Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida ko‘p miqdordagi marixuana giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori—2021” tadbiri davomida olingan tezkor ma’lumot asosida 1975-yilda tug‘ilgan S.J. rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligi tokzorlari ko‘zdan kechirilgan.
Ko‘zdan kechirish davomida ushbu fermerning tokzorlari orasida bir dona polimer qop va bir dona polietilen paketda viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof vazni 3 kilogramm 480 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi marixuana giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan S.J. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Buxoroda xonadonini bangixonaga aylantirgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, DXX Buxoro, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxsni qo‘lga olgandi.
Izoh (0)