polsha poytaxti Varshavada shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionatida o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha jahon chempioniga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi. U O‘zbekiston prezidentining farmoniga asosan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan va unga prezident sovg‘asi sifatida Toshkent shahar Maxtumquli ko‘chasi 91/1 uy manzilidan ikki xonali kvartiraning kalitlari topshirilgan.
“Biroq turli yolg‘on va bo‘hton xabarlar tarqatish orqali o‘z obunachilarini ko‘paytirishga odatlangan blogerlar yana hunarlarini ko‘rsatishmoqda. Jumladan, ular uyalmasdan Nodirbek Abdusattorovga sovg‘a qilingan uy kalitlari qaytarib olindi, degan mazmundagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishmoqda. Eng yomoni, xalqimiz ham shu yolg‘on xabarlarga ishonib qolishayotganida”, — deyiladi munosabatda.
7-yanvar kuni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Davrukov Nodirbek Abdusattorov va uning ota-onasi prezident sovg‘asi bo‘lgan 2 xonali kvartira bilan tanishtirgan.
Ta’kidlanishicha, tez kunlarda qonunchilikda belgilangan rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, ushbu xonadon Nodirbek Abdusattorovga topshiriladi.
Vazirlik matbuot xizmati blogerlarni O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, yolg‘on va bo‘hton xabar tarqatganlik uchun ham o‘rnatilgan tartibda jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov 2017-yilda, 13 yoshida grossmeysterlik unvonini olgan. 2021-yil yanvar holatiga ko‘ra, Abdusattorov shaxmat tarixidagi eng yosh beshinchi grossmeyster bo‘lib turibdi. U 2018-yilda O‘zbekiston terma jamoasi safida Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi va prezident sovg‘asi — Spark avtomobilini qabul qilib olgandi.
Qayd etish kerak, Abdusattorov Magnus Karlsenni mag‘lub etgan o‘zbekistonlik ikkinchi shaxmatchiga aylandi. 2018-yilda 16 yoshli Shamsiddin Vohidov Sankt-Peterburgda norvegiyalik shaxmatchidan ustun kelgandi.
Izoh (0)