Rossiyaning Novosibirsk shahrida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan 8 nafar o‘zbekistonlik yurtga qaytarildi.

Qayd etilishicha, mazkur insonparvarlik ko‘magi 30-iyuldan 30-avgustgacha eʼlon qilingan “Vatanga qaytarish” tadbiri doirasida O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirildi.
Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida yurtdoshlar uchun aviachiptalar xarid qilindi. Ular joriy yilning 20-avgust kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Novosibirsk—Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.
O‘zbekistonda joriy yil 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi amalga oshirilmoqda. Aksiya doirasida Saudiya Arabistonida oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan edi.
“Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasidan chet ellarda og‘ir sharoitda qolgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish maqsad qilingan. Rejaga asosan, avvalo Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Koreyadagi deportatsiya markazlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalar vatanga qaytariladi.
Xorijda og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fuqarolar konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalari xulosasi asosida O‘zbekistonga olib kelinadi. Vatanga qaytarilgan fuqarolarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Ular davlat tomonidan taqdim etilayotgan maqsadli subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq transport xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Izoh (0)