Xitoy hukumati 1,2 million aholiga ega Yuchjou shahrini lokdaunga yopdi, u yerda 3 kishida koronavirus aniqlangan, deb yozadi Reuters.
Pekindan 700 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Yuchjou shahri aholisiga shahardan tashqariga chiqmaslik buyurilgan. Shaharning turli qismlarida o‘rnatilgan qoidalar bir-biridan farq qiladi: ba’zi hududlar odamlarga kirishga ruxsat beradi, lekin chiqish taqiqlanadi, boshqalarida esa ikkalasiga ham ruxsat berilmaydi.
Yuchjouda jamoat transporti ham to‘xtatilgan, faqat favqulodda yordam mashinalari harakatlanishi mumkin. Barcha do‘konlar, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari yopiq. Ma’lum qilinishicha, “kundalik ehtiyoj uchun mahsulotlar yetkazib berilishini kafolatlaydigan” korxonalargina faoliyatini davom ettirishi mumkin.
“Virus manbasi hozircha noma’lum, kasallanishlar soni ham noaniq. Shahrimizda viruslarni nazorat qilish va oldini olish bilan bog‘liq vaziyat juda murakkab”, — deyiladi Yuchjou ustidan yurisdiksiyaga ega bo‘lgan Syuchan shahri hokimiyatining bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, butun Xitoyda fevral oyida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlari oldidan virusga nisbatan “nol bardoshlik” strategiyasi amal qilmoqda. Agar biror shaharda virusga chalingan kishilar qayd etilsa, u yerda darhol qat’iy karantin joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Yuchjou mamlakatdagi lokdaun e’lon qilingan ikkinchi shahar bo‘lib, dastlab 13 million aholiga ega Sian shahri lokdaunga yopilgandi.
Noyabr oyida Xitoyda koronavirus tarqalishining yangi o‘sishi qayd etilgandi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon Xitoyda 115 701 kishida koronavirus aniqlangan, 4849 kishi vafot etgan.
Izoh (0)