Britaniyalik olimlar koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lgani haqida ma’lum qildi. U ko‘p sonli mutatsiyalarga ega bo‘lgani sababli delta (“hindcha”) shtammidan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin, deb yozadi Daily Mail ekspert ma’lumotlariga tayanib.

Foto: Reuters

Yangi shtammning tarqalishiga birinchi bo‘lib e’tibor qaratgan Imperial kolleji virusologi Tom Pekok ushbu variant mutatsiyalarining kombinatsiyasini “dahshatli” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm “qolgan hammasidan”, shu jumladan, delta shtammidan yomonroq bo‘lishi mumkin. U 32 ta mutatsiyani o‘z ichiga oladi, ularning ko‘pchiligi shtammning tarqalishini va vaksinaga chidamliligini oshiradi.

Daily Mail ma’lumotlariga ko‘ra, uning mutatsiyalari qatoriga, masalan, “afrikacha” , “hindcha” (delta) va Nyu-Yorkda topilgan shtammlarning mutatsiyalari kiradi.

Shu bilan birga, olimlarning ta’kidlashicha, ko‘p sonli mutatsiyalar virusning o‘ziga qarshi turib, uni beqaror qilishi va shu bilan uning keng tarqalishining oldini olishi mumkin.

Olimlarning taxminiga ko‘ra, shtamm Afrika davlati Botsvanada paydo bo‘lgan. U bilan kasallanish Janubiy Afrika va Gonkongda ham qayd etilgan. Hozirgacha bunday infeksiyaga chalinish bo‘yicha o‘nta holat ma’lum. Shu bilan birga, ekspertlarning ta’kidlashicha, hozircha ushbu shtammning tez tarqalishini ko‘rsatuvchi belgilar yo‘q.

Olimlarning ta’kidlashicha, mavjud vaksinalarning bu shtammga qarshi kurashishi qiyin bo‘lishi mumkin, chunki ular immunitet tizimini virusning eski versiyasini tanishga o‘rgatadi. London universitet kolleji genetiki, professor Fransua Ballou koronavirusning yangi varianti antitanalarga nisbatan chidamliroq bo‘lishini aytdi. Uning fikricha, ko‘p sonli mutatsiyalar immuniteti zaif bo‘lgan odamda, masalan OITS bilan kasallangan bemorda bu shtamm rivojlanganidan dalolat berishi mumkin.

Sharqiy Angliya universiteti mikrobiologi, professor Devid Livermor ham mutatsiyalarning keng doirasi shtammga mavjud vaksinalar bilan yaxshiroq kurashish imkonini berishi mumkin, deb hisoblaydi, biroq uning ta’kidlashicha “har doim ham shunday bo‘lib qolmaydi”.

Britaniyalik olimlar avvalroq o‘lim darajasi 35 foiz bo‘lgan yangi koronavirus shtammi paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning qo‘shimcha dozalari bilan emlash, shuningdek, koronavirus tarqalishi va chet eldan yangi shtammlarning kirib kelishi xavfini minimallashtirish yo‘li bilan ushbu ssenariyning oldini olish mumkin.