Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) vakili koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlash va qonda tromb kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. Bu haqda EMA vakili Marko Kavaleriga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Endilikda AstraZeneca bilan emlashning tromboz keltirib chiqarishini aniq ayta olamiz. Ammo ushbu reaksiyaga nima turtki bo‘layotganini hali bilmaymiz. Xulosa qilib aytganda, yaqin bir necha soat ichida ushbu bog‘liqlik haqida ma’lum qilamiz, ammo bu qanday sodir bo‘lishi bizga ayon emas”, — dedi Kavaleri Italiyaning Il Messaggero gazetasiga bergan intervyusida.

“Nima bo‘layotgani to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lishga, vaksinaning ushbu nojo‘ya ta’siri qanday yuzaga kelayotganini aniqlashga harakat qilyapmiz. Mazkur vaksina bilan emlangan yoshlar orasida miya trombozi bilan kasallanish soni biz kutganimizdan yuqori. Buni tan olishimiz kerak ”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, preparat bilan emlanganlar orasida tromboz va ketma-ket sodir bo‘lgan o‘lim holatlari sababli AstraZeneca vaksinasining obro‘si tushib ketdi. Birinchi bo‘lib Avstriya davlati vaksinadan foydalanishni to‘xtatdi. Keyinchalik Germaniya, Fransiya, ItaliyaIspaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya va Islandiya, shuningdek, Yevropadan tashqaridagi Indoneziya, Kongo va Janubiy Afrika mamlakatlarida mazkur vaksinadan foydalanish to‘xtatilgan.

Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi xavfsiz va samarali deb e’lon qilgach, Yevropa davlatlari ushbu preparat bilan emlashni qayta boshladi. Xususan, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Bolgariya, Portugaliya va Sloveniya, shuningdek, Kanada va Latviyada ham AstraZeneca bilan emlashni qayta boshlashga ruxsat berildi.

Biroq, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Islandiya va Irlandiya hali ham AstraZeneca’ni qo‘llashdan bosh tortmoqda.