Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Janubiy Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi mamlakatda koronavirusning yangi “omikron” shtammining birinchi holatlarini aniqladi. Bu haqda The Korea Times xabar berdi.

Foto: The Korea Times

Foto: The Korea Times

3-dekabr kuni Janubiy Koreyada “omikron” infeksiyasining dastlabki holatlari tasdiqlangan: Nigeriyadan Inchxonga qaytgan er-xotinda, ularni aeroportdan uyiga yetkazib qo‘ygan o‘zbekistonlik do‘stida va yaqinda Nigeriyadan qaytgan Kyongido provinsiyasidagi 50 yoshli ikki ayolda.

Ta’kidlanishicha, juftlikning o‘g‘lida koronavirus testi natijasi musbat chiqqan bo‘lib, u “omikron” bilan kasallangan. Oilaning o‘zbek do‘stining rafiqasi va qaynonasi, shuningdek, yana bir do‘sti COVID-19 ga topshirgan testi musbat bo‘lib, ammo ularda natijasi hali to‘liq chiqmagan. Biroq ular “omikron” yuqtirib olgan bo‘lish ehtimoli yuqori ekanligi ta’kidlanmoqda.

Er-xotinda musbat natija Nigeriyadan qaytganining ertasi kuni — 25-noyabrda tasdiqlangan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ular aeroportdan uyga koronavirusga gumonlangan fuqarolarni tashishga mo‘ljallangan maxsus taksida qaytdik, deya yolg‘on ma’lumot bergan. Shu sababli sog‘liqni saqlash organlari oila bilan yaqin munosabatda bo‘lgan o‘zbek do‘stini topa olmagan va uning karantinga joylashtirilishini talab qilmagan.

Juftlikda koronavirus aniqlanganini bilgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z xohishiga ko‘ra test topshirgani borgan va unda manfiy javob chiqqan. Biroq ko‘p o‘tmay uning tana harorati ko‘tarilgan va 29-noyabr kuni unda koronavirus aniqlangan.

U aeroportdan er-xotinni olib ketganidan keyin kundalik hayot rejimida yashagan — do‘stlari bilan uchrashgan va ishga borgan. Oila ham reysning boshqa yo‘lovchilari va qo‘shnilari bilan aloqada bo‘lib kelgan. Rasmiylarning fikricha, o‘zbekistonlik erkak va mazkur oila a’zolari 270 ga yaqin odam bilan aloqada bo‘lgan.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 tashxisi qo‘yilganidan bir kun avval u Inchxon shahridagi masjidga tashrif buyurgan. U yerda 400 dan ortiq xorijiy fuqaro yig‘ilgan.

Ma’lumot uchun, koronavirusning ko‘p sonli mutatsiyaga ega yangi “omikron” (B.1.1.529) shtammi birinchi marta noyabr oyida Janubiy Afrikada topilgandi. Jahon  sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, B.1.1.529 virusi organizmdagi protein tarkibiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Amaldagi vaksinalar esa bu kabi o‘zgarishlarga yetarlicha samarador bo‘lmasligi aytilmoqda. Shuningdek, JSSTda mavjud dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazgan kishilarda “omikron” bilan qayta kasallanish xavfi yuqori bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 30-yanvar kuni koronavirusning “britancha” shtammi O‘zbekistonga kirib kelgani ma’lum bo‘lgandi. U 23-yanvar kuni Dubaydan qaytib kelgan 10 yoshli qizchada aniqlangan. SSV esa koronavirusning yangi shtammi aniqlangan qizcha haqida nima uchun 1 haftadan keyin e’lon qilinganiga izoh bergandi. 17-aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonga koronavirusning “afrikacha” shtammi kirib kelgani aytilgandi. Iyun oxirlarida O‘zbekistonda koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Isroil—Misr chegarasidagi otishma, qabrlarga qadalgan bayroqlar, Rally Muynak’da yonib ketgan avtomobil — hafta suratlari
Dunyo
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on parlamentda qasamyod qilib, Turkiya prezidenti lavozimiga kirishdi
Dunyo
Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner”chilarning Baxmutdan chiqish yo‘lini minalab tashlaganini aytdi