Toshkent viloyati hokimligi xizmat mashinalari uchun Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini sotib olgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat hokimligi buni tasdiqlab, 26-avgustda Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishi qabul qilinganini ma’lum qildi.
“Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi va ‘Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida’gi qonunining 6, 25-moddalariga asosan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi ‘Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi 258-son qaroriga muvofiq, viloyat mahalliy budjetining 2021-yil II chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat hokimligi tomonidan bir dona Chevrolet Malibu hamda Tracker rusumli xizmat avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 610 million so‘m ajratildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining 2021-yil 26-avgustda tegishli farmoyishi qabul qilingan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda Toshkent viloyati hokimligi uchun Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida 18 ta xizmat avtotransporti ajratilgan. Viloyat nisbatan katta va uning salmoqli qismi tog‘li hududlardan iborat bo‘lgani uchun mavjud avtotransport vositalarining 5 tasi muddatidan oldin texnik nosoz holga kelgan. Ularning xizmatga yaroqsizligi bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat hokimi o‘rinbosarlarining ish faoliyati samaradorligini oshirish, bevosita hududlarga chiqish bilan bog‘liq ishlarni unumli tashkillashtirish maqsadida 369 million so‘mlik 1 dona Chevrolet Malibu hamda 232 million so‘mlik 1 dona Tracker xarid qilish bo‘yicha 6-sentabr kuni tegishli shartnomalar imzolangan”, — deya yakunlangan viloyat hokimligi xabari.
Izoh (0)