O‘zbekiston Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda turli so‘rovnomalar, tanlovlar, aksiyalar, o‘yinlar, ulkan meros qoldirish, qoldirayotgan merosini rasmiylashtirish, tez boyib ketish to‘g‘risidagi SPAM-xabarlar va shunga o‘xshash boshqa feyk axborotlar orqali fuqarolarning shaxsiga doir ma’lumotlarini (ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjati, elektron pochta va sahifasi, ID-kartasi va to‘lov kartochkalari (paroli, pin-kodi), hisob raqamlari va boshqa to‘lov manbalari) firibgarlik yo‘li bilan o‘g‘irlash holatlari kundan kunga ko‘payib bormoqda.
“Ijtimoiy tarmoqdan olgan yolg‘on xabarga ishonib, boyish, mol-mulk egasi yoki merosxo‘r bo‘lish va katta mablag‘ egasiga aylanish niyatida O‘zbekiston fuqarolari firibgarlarga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini taqdim qilish oqibatida jinoyat ishlariga sherik bo‘lib qolishi yoki firibgarlik qurboniga aylanishi mumkin”, — deyiladi ogohlantirishda.
Shuningdek, xabarda shaxsga doir ma’lumotlarni davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan ijtimoiy tarmoqlar va internet tarmog‘ida e’lon qilmaslik tavsiya etilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni noqonuniy tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi mumkinligi hamda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakatda saqlash majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)