2021-yilda dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan moliyaviy jihatdan eng e’tiborga molik o‘nta tabiiy ofat jami 170 milliard dollardan ortiq zarar keltirdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 20 milliard dollarga ko‘p. Umumiy zarar miqdorining qariyb 13 foizga o‘sishi antropogen (insonlar ta’sirida) iqlim o‘zgarishi oqibatlarini aks ettiradi, deya xabar berdi Deutsche Welle Britaniyaning Christian Aid gumanitar tashkilotiga tayanib.

Foto: Getty Images

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi oxirida AQShning sharqiy hududiga urilib, Nyu-York hududida kuchli suv toshqiniga sabab bo‘lgan “Ida” to‘foni 2021-yilda eng katta moliyaviy ta’sir ko‘rsatgan tabiiy ofat bo‘ldi. Christian Aid unda yetkazilgan zararni 65 milliard dollarga baholamoqda.

Ikkinchi o‘rinda – iyul oyida Germaniya va Belgiyada yuz bergan suv toshqinlari, ularda jami 43 milliard dollar zarar yetkazilgan. Ro‘yxatga AQShning Texas shtatidagi keskin sovuq va Xitoyning Xenan provinsiyasidagi suv toshqini ham kiritilgan.

Tashkilot bu ro‘yxatga, asosan, boy mamlakatlarda sodir bo‘lgan tabiiy ofatlar kiritilganini tan oldi. Hisobotda aytilishicha, qashshoqroq mamlakatlarda infratuzilma sug‘urtalanmagani sababli tabiiy ofatlardan ko‘rilgan moliyaviy zararni hisoblash ko‘pincha qiyinchilik tug‘diradi.

Dekabr oyi o‘rtalarida Shveysariyaning Swiss Re qayta sug‘urta konserni 2021-yilda tabiiy ofatlardan ko‘rilgan global yo‘qotishlarni 250 milliard dollarga baholagandi, deya eslatadi AFP. Unga ko‘ra, 2020-yilga solishtirganda yo‘qotishlar qariyb chorak (24 foiz)ga oshgan.