Uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiyaga migratsiya, asosan, erkaklar hisobiga bo‘lgan. Ammo so‘nggi yillarda ayollar ham ishlashga kela boshladi. Ularning muammolari ham ayollarga xos: “vaqtinchalik” erlar, rejalashtirilmagan homiladorlik va uning natijasida istalmagan bolalar. Bunga qo‘shimcha ravishda Rossiyaning shafqatsiz qonunlari va undagi hayot tarzini tushunmaslik qo‘shiladi.
27 yoshli Zarnigor Omonillayeva O‘zbekistondan Moskvaga o‘qish uchun borgan. Ammo advokat va huquq himoyachisi bo‘lib, butunlay o‘sha yerda qoldi. Zarnigor “Glasnoy” nashriga migrantlar, ayniqsa, ayol migrantlarning muammolari, “parda ortidagi hayot” va muloqotdagi rus tilini bilish bilan bog‘liq bo‘lmagan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.
Tillo dunyoqarashli qiz
Rossiyada ismim kamdan kam to‘g‘ri talaffuz qilinadi: Zarginor, Zaringor — meni qanaqa chaqirishmagan. Zarnigor qadimgi turk tilidan “oltin soch”, forschadan “oltin qarash” deb tarjima qilinadi. Men Buyuk ipak yo‘li o‘tgan Farg‘ona shahrida tug‘ilganman. U ham qadimiy, ham zamonaviy shahar — osmono‘par binolar soni bo‘yicha emas, turli millat vakillari borligi jihatidan.
Onam dindor va boy savdogarlar oilasidan bo‘lgan. Ular quloq qilinib, Sibirga surgun qilingan. O‘zbekistonga faqat buvim qaytib kelgan — u payt yosh bola bo‘lgan va Sibirda oilasidan ayirishgan. Kelganlaridan so‘ng ko‘p o‘tmay unga uylanishdan qo‘rqmagan bobomga turmushga chiqqan, chunki bobomning o‘zi ham quloq qilingan oiladan edi. Buvim bobomdan o‘n nafar farzandni dunyoga keltirdi.
Onam to‘qimachilik sanoati sohasida o‘qigan bo‘lib, keyinchalik Farg‘ona to‘qimachilik kombinatida katta rahbar bo‘lgan. Ammo uning taqdiri juda og‘ir kechgan — ko‘pincha o‘ylab qolaman, taqdir sinovlari oldida taslim bo‘lmaslik uchun insonda qancha iroda bo‘lishi kerak? Onam maktabni bitiriboq turmushga chiqqan birinchi eri vafot etgan (ushbu nikohdan akam va singlim tug‘ilgan, ular mendan ancha katta). O‘zimning otam esa unchalik yaxshi ota bo‘lmagan. Onamning ishonchidan foydalanib, qarzlarini onamning hisobidan to‘lab yurgan. Oqibatda u bilan yashagan uch yil ichida onam qashshoqlashib ketgan. Xayriyatki, kvartirasi qolgan. Odatda O‘zbekistonda odamlar xususiy uylarda yashaydi, men esa kvartirada katta bo‘ldim. Onam hali ham o‘sha kvartirada yashaydi. Men ularning orzusini ro‘yobga chiqarishni — onamga hovli sovg‘a qilishni juda xohlayman.
“Qizing ruslashib ketadi”
Men rusiyzabon mahallada katta bo‘ldim, rusiyzabon bog‘chaga bordim, ammo onam mamlakatda o‘zbek tilini mustahkamlash tendensiyasini ko‘rib, meni bundan keyin ham shunday rivojlanishda davom eta olmaydi, degan qarorga keldi va o‘zbek maktabiga berdi. Bunday qarorga kelishining ikkinchi sababi ularga doimiy ravishda: “U o‘zbek tilini bilmaydi, hozir ruslashib ketadi va nazoratdan chiqadi”, deb ta’kidlab kelishlari bo‘ldi. Shunday qilib, bunda jamoatchilik fikri ham o‘z rolini o‘ynadi.
Maktabda a’lochi edim, olimpiadalarda qatnashardim. Onam ingliz tili bo‘yicha repetitor, tikuvchilik kurslari — men xohlagan barcha narsalar uchun pul to‘lardi. Opam butunlay boshqacha katta bo‘lgan, onam uni ko‘proq uy yumushlarini bajarishga undagan. Ammo onam o‘z shaxsiy tajribasidan kelib chiqib, baxt faqat turmush qurishda emasligini angladi va menga o‘qishim kerakligini aytdi. Uy yumushlaridan hech narsa qilmasdim, palov pishirishni turmushimning uchinchi yili o‘rganganman. Bundan juda uyalganman!
Birinchi Prezident Islom Karimov davrida biz to‘qqiz yil maktabda, agar OTMga kirishni rejalashtirsangiz yana uch yil litseyda yoki kasb-hunar o‘rganish uchun kollejda o‘qir edik. Endi nega yuristlik kasbini tanlaganligimni so‘zlab beraman.
Maktabni tugatishimdan oldin, 2010-yilda onam bilan notarial idoraga bordik. Pollari yaltirab turgan kutish xonasida kalta oq mo‘ynali kiyimdagi qiz o‘tirardi. U nimalarnidir yozar, qo‘llarida uzuklar yarqirardi. Bu qiz yo‘q joydan shunchaki qog‘ozga yozib, uni notariusga olib borgani uchun pul olardi — qoida shundayki, siz rasman notariusga va norasmiy ravishda shu qizga pul to‘laysiz. Shu payt onam: “Qanday toza ish, shunday qilib kuniga mo‘maygina pul topadi”, dedi. Mening ham shunday ishda ishlagim keldi.
Ammo litseyda yuridik fakultetiga o‘qishga kirish uchun asosiy fan bo‘lgan tarixdan ancha sust edim. Shu sababli jurnalist bo‘lishga qaror qildim. Maktabning so‘nggi sinflaridayoq jurnalistika yo‘nalishi bo‘lgan yoshlar tashabbuslari markazining treninglarida qatnashganman. Shunday qilib, mahalliy gazetalar uchun maqola yozishni boshladim. Prezidentning qizi Gulnora Karimova ishtirokida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tar, unga chet ellik mutaxassislarni taklif qilardi. Biz Toshkentdagi tadbirlarga borardik, shuning uchun men g‘oyat talabgir jurnalist edim.
Litseyda o‘qiyotganimda o‘z biznesimni ochish istagi paydo bo‘ldi. Bu qarorga treninglarimiz ham turtki bo‘ldi, biznes rejam esa yosh tadbirkorlar tanlovida g‘olib bo‘ldi. Uning mohiyati atlas va shtapeldan milliy naqshli liboslar tikishdan iborat edi. Men yangicha andoza o‘ylab topdim, ko‘ylaklar odatdagidan qimmatroq ko‘rinar, ammo narxi uch baravar arzon edi. Sovrin imtiyozli shartlardagi kredit edi: men YTTni ochishim, pulimning bir million so‘mini (kredit miqdorining o‘ndan bir qismi) hisob varag‘iga kiritib, qolgan qismini imtiyozli foizlar bilan olishim kerak edi. Bir million so‘m — o‘sha paytda, taxminan, 330 dollar pulni akamdan qarzga oldim.
O‘sha paytlarda Toshkentdagi oliygohga kirish uchun imtihon topshirayotgan edim. Tadbirkorlik tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan kuni o‘qishga kira olmaganimni bildim — ball yetmagandi.
Birinchi kanaldagi Moskva
Imtihondan o‘ta olishimga ishonardim va taqdirga tan bergim kelmadi. Tasavvur qiling: siz omadli qizsiz, sizni doim televizorda ko‘rsatishadi va kutilmaganda universitetga kira olmadingiz, keyingi qabulgacha bir yil kutish kerak. Taqdirlash marosimiga bormadim, ikki kun yig‘ladim. Va shu ikki kun ichida Rossiyaga ketishga qaror qildim. Eng qiyini, onamni ko‘ndirish edi. Men unga rejamni aytdim: bir yilni bekorga o‘tkazishni xohlamayman, shuning uchun Rossiyada o‘qishga kirib, bir yil o‘qib, o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chiraman. Moskva oliygohiga kirish unchalik qiyin emasligini Moskvada o‘qiyotgan dugonam aytgandi. Onam qarindoshimiznikida yashash sharti bilan menga ruxsat berdi. Keyinchalik Korolyovda yashash qanday ekanligini bilib oldim.
Chiptani ko‘ylak tikishga sarflashni rejalashtirib, akamdan qarzga olingan pulga sotib oldim, onam yana yuz dollar qo‘shdi.
2013-yil sentabrida men “Domodedovo”ga uchib keldim, u yerda meni dugonam kutib oldi.
Mening birinchi taassurotim — katta aeroport va qovog‘i solingan bojxonachilar bo‘ldi. Men tabassum qilar, salomlashardim, lekin darcha ortidagi xo‘mraygan kishi hech pinagini buzmasdi.
Biz Moskva halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab ketardik va men esa “Osmono‘par binolar qani, men ‘Birinchi kanal’da ko‘rgan Moskva qani?” deb o‘ylardim. Dugonam men bilan Korolyovda qoldi, ertasi kuni esa meni Qizil maydon bo‘ylab, Moskva daryosi qirg‘oqlari, “Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi” va albatta “Makdonalds”ga olib bordi. Menga yoqdi, ammo Qizil maydonda men bilan ingliz tilida gaplashgan sayyohlar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, “Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi”da biri avtomat ko‘tarib olgan politsiyachilar kelib, hujjatlarimizni so‘radi. Ro‘yxatdan o‘tganligimni, dugonam talabalik guvohnomasini ko‘rsatdi va yo‘lda davom etdik. Dugonam uni birinchi marta to‘xtatishganiga e’tibor qaratdi, men esa bunga ehtimol qoshlarim sababli bo‘lsa kerakligini aytdim. O‘shanda qoshlarimdan juda uyalardim: u shaklsiz, tabiiy va juda qalin edi. Naq Brejnev hasad qilgan bo‘lardi.
“Kelgindilar bosib ketdi!”
Hujjatlarimni Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN)ga topshirish uchun borib, holldagi ayoldan bir narsa so‘rash uchun yaqinlashgandim, u menga rus tilini bilmaydi deb o‘ylab, jerkib berdi. Men odatda past ovozda gapiraman, bizda ovoz ko‘tarib gaplashilmaydi, ayniqsa, o‘zidan kattalar bilan. “Kelgindilar bosib ketdi, rus tilida gapirishni bilishmaydi-yu, yana bu yerda o‘qishmoqchi!”. U shunday dedi-yu, ketdi, mening esa yuzlarimdan yosh oqardi. RUDNga kira olmadim, chunki kontrakt uchun yetarli miqdordagi mablag‘ni o‘z vaqtida yig‘a olmadik. Boshqa bir nechta oliygohlarda o‘qidim.
Migrantlarga birinchi kundanoq yordam berishni boshladim. Hammasi ruschani yaxshi bilmaydigan xolamdan boshlandi, unga hujjatlarni to‘ldirishda yordam kerak edi. Pasportidan bir narsani ko‘chirib berishni so‘radi, keyin shunday yordamga muhtoj odamlarni olib kela boshladi. Xolam — u kasalga qarovchi bo‘lib ishlardi — o‘qishdan bo‘sh vaqtimda varaqalar tarqatishimni maslahat berdi. Men yaxshi ishda ishlashni xohlashimni aytdim. “Sen qora xalqsan, kim seni unday ishga oladi”, deb javob berdi. Bu yerda gap dikriminatsiyada emas, o‘zini qanday his qilishda: odamlar bu yerga kelgach, muayyan vaqt o‘tib, o‘zlarini ikkinchi darajali odam ekanligiga ishontirishadi va yaxshisi bunga tiqilmaslikni ma’qul ko‘radi.
Men bundan xafa bo‘lardim, buni hazm qila olmasdim. Nima uchun hamma meni “qora” bo‘lmasam ham “qora” ekanligimga ishontirayotganini tushunmasdim. Xolam bilan ko‘p tortishib qola boshladik. U menga sarflagan hamma narsalarni — har bir makaron paketini (migrantlar kvartiralarida hamma alohida-alohida ovqatlanadi) qarz hisobiga yozib qo‘ya boshladi. Bu jahlimni chiqarardi, lekin bunga vaqtinchalik holatday qarardim. Bir yil chidashim kerak, keyin uyga qaytaman, derdim.
Natijada “Smeshniye seni” kabi do‘konga ishga kirdim, bir oy o‘qishni qoldirdim, arang qayta topshirib oldim. Do‘konga kelib, u ochilishidan bir soat oldin, soat yettigacha tozalashga ulgurish uchun ertalab soat oltida uydan chiqardim. U yerda farrosh yollanmasdi, lekin bizga mehnatimiz uchun ham qo‘shimcha haq to‘lanmasdi. Tushlikka 15 daqiqa vaqt berilardi va navbat bilan ovqatlanardik. Va’da qilingan 20 ming o‘rniga 15 ming to‘lashdi, qolgan besh mingiga kiyim-kechak olib ketishim mumkinligini aytishdi. Meni bu yerga ishga joylagan xolamdan rosa jahlim chiqardi: to‘yib uxlamasdim, darslarni qoldirardim, maqsadim sari intilishni to‘xtatdim. Bu meni juda darg‘azab qilardi. Shundan beri bunday do‘konlarga kirib qolsam, har doim ishchi qizlarga qo‘shimcha yuz rubl berishga harakat qilaman.
Ikkinchi darajali bo‘lmagan odam
Shundan so‘ng men o‘zim ish topishga qaror qildim va kadrlar agentligiga murojaat qildim — u yerda esa meni ishlashga olib qolishdi. Maosh ishga qarab edi, o‘sha 20 ming rubl chiqardi, lekin u yer toza, o‘qishga vaqtim, yana dam olish kunlarim ham bor edi. O‘sha payt juda ko‘p o‘qirdim, O‘zbekiston bilan aloqada bo‘lib, oqishimni ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rayotgandim.
Men Rossiyada doim “Sen qorasan-ku, bizdek qoralarni kim ham olardi?”, deb ta’kidlanib keladigan muhitda qolishni xohlamasdim.
Ammo hujjatlar bilan bog‘liq muammolarim yo‘qligi va rus tilida yaxshi gapirganim uchun jiddiy diskriminatsiyaga duch kelmadim.
Keyin boshqa kadrlar agentligiga ishga kirdim. Opam Moskvaga ko‘chib kelgach, u eri bilan ijaraga olgan xonaga ko‘chib o‘tdim. Pochcham sartarosh bo‘lib ishlardi, bo‘sh vaqtlarida sexda sabzavotlar tozalab pul topardi. Opam esa enaga bo‘lib ishlardi va manikyur bo‘yicha mutaxassislikka ham o‘qirdi. Biz ahil yashardik, men erkinlik va qiziqarli ishga ega bo‘ldim.
Kadrlar agentligi yopilgandan so‘ng, men reklama agentligiga ishga o‘tdim, sovuq qo‘ng‘iroqlarda menejer bo‘lib ishladim. O‘zimni Zarina deb tanishtirardim, shunday qilsam mijozlarga osonroq edi. Bir kuni tashqi reklamalarga ixtisoslashgan, plakatlar va bannerlar tayyorlaydigan kompaniya egasi bilan qo‘ng‘iroqlashdim. Men ishlagan joyda nafaqat reklama tayyorlanardi, balki plakatlar qiluvchilar uchun materiallar ham sotardi. U o‘zini Navro‘z deb tanishtirdi va meni u “o‘zbekmikan?” degan savol qiziqtira boshladi. Ikkinchi marta qo‘ng‘iroq qilganimda qayerdanligini so‘radim. U samarqandlik ekan. Men esa farg‘onalikman dedim. Keyin u mening aksentim yo‘qligini, shuning uchun meni o‘zbekistonlik ekanimni xayolga ham keltirib bo‘lmasligini aytdi. Menda unga nisbatan professional qiziqish bor edi: qanday qilib o‘zining reklama agentligini ochishga erishgani qiziq edi.
Korolyovlik tushkun odamlar
Shu vaqtda opamnikidan ketib, hammasi yosh yigitlar-qizlar bo‘lgan farg‘onalik do‘stlarim yashayotgan kvartiradan xona ijaraga oldim. Qizlardan biri qiz pol yuvib, sartaroshlikka o‘qirdi, yigitlar Moskvaning eng taniqli tungi klubi Soho Rooms’da garderob xizmatchisi bo‘lib ishlardi. Ularning barcha taniqli shaxslar bilan birga tushgan fotosuratlari bor edi. Korolyovlik tushkun odamlar ortda qolganidan xursand edim.
U yerda men doim “sen qora odamsan” degan so‘zga qarshi chiqardim. Buni xolamga va uning qo‘shnilariga tushuntirishga harakat qilardim, lekin ularda doim “biz shundaymiz va bu normal holat” degan xulosaga olib keladigan bahonalari bor edi. Men ularga bunday emasliklari va bu normal holat emasligini aytardim. Masalan, menga pulsiz hujjatlarni rasmiylashtirolmaysan deyishardi. Men buning aksini isbotladim va bunga javoban ular menga rus tilini bilganim uchun bu shunchaki omad, deyishdi. Demak, gap siz qora ekaningizda emas, rus tilini bilmasligingizdami? O‘zbekistondaligimdayoq Rossiya tarixini o‘qiganman, Xo‘sh, Stalin kim bo‘lgan edi? Axir u ham qora bo‘lgan!
Korolyovda bir guruh rus yigitlari savdo markazi yonida to‘planib, migrantlarni aylana qilib qurshab olib, yelkalaridan itarardi. Shuni aniq bilardimki, kvartiradoshlarimiz bo‘lgan uch nafar qo‘shni qirg‘iz yigitlar faqat ruslarga qarata javob berishni o‘rganish uchungina sport klubga kurash mashg‘ulotlariga borardi.
Moskvada bu kabi holatlar kamroq edi. Yigitlar o‘zlarini “qora” deb hisoblamasdi. Burger yeyish uchun savdo markaziga borganimiz esimda. “Soho”dan kelgan yigit: “Nega ular bizga bunday qarashyapti? Afrikalik emasman, sochlarim ham rangli emas, nega ular bizga bunday qarashyapti?”, dedi. Biz birgalikda bo‘lish yaxshi edi, chunki o‘zimizni boshqacha his qilardik. Unda o‘zingiz ishtirok etar ekansiz, bularning barchasi sizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, shuning uchun fikrlashni o‘zgartirish kerak.
“Siz juda go‘zalsiz va menga umr yo‘ldosh bo‘lasiz!”
Navro‘z bilan biz “VKontakte”da do‘stlashdik. Men unga ish yuzasidan uchinchi marta qo‘ng‘iroq qilganimda, bir yo‘la reklama ko‘rgazmasiga tashrif buyurish rejasi bor-yo‘qligini so‘radim. U bormoqchi bo‘lganini, ammo bandligi sabab borolmasligini aytdi va boshqa kun dugonam bilan shahar bo‘ylab aylanib yurganimda uchrashishni taklif qildi. Birinchi uchrashuvdayoq “Salom! Siz juda go‘zalsiz va menga umr yo‘ldosh bo‘lasiz!” dedi. Men o‘zimni e’tibor bermaganga oldim, lekin uning qat’iyati meni rom qildi. Biz uchrasha boshladik.
Navro‘z universitetda o‘qishim uchun shartnomamga yetmagani sababli katta summada qarz berganida u haqda opamga aytdim. U xursand bo‘lib, onamga aytishni so‘radi, chunki men Rossiyadaligimda, ular uyda menga juft qidirishayotgandi. Aytgancha, birinchi marta sovchilar onam oldiga o‘n olti yoshligimda kelishgan. Ammo onam o‘qishim kerakligini aytgan. Endi esa onam kuyovlikka nomzod sifatida ko‘rishni boshlagan odamlar kela boshlagan: biri shifokor, boshqasi hokimiyatda ishlardi, uchinchisi bizning qo‘shnimiz edi — sportchi.
Navro‘zning onasidan tashqari barcha qarindoshlari Rossiyada yashardi, shuning uchun uch oy o‘tgach uning singlisi bilan, u esa mening opacham bilan tanishdi. Keyin esa onam oldiga sovchilar yuborish uchun rozilik so‘radi. Bizda “menga turmushga chiq” deyilmaydi, “uyingga sovchilar yuborishimga rozimisan?”, deb so‘rashadi. Nima qilishni bilmay uch kun o‘ylanib o‘tirdim. U kishi menga yoqardi, lekin orzularim ham yoqardi — axir uyga qaytishni xohlardim-ku, lekin Navro‘z hozircha vataniga qaytmasligini aytdi. Ammo bu vaqtga kelib Toshkentga o‘qishimni ko‘chiradigan bo‘lsam, deb men umid qilib kelgan Yoshlar tashabbusi markazi yopildi (ular talabalarni shartnoma to‘lovlarini qisman qoplab berardi). Rossiyada esa yaxshi ko‘rgan ishim va yoqtirgan insonim bor edi, sevib qolgandim.
Shu tariqa Moskvada qolishga qaror qildim. 2015-yil fevralida uning onasi biznikiga Samarqanddan Farg‘onaga uch marta bordi. Biz 15- va 16- may kunlari ikkita shaharda to‘yimizni o‘tkazdik. Undan bir oy oldin esa Moskva FHDYosida nikohdan o‘tdik.
“Erkaklar o‘zlarini ustun qo‘yadi”
Migrantlarga yordam berishdan to‘xtamadim. Qayerdadir maslahat berib, buning imkoni bo‘lmasa, shaxsan o‘zim ishtirok etib, bir necha bor tarjimon sifatida qatnashdim. Shunday holat bo‘lgandi, migrant qo‘ldan bir narsa sotib olgan, u esa o‘g‘irlangan bo‘lib chiqqandi va biz birga uchastkavoyga, keyin tergovchiga bordik, hammasi ijobiy hal bo‘ldi.
Migrantlarga yordam berish ongli tanlov emasdi, hammasi o‘z-o‘zidan bo‘lardi. Odamlar o‘zlari meni topishardi. “Siz falonchiga yordam bergan ekansiz, men ham shunday holatga tushdim”, deyishardi.
Turmush o‘rtog‘im migrantlarga juda ko‘p yordam berayotganimni payqadi va to‘rtinchi kursda o‘qiyotganimda, u menga diplom ishimga ushbu ixtisoslikni — migratsiya qonunchiligini tanlashni maslahat berdi. O‘sha kundan boshlab men nafaqat maslahat berish yoki hujjatlarni to‘ldirish bilan shug‘ullandim, balki o‘sha odam bilan bilan suhbatlashib, uni bu qarorga kelishiga nima turtki bo‘lganini bilishga harakat qildim. Migratsiyaga akademik qiziqish nuqtayi nazaridan qaray boshladim va uni tadqiq eta boshladim. Bu mukammal amalga oshirish uchun jarayonda bevosita ishtirok etardim. Oradan bir muddat vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘im menga “Musofir.ru” saytini ochib berdi. Migrantlarga telefon orqali tushuntirgan narsalarimni odamlar menga har safar qo‘ng‘iroq qilavermasdan ma’lumot olishlari uchun biror platformada qoldirishni xohlardim. Shu bilan birga “Odnoklassniki”da blog va guruh yuritardim.
Hayotimda Rossiyada turmush qurib, farzandlarini shu davlatda tug‘ganlarga ko‘p duch kelaman. Keyin er vataniga qaytadi, ayol esa bolasi bilan Rossiyada yolg‘iz qoladi.
Bir marta uchastka noziri orqali qirg‘izistonlik shunday bir yigitning manzilini topdim — uchatkavoyda uning pasport nusxasi bor edi va bolali ayolni o‘sha yigitning uyiga jo‘natdim. Yaxshiyamki, yigit yosh, oila qurmagan ekan (erkak oilali bo‘lib chiqqan holatlar ko‘p uchraydi) va ota-onasi ayolni va bolani qabul qilishdi. Men hali ham bu ishimdan faxrlanaman. Mening ayollar va bolalar bilan ishlashim o‘sha voqeadan boshlangan.
Ko‘pincha tibbiy masalalar va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirishda yordam beraman. Usiz migrant ayollardan farzandlarini tortib olishlari mumkin. Faoliyatimda bolalari 7 va hatto 8 yoshgacha hujjatsiz bo‘lgan mijozlarim bo‘lgan! O‘zim tug‘ganimdan keyin muammo nimadaligini tushundim. 2019-yilning ikkinchi yarmiga qadar tug‘ruqxonalarda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilmagan, bu hozir ular qoshida Ko‘p tarmoqli markaz (KTM) bor. Unga qadar chaqaloqning ota-onasi KFMda uni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanishi kerak edi. Migrant ayollar u yergacha yetib borolmasdi.
Shunday holat esimda qolgan. Bir ayolning hujjatlari tekshirilgan unda esa faqat eski, amal qilish muddati o‘tgan O‘zbekiston pasporti bo‘lgan. Olti yoshli bolasining esa hech qanday hujjatlari yo‘q edi. U militsiya bo‘limiga olib ketilib, deportatsiya qilish uchun hujjat rasmiylashtirildi, bola esa haqiqatan onasi ekanligi tasdiqlangunga qadar reabilitatsiya markaziga yuborildi.
Bolasini shu tug‘ruqxonada tug‘ganligini tasdiqlash uchun ayol bilan u yerga bordik. Ammo u yerda bizga yordam berishmadi va biz sudga ariza yozdik. Bolaning tug‘ilganlik va uning onalik faktini tasdiqladik. Endi onani deportatsiya qilishni bekor qilish va bolani sud tartibida qaytarib olish uchun yangi ish ochish kerak edi. Bunga 5 oy vaqtim ketdi, ammo bola onasiga qaytarildi. Chunki bu masala vasiylik bilan sudgacha hal qilindi. Biz uning barcha talablarini bajardik.
Ona bolasini olishi bilanoq yashirinib yurmasligini, vataniga qaytib, unga hujjatlarni rasmiylashtirishga qasam ichgandi, lekin meni aldadi. Bu men onaning taqdirini aniq bilgan uchinchi holat. Bolasi bo‘yicha men yordam berganlarning boshqalari shunchaki yo‘qolib qolardi.
Onalar bolasini qaytarib olgandan so‘ng, odatda ularning keyingi taqdiri bilan qiziqmasligim uchun raqamimni bloklashadi. Lekin bu ayol telefonga javob berdi va u puli yo‘qligi sababli ketolmaganini, farrosh bo‘lib ishlab, 35 ming rubl maosh olayotganini aytdi. Men chipta uchun pul yig‘ib olgunga qadar, uning bolasiga o‘z hisobimdan qarab turishga tayyor ekanligimni aytdim. Ikki oydan so‘ng — bola shu vaqt ichida men bilan birga edi — u kerakli miqdorda pul yig‘ganini aytdi, men bolani qaytarib berdim va u g‘oyib bo‘ldi. Oradan bir oy o‘tgach, men u ayolga qo‘ng‘iroq qildim, u mast holda telefonni ko‘tardi... O‘shanda juda jahlim chiqdi.
Ayollar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning asosiy muammolari tibbiy xizmatlardan foydalanish va bolalarini maktabda o‘qitish imkoniyatidir. Juda ko‘p ayollar ginekologik, yurak, gipertoniya muammolari bilan murojaat qilishadi. Masalan, yuragi sanchiyotgan ayol tez yordam chaqiradi, unga ukol qilishadi va uning ITS (ixtiyoriy tibbiy sug‘urta) xizmat ko‘rsatadigan kasalxonaga yuborishadi. Ammo unda ITS bo‘lsa ham uning tarkibiga kardiologiya xizmatlari kirmaydi. Bunday hollarda men yordam berishga tayyor va xizmatlari arzonroq bo‘lgan o‘zbek, tojik, qirg‘iz shifokorlarimiz raqamini beraman.
Abort ishlarida yordam bermayman — bu e’tiqodimga zid. Ammo odamlarni boshqa masalalar bo‘yicha yuboradigan shifokorlardan bilaman, ularga abort masalasida har kuni kamida o‘nlab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Ba’zan bir ayol qo‘ng‘iroq qilib, yolvorishi mumkin, ba’zida har xil ayollar. Ular asosan yosh qizlar ekanligi — afsona, hatto klimaksdaman deb o‘ylagan 50 yoshli ayollar ham homilador bo‘lib qolishadi. Yoshlar esa, aksincha, internet tufayli kontrasepsiya vositalari haqida ko‘proq xabardor.
Ayollar migratsiyasi — anchayin yangi jarayon. Ilgari bu yerlardagi hamma narsani biladigan erkaklargina ishga kelardi, endi esa ayollar ham kela boshladi. Aksariyati erlari bilan birga keladi. Boshida homiladorlikka qadar ular ishlaydi.
Rossiyaga kelgan o‘zbek ayollarida o‘z hayotlari uchun o‘zlari javobgar ekanliklari hissi hali uyg‘onmagan. Ularning nazdida baxtli ayol — eri bor ayol.
Ular o‘z qismatlarini erkak kishi yonida bo‘lishda ko‘radi, shuning uchun doimo munosabatlarini ustun qo‘yadi va behurmatlik, kamsitish va haqoratlarga chidashga tayyor. Ular erkaklarsiz ham baxtli bo‘lishlari mumkinligini hali anglab yetmagan.
Shu sababli migrant ayol erini tashlab, o‘z vataniga qaytishi holatlari uchramaydi. Aksincha, erkaklar o‘zlari bir-ikki yil birga yashab, hatto bir emas, bir necha bola orttirgan ayolni tashlab ketadi. Chunki erkaklar o‘zlarini hamma narsadan ustun qo‘yadi. Uning o‘z vatanida xotini bo‘lishi yoki tashlab ketib, yoshrog‘iga uylanishi mumkin.
Istalmagan bolalar
Migrant ayollarning uchinchi muammosi va men uchun juda og‘riqli mavzu — ayol istalmagan, ammo tug‘ilgan bolasini biron joyga joylab qo‘yishni xohlashi. Bu albatta, faqat eridan tashqari homiladorlik bo‘lishi shart emas, ba’zan eridan homilador bo‘lish holatlari hamdir. Shunchaki odamlar farzand xohlamaydi, abort qilish uchun esa yoki pul yo‘q, yoki juda kech. Ana shunday hollarda ular bolani boshqaga berishni xohlaydi, odatda evaziga pul so‘rashadi. Hech kim bolasini yaxshi ko‘rmasligini aytmaydi, hamma “uni katta qilish imkoniyatim yo‘q”, “rejalashtirmagandim”, “qarindoshlarim bilmaydi”, “otasi bilan nikohdamasman” deydi. Zo‘rlanganini aytgan qizlar ham bo‘lgan. Menda ro‘yxatdan o‘tgan nikohda bo‘lgan oilalar ham bo‘lgan, lekin ular har doim er uyning zolimi va “bizda shundoq ham ikkita yoki uchta farzand bor, ularni ta’minlay olmayapmiz-u, yana bittasi nimaga kerak”, degan bahonalari bor totalitar oilalar edi. Bunday oilalarning hammasida maishiy zo‘ravonlik eng yuqori cho‘qqida. Men bu ayollarni ko‘karib, momataloq bo‘lib yurganini ko‘rganman.
Bu ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar orqali amalga oshiriladi, lekin milliy tilda. Men har doim ular ustidan shikoyat qilaman. Nechta guruhlarni yoptirib yubordim. Muammomi bu? Agar oyiga o‘nta shunday e’lonlarga duch kelayotgan bo‘lsam, bu muammo deb hisoblayman. Bu o‘nta hayot degani!
Men o‘ndan ortiq onaga bolalarini hal qilishda yordam berdim. Hammasi qonuniy bo‘ldi. Bir qiz bolasini tug‘ruqxonada qoldirishga qaror qilgandi, lekin bolasi Rossiyaning bolalar uyiga tushib qolishi haqida ogohlantirildi. U esa Rossiya bolalar uyi undan-da katta gunohligi, chunki u yerda cho‘chqa go‘shti iste’mol qilinishi, boshqa din va hokazolarni aytdi. Farzandini bolalar uyiga berishga tayyor bo‘lmagan o‘zbek onalarining bitta asosiy talabi — musulmon ayolning bolasi musulmonning oilaga, imkon qadar bizga o‘xshagan o‘zbek oilaga tushishi kerak.
Xullas, ana shu qiz vahima qilib hammaga qo‘ng‘iroq qila boshlagan va yettinchi kishi orqali menga bog‘langan. Bunday odamlarga bosim o‘tkazmaslik va vijdonga chaqirmaslik kerak. Bu mutlaqo befoyda. Bola manfaati uchun “Siz haqsiz, siz hamma narsani to‘g‘ri qilyapsiz, lekin sizga yordam berishga ijozat bering, keling, hech kim sizga hech narsa demasligi uchun bunday qilaylik, hammasi qonuniy asosda bo‘lishi uchun”, — deyishga to‘g‘ri keladi. Siz bularning barchasini onaning nuqtayi nazaridan gapirasiz, garchi o‘sha vaqtda uni yomon ko‘rsangiz ham. U tug‘ruqxonadan chiqishi arfasida, barcha tanishlaringizga qo‘ng‘iroq qilishni boshlaysiz, chunki qachondir kimdir sizga farzand asrab olish niyati borligini aytgan bo‘ladi.
Men bolalarni joylashtirishda yordam bergan oilalar bilan doim aloqadaman, ularning hayotini kuzatib boraman. Men migrantlarning bolalari uchun vasiy kabiman, lekin rostini aytsam, bari bir qoniqish his qilmayman. Bolaning taqdiri shu orqali yaxshiroq bo‘lishini tushunsam ham, menda ichki vahima bor — men xuddi insonlar taqdiriga aralashayotgandekman. Bu yerda psixolog bilan ishlash kerak. Men o‘zim u yoki bu tarzda oilalarga joylashtirgan o‘n nafar bolani bilaman, va ularning barchasi yaxshi ota-onalari bilan bekami-ko‘st sharoitda va bittasidan tashqari (uning tug‘ma nuqsoni bor, reabilitatsiya markaziga boradi) barchasi bolalar bog‘chasiga joylashtirilgan, to‘garaklarga qatnaydi va hokazo.
Rossiyadagi migrantlar bilan sodir bo‘layotgan voqealar xuddi O‘zbekistondagi hayotga aloqasi yo‘qdek. Go‘yo Rossiyada ular parda ortida va hech kim ularni ko‘rmaydi. Odamlar bu yerda vatanidan boshqacha yashaydi, chunki ular u yerda odatlanib qolgan ijtimoiy nazorat yo‘q.
Agar O‘zbekistonda nojo‘ya ish qilsangiz, bundan barcha xabar topadi va siz bundan juda qo‘rqasiz. Ta’na-dashnomlarning yo‘qligi Rossiyadagi migrantlar xatti-harakatlariga katta ta’sir ko‘rsatadi, chunki o‘z mamlakatlarida odamlar davlat nazoratidan ko‘ra ko‘proq jamoatchilik nazoratiga o‘rganib qolgan.
Hozir men shu mavzuni o‘rganyapman, material to‘playapman va himoyachilikdan biroz chekinib ma’rifatchilik ishiga o‘tishni xohlayman. Migrantlar bilan ishlab men doim bir qozonda qaynayapman. Hozir ishlayotgan tadqiqotchilarga yordam berganimda esa, global dunyoga yaqinlashib, tarix uchun biron bir narsa qilaman. Mening izlanishlarim natijasida ayollar uchun axboriy va ta’lim dasturlari paydo bo‘ladi. Keyin auditoriyamni kengaytiraman.
Adaptatsiya qiyinchiliklari
Migrantlarning muammolari ularning rus tilini bilmasliklarida emas, hammasini qonuniy va to‘g‘ri qilishni bilmasliklari bilan bog‘liq. Rossiyada adaptatsiya shartlari juda qiyin. Tizimlar o‘xshashligiga qaramay, Rossiyada va O‘zbekistonda hatto tibbiy yordam olish tartibi, maktab ta’limi va hokazolar ham farq qiladi. Shu bois, odamlar shunchaki qanday holatlarda qayerga murojaat qilishni bilmaydi — buni hech kim ularga tushuntirmaydi ham.
Lokdaun paytida qilmagan ishim qolmadi: kasallanganlarni kvartiralaridan chiqarib yubormasliklarini, ijara to‘lovini kechiktirishni iltimos qildim, ish beruvchilardan kasallangan ishchilarning ish haqlarini undirdim. Ish beruvchi esa o‘zini ularni ishga yollamaganga solib oldi. Takrorlayman, gap rus tilini bilish haqida emas. Til masalasi — qayerga kelganingiz va bu yerda nima olishni xohlayotganingizni bilishingiz, lekin tushuntira olmasligingiz. Bunday holda tarjimon chaqirasiz va u bilan hamma narsani hal qilasiz.
Migrant biron joyga tarjimon bilan kelgani bilan u hech narsani hal qilmaydi, chunki Rossiya jamiyati va davlat mexanizmi qanday ishlashini tushunmaydi, Rossiya tomon esa migrantlar hamjamiyati qanday ishlashini tushunmaydi. Hech kim bir-biri haqida hech narsani bilmaydi.
O‘sha oylarda hatto rus tilini biladigan migrantlar ham tez tibbiy yordam chaqira olmasdi. Chunki shifokorlar boshqa ijarachilarning hujjatini tekshirishi yoki ularning haroratini o‘lchashidan, keyin butun kvartira karantinga olinib, ishli migrantlar pul topish imkoniyatidan mahrum bo‘lishidan qo‘rqardi. Isitmasi ko‘tarilgan migrantlar tez tibbiy yordamni avtobus bekatida kutardi. Odamlarni shifokorlar ularga tegmasligiga ishontira olmasdim. Xuddi shu sabab bilan migrantlar politsiyaga murojaat qilishdan qo‘rqardi: birinchi navbatda nima bo‘lganligini so‘ramasdan, hujjatlarini tekshiradi. Hamma joyda shunday vaziyat.
“Muammo menda emasligini bilaman”
Men ksenofobiyani his qilaman, lekin bu o‘zim hakimdagi fikrimga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi. Men kimligimni va muammo menda emasligini bilaman.
O‘zimning tug‘rug‘im haqida gapirib bersam. Qabul bo‘limiga to‘lg‘oq bilan kelganman. To‘lg‘oq vaqti ginekologik kresloga o‘tirolmaysiz. Shifokor, akusher-ginekolog esa meni rus tilini bilmaydi deb o‘ylab baqirib tashladi. Stressda unga o‘shqirib berdim, u esa: “Eringga baqirasan, qayerdandir kelib olib!” dedi. Men uning hamdardlik ko‘rsatmaganidan xafa bo‘ldim, ammo hech nima qila olmasdim.
Bu nuqtayi nazardan, menga Filippin tajribasi yoqadi, uning konsulligi har qanday mamlakatda yuridik masalalar va fuqarolarning hujjatlari bilan shug‘ullanadi. Bizda esa migrantlarni o‘qitish va kasbga o‘rgatishga harakat qilinadi. Bularning hech biri kerak emas, odam buni o‘zi o‘rganib oladi. Undan ko‘ra shunday qilingki, migrantlar metroda noqonuniy ushlanmasin, ko‘chada politsiya ularning hujjatlarini asossiz tekshirmasin, kasal bo‘lsa, xotini tug‘ish kerak bo‘lsa yoki bolani maktabga joylashtirish kerak bo‘lsa, odam qayerga yordam so‘rab murojaat qilishni bilsin. Eng asosiysi — migrantlar o‘zlari haqli bo‘lgan yordamni olishdan qo‘rqmasin.
Tug‘ayotganimda doula yonimda bo‘lgan, qo‘limdan ushlab turgan. Bir mahal adashib uning qo‘li o‘rniga hamshiraning qo‘lidan ushlab olganman — u darhol qo‘lini tortib olgan. Uning yuzini ko‘rmaganim yaxshi edi: unda shunday jirkanish bor ediki, xuddi men qandaydir bir iflosman. O‘sha paytda o‘zimni juda ojiz his qildim... va avtomatik ravishda kechirim so‘radim, nima uchunligini o‘zim ham bilmayman. Keyin, yig‘lab bo‘lgach, tug‘ruqxonaning veb-saytini ochdim: toping-chi, qabul bo‘limidagi o‘sha shifokor qayerlik edi? O‘zbekistondan ekan, ilgari Toshkentdagi tug‘ruqxonada ishlagan ekan. Menga baqirib berishiga sabab uni shovinist bo‘lgani emas, O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida hech kim ko‘zi yoriyotgan ayollarni ayamasligidir. Ularga ehtiyotkorlik bilan munosabat qilish yo‘q. Uzoq o‘yladim, oxiri uning ustidan shikoyat qilmaslikka qaror qildim.
Ammo ayollar menga tug‘ruqxonalardagi munosabat yuzasidan doimiy ravishda shikoyat qiladi. Menimcha, gap ularning rus millatiga mansubligidamas, balki tug‘ruqxonalarda ular bilan aloqa o‘rnatolmasliklarida. Hech kim xodimlarni chet elliklar bilan ishlash bo‘yicha tushuncha bermaydi. Bu Rossiyada katta muammo.
“Moskva tolerant bo‘ladi”
O‘ranishimdan oldin hech qachon o‘zimga nisbatan bunchalik salbiy qarashlarni sezmagandim. Hech kim meni bosim o‘tkazmadi, 2018-yil avgust oyida o‘g‘lim tug‘ilgach, o‘zim shu qarorga keldim. Hijobga kirgan kunimning ertasiga sudga advokat sifatida bordim. Qo‘riqchilar musulmon madaniyati bilan tanish odamlar shekilli, men bilan xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘ldi. Sudyalar esa bir-biriga qarab jilmayishardi — ehtimol ular birinchi marta hijobdagi advokatni ko‘rishgan bo‘lsa kerak.
Hozir men “vataningga ket” degan jumlani ko‘p eshityapman. Albatta, bunga hazil bilan yondashaman. Meni vataningga ket deyishadi, lekin ular vatanim aynan qayerdaligini ham bilishmaydi. Bu gaplarning hammasini katta yoshdagilar aytadi, yoshlardan bunday gap eshitmayman, ular tolerantroq.
Jamiyat holatini san’at, shou-biznes aks ettiradi. Hozir Rossiya sahnasida kim qo‘shiq aytmoqda? Eng sevimli va talabgir xonandalar — rus millatiga mansub bo‘lmaganlar: Joni, MiyaGi, Elman, Andro, HammAli & Navai, Ganvest, Skriptonit. Maniza umuman “Yevrovideniye”ga boradi! Shu sababli yosh avlod migrantlarga nisbatan tolerantroq munosabatda. Ular uchun bir paytlar jazoirliklar fransuz jamiyati uchun haqiqatga aylangani kabi haqiqatdir.
Ammo qariyalar hali ham SSSRda yashaydi v men ular uchun noaniq, Chechen urushidan qochgan qizdekman. Men bundan xotirjam munosabatdaman, chunki bunga o‘ranishimdan oldin ham duch kelganman. Shunchaki, men ilgari “kelgindi qora churka” edim, lekin endi kamdan-kam qora deyishadi, lekin nega bu yerga kelganimni va nega qishlog‘imga qaytmasligimni so‘rashadi. Doim menga nisbatan e’tirozga aynan nima sababligiga aniqlik kiritib, bilib olishga harakat qilaman. Men uchun bu odamlarning hayolida nimalar kechayotganini yana bir bor tushunish uchun bir imkoniyat xolos.
— Meni qayerga jo‘natyapsiz? — Bir marta ko‘chadagi onaxondan so‘radim, u meni navbatdagi ravishda qayergadir jo‘natgandi.
— O‘sha, tug‘ilgan joyingga.
— Yaxshi, agar men Moskvada tug‘ilgan bo‘lsam-chi?
— Unda ota-onang tug‘ilgan joyga.
— Agar ular ham Moskvada tug‘ilgan bo‘lsa-chi?
— Unda nega bunday o‘ranib olgansan?
— Cherkovga qanday kiyinib borasiz?
Bunga javoban onaxon men uning e’tiqodiga aralashayotganimni aytdi. “Siz-chi, aralashmayapsizmi?” deb so‘radim. Keyin u “Medvedev hammaga pasport berdi”, deb gapirib ketdi va negadir uni koyishga tushdi.
Moskva va butun Rossiya ham tolerant bo‘ladi. Buni to‘xtatishning iloji yo‘q. Migratsiya — tabiiy jarayon, unda qutulib bo‘lmaydi. Birinchidan, Rossiya aholisining kamayishi tufayli. Ikkinchidan, migrantlar oqimini ko‘payishi. Hamma “rus bo'lmaganlar” bu — kimlarningdir bu yerga kelishi, moslashishi va farzand ko‘rishi natijasidir. Fransiyadagi jazoirliklar, futbolchi va qo‘shiqchilar kabi Moskvada migrantlarning ikkinchi avlodi o‘smoqda.
Rossiyaliklarning turmush darajasi pastligi, ish haqi kamligi va ish o‘rinlari yetishmasligida migrantlarni ayblash katta xato.
Agar migrantlar bo‘lmaganida, rossiyaliklar hech qachon arzon taksilar, sifatli yetkazib berish va servis xizmati, ko‘p assortimentli go‘zallik salonlari va toza ko‘chalar bo‘lgan bunday zo‘r sharoitda yashamasdi.
Biz o‘tish davrida yashayapmiz va kelajakda bolalarimizga Rossiya bir paytlar ksenofob bo‘lganini aytib beramiz. Bu tarixiy lahza. Biz Sovet Ittifoqi davrining oxirini ko‘radigan va “kelgindilar” degan dunyoqarashli insonlarni, yangi o‘zgarishlarni ko‘radigan, insonlar boshqa madaniyatni qabul qilib, migratsiya normal holat deb qabul qilishini ko‘radigan yagona avlodmiz.
Menga kelsak, Moskva mening uyimga aylandi. Bu yerda kerakliroqman, bu yerda men o‘z ishimning natijasini muayyan bir inson hayoti misolida ko‘rishim mumkin. Men chorrahadagi tirbandlik nazoratchisiga o‘xshayman — odamlar adashib qolgan, men ularga yo‘l ko‘rsatyapman, ular esa to‘g‘ri yo‘ldan ketishyapti: bu qizga tibbiy yordam ko‘rsatildi, bu bola maktabga bordi, bu kishi firibgarlardan holi bo‘ldi, bu ayol hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirdi.
Men universitetni muvaffaqiyatli tugatdim, logistika sohasida ishlayman, migrantlarga yordam beraman va ilmiy izlanish bilan shug‘ullanyapman. Navro‘z bilan baxtli oilamiz, ikkinchi farzandni kutyapmiz.
Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda Rossiyada 13 milliondan ortiq chet elliklar migratsion ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 5,5 millioni ishlashga kelganligini ko‘rsatgan. Ayollarga kelsak, Qirg‘izistondan 40 foiz, O‘zbekiston va Tojikistondan 20 foizdan kam migrantlar bor. Qirg‘izistondan kelgan ayol migrantlar orasida asosan 30 yoshgacha bo‘lganlar ko‘p, 30—40 yoshlilari biroz kamroq.
O‘zbekiston va Tojikiston ayollari orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar va undan kattaroq yoshlilar ulushi deyarli bir xil. U yerdan asosan turmush qurganlar, beva qolganlar ajrashganlar va keladi. O‘zbekiston va Tojikistonda vatandan uzoqda ijtimoiy nazorat kamayadi, deb hisoblanadi, shuning uchun turmushga chiqmagan qizlarning migratsiyasi har doim ham ma’qullanmaydi. Qirg‘izistonda unga nisbatan oddiyroq qarashadi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi ish haqidagi farq taxminan 4 ming rublni tashkil qiladi. Bu asosan erkaklar og‘ir ishlarda ishlagani va ko‘proq pul topgani bilan bog‘liq. Ayollar maoshi past bo‘lgan umumiy ovqatlanish, savdo, tozalash ishlarida ishlaydi. Umuman olganda, ayollar erkaklarga qaraganda uyga kamroq pul jo‘natadi, ammo daromad foizida erkaklarniki bilan teng ulushda.
Izoh (0)