Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasida yuqori tezlikda harakatlanib kelgan “Jiguli” beton to‘siqdan “sakrab o‘tib”, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia’ga urildi. Bu haqda “Daryo”ga Qarshi shahar YHXB inspektori Ahror Usmonov xabar berdi.
Ahror Usmonovning ma’lumot berishicha, YTH 2021-yilning 1-iyun kuni soat 12:37 da sodir bo‘lgan.Ta’kidlanishicha, Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasi Artel savdo majmuasi ro‘parasida haydovchi Yu.A. boshqaruvidagi davlat raqami 70 L 713 PA bo‘lgan “BAZ—2107” yuqori tezlikda harakatlanib kelib, boshqaruvni yo‘qotgan. Shundan so‘ng avtomashina yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘ldan harakatlanib kelayotgan haydovchi M.A. boshqaruvidagi Nexia’ga urilib, YTH sodir bo‘lgan.
Oqibatda “Jiguli” haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Qarshi filialiga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan haydovchi vafot etgan. Nexia haydovchisi esa yengil tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Avvalroq Buxoroda Nexia va Lacetti to‘qnashishi oqibatida bir nafar yo‘lovchi vafot etgani, Surxondaryoda tezlikni me’yordan oshirgan Spark haydovchisi piyodani urib yuborib, jabrlanuvchi vafot etgani xabar qilingan edi.
Izoh (0)