AstraZeneca vaksinasi bilan emlash tromblar keltirib chiqarish to‘g‘risidagi xabarlar fonida Janubiy Koreya 60 yoshgacha bo‘lganlarni ushbu preparat bilan emlashni to‘xtatadi. Shuningdek, ta’lim hamda nogironlarni parvarishlash muassasalaridagi xodimlar va tibbiyot xodimlarini emlash keyinga qoldiriladi. Bu haqda Koreya kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi (KDCA)ga tayanib “RIA-Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

“Maxsus va bolalar ta’limi muassasalari ishchilari, maktablardagi sog‘liqni saqlash xodimlari, nogironlarni parvarishlash muassasalari va bolalar bog‘chalari xodimlarini emlash keyinga qoldiriladi. AstraZeneca vaksinasi bilan 60 yoshgacha bo‘lgan odamlarda olib borilayotgan emlash ishlari vaqtincha to‘xtatiladi”, —  deyiladi KDCA bayonotida.

Bayonotda ko‘rsatilgan fuqarolar guruhlarini emlash ishlari shu hafta boshlanishi kerak edi. Avvalroq, aprel oyida ba’zi ta’lim muassasalari xodimlari, xususan, nogiron bolalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun mas’ul bo‘lgan 51 mingga yaqin o‘qituvchilar va bolalar bog‘chalarida yana 13 ming sog‘liqni saqlash xodimi AstraZeneca vaksinasi bilan emlanishi haqida xabar berilgan edi.

6-aprel kuni Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) vakili koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlash va qonda tromb kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqladi. “Endilikda AstraZeneca bilan emlashning tromboz keltirib chiqarishini aniq ayta olamiz. Ammo ushbu reaksiyaga nima turtki bo‘layotganini hali bilmaymiz”, — dedi EMA vakili Marko Kavaleri.

Eslatib o‘tamiz, preparat bilan emlanganlar orasida tromboz va ketma-ket sodir bo‘lgan o‘lim holatlari sababli AstraZeneca vaksinasining obro‘si tushib ketdi. Birinchi bo‘lib Avstriya davlati vaksinadan foydalanishni to‘xtatdi. Keyinchalik Germaniya, Fransiya, ItaliyaIspaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya va Islandiya, shuningdek, Yevropadan tashqaridagi Indoneziya, Kongo va Janubiy Afrika mamlakatlarida mazkur vaksinadan foydalanish to‘xtatilgan.

Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi xavfsiz va samarali deb e’lon qilgach, Yevropa davlatlari ushbu preparat bilan emlashni qayta boshladi. Shuningdek, JSST ham AstraZeneca bilan emlashda davom etishni tavsiya qildi. Xususan, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Bolgariya, Portugaliya va Sloveniya, shuningdek, Kanada va Latviyada ham AstraZeneca bilan emlashni qayta boshlashga ruxsat berildi.

Biroq Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Islandiya va Irlandiya hali ham AstraZeneca’ni qo‘llashdan bosh tortmoqda.