Eronda shiddatli yomg‘irlar yirik suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Tabiiy ofat kamida sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deb yozmoqda The Watchers nashri.
“Hozirgacha sakkiz kishi halok bo‘ldi, ikki kishi bedarak yo‘qolgan”, — degan Eron milliy qutqaruv xizmati vakili Mojtaba Xolidiy.
Qayd etilishicha, yog‘ingarchiliklar qishloq xo‘jaligiga, infratuzilmaga zarar yetkazgan, shahar va qishloqlardagi uylarni suv bosgan. Xolidiyning qo‘shimcha qilishicha, 500 dan ortiq qutqaruv guruhi jabrlangan hududlardagi odamlarga yordam bermoqda.
Eron Qizil yarim oy jamiyati uch mingdan ortiq odamni shoshilinch boshpana bilan ta’minlagan, 20 mingdan ortiq kishi shoshilinch yordam olgan. Yomg‘ir shu hafta oxirigacha davom etishi kutilmoqda.
Kuchli yomg‘ir Ummon, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Pokiston va Afg‘onistonga ham ta’sir ko‘rsatgan. Misol uchun, Ummon poytaxti Maskatda bir necha soat ichida 110 mm yomg‘ir yog‘gan, bu ikki oylik yog‘ingarchilik darajasiga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)