Toshkent viloyati hokimligi xizmat mashinalari uchun Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini sotib oldi. “Gazeta.uz”ning viloyat hokimi Davron Hidoyatovning 26-avgustdagi qaroridan kelib chiqib yozishicha, xarid mahalliy budjet daromadlarining ikkinchi chorak uchun oshirib bajarilgan qismi hisobidan amalga oshirilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, Davron Hidoyatov “hokim o‘rinbosarlari faoliyatini samarali amalga oshirish va hududlarda tegishli ishlarni tashkil etish uchun” hokim o‘rinbosarlariga ikkita xizmat mashinasini sotib olish uchun 610 million so‘m ajratdi.

Davlat xaridlari portali ma’lumotlarida keltirilishicha, 369 million so'mlik Malibu-2 (LTZ) va 232 million so‘mlik Tracker-2 AT sotib olish bo‘yicha shartnomalar 6-sentabrda imzolangan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi 29-aprel kuni davlat xizmatchilarining xizmat avtomobillari narxining cheklangan miqdori va yillik harakatlanish limitini nazarda tutuvchi qarorni imzolagan. Unga ko‘ra, hokimlar o‘rinbosarlari uchun avtomobilning narxi BHMning 2000 baravaridan, (540 million so‘m, 1-sentabrdan buyon BHM 270 ming so‘mni tashkil etadi) dvigateli quvvati 4000 kub santimetrdan oshmasligi kerak. Ularning o‘rinbosarlari uchun esa BHMning 1500 baravaridan (405 million so‘m), dvigateli quvvati esa 2500 kub santimetrdan oshmasligi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil noyabr oyi boshida Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 million so‘mga Trailblazer, shuningdek, pandemiya davrida Uchqo‘rg‘on, Pop, Qo‘shrabot va Narpay tumanlari hokimliklari ham Trailblazer sotib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Denov tumani hokimligi esa karantin kuchaytirilgan paytda — 2020-yilning iyulida 398 million so‘mga Trailblazer LTZ-AT, Namangan viloyati hokimligi ham iyulda budjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 579 million so‘mga Toyota LC200 avtomobilini hamda sentabr oyida qariyb 400 million so‘mga Trailblazer LTZ-AT rusumli avtomobil xarid qilgan.

Bundan tashqari, Mirzacho‘l tumani hokimligi 370 million so‘mga Trailblazer, Qashqadaryo viloyati hokimligi hokim o‘rinbosariga 349 million so‘mga Equinox, hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisigayordamchisi hamda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga 621 million so‘mga 3 ta Tracker xizmat mashinalari sotib olgan.