Fransiya Dori vositalari xavfsizligi bo‘yicha milliy agentligi (ANSM) koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlangandan so‘ng tromboz holati yuzaga kelishi tufayli sakkiz kishi vafot etgani haqida xabar berdi, deb yozadi “Kommersant”.
ANSM veb-saytidagi ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, mamlakatda 8-aprel holatiga ko‘ra, 2,72 milliondan ortiq AstraZeneca vaksinasi qabul qilingan. Fransiyada AstraZeneca preparati bilan koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlanganidan buyon mamlakatda 23 ta tromboz holati qayd etilgan, ulardan 8 tasi o‘limga olib kelgan. Birgina 3-aprel kuni qonda tromb hosil bo‘lishi bo‘yicha 12 ta holat (4 tasi o‘lim bilan tugagan) qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 6-aprel kuni Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) vakili koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlash va qonda tromb kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. Agentlik qon tromblarini AstraZeneca vaksinasining “juda kam uchraydigan” nojo‘ya ta’siri deb tan oldi, ammo vaksinadan foydalanishni davom ettirishga chaqirdi.
JSST ham AstraZeneca vaksinasi bilan emlash va tromb holatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. Biroq tashkilot AstraZeneca vaksinasining samaradorligi uning zararli tomonlaridan ustun deb hisoblamoqda.
Janubiy Koreyada AstraZeneca vaksinasi bilan 60 yoshgacha bo‘lganlarni emlash to‘xtatildi. 14-aprelda Daniya AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni butunlay bekor qilgan birinchi mamlakat bo‘ldi.
17-mart kuni Toshkentga AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozasi olib kelindi. O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1-apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlardan boshlandi. Aholi AstraZeneca va O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanmoqda.
Izoh (0)