• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12910.15
    • RUB159.78
    • EUR14660.77
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +30°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    Madormi yoki mator? Parkentning mashhur somsasi haqida maxsus reportaj

    Toshkentning osmono‘par binolari-yu, shovqin-suronli, keng va tirband yo‘llarini ortda qoldirib, mashinamiz Parkentga kirib borar ekan, avvalo his qilganimiz, havo borgan sayin tozalashib, nafas olish qandaydir yengillashayotgani bo‘ldi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Keyin lip-lip etib o‘tib, lentadagi kabi almashinib ketayotgan manzaralarga duch kelamiz: tok ochayotgan dehqon, ukalarini yetaklagan qizaloq, qo‘sh eshakli aravadagi bolakaylar, ekin maydoni chetida yozilgan dasturxon atrofidagi 5-6 chog‘liq ayol, balandliklarda o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilar... So‘ng mashinaning ikkala tomonidan ham qir-adirlarga tutashgan keng dalalar boshlanadi. Ro‘baro‘da uzoqdan tovlanib turgan qoyalar fonida yo‘limizdan yakkam-dukkam mashinalar uchrardi. Ana, mavzuga oid detal — tandir ortgan mashina! Madina!

    Oldingi o‘rindiqdagi fotomuxbirimiz aytmasimizdan fikrimizni uqqan edi. “Shaq-shuq...”.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Darvoqe, biz bugun somsa bahonasida yo‘lga chiqqan edik. O‘zbekistonning boshqa hech bir hududida uchramaydigan “Mador” (“mator”) somsa haqida, uning asosiy masallig‘i bo‘lgan o‘simlik borasida ma’lumotlarni o‘rganish va yozishni maqsad qilganmiz.

    Yo‘l-yo‘lakay, avvaliga 2-3 kilometrlik oraliqdagi joylarda “Mador somsa” deb yozilgan taxtalarga ko‘zimiz tushadi.

    “Hali oldinda bunaqa joylar juda ko‘-o‘p. So‘qoq — koni bunday choyxonalarning”. Bu joylarda avval bo‘lganlar tushuntira boshlashadi. Ma’lumotni boshqalari to‘ldiradi: “Har qaysi somsaxonaga bir boshimizni suqib chiqsak ham to‘liq kunimiz yetmaydi”.

    Bahor kechikdi. Mador somsaga ikki haftadan keyin keling!

    So‘qoqqacha chidolmadik. Parkent shaharchasidagi choyxona yonida qo‘shtandir e’tiborimizni tortdi. Tandirlardan biri oqarib bo‘lgan, somsa yopishga tayyor, ikkinchisida olov lovullaydi. O‘rik shoxlari otashi tutuni va savatdagi tayyor somsalar hidi qorishib ketgan. Tandir yonidagi ayol sanoqli xo‘randalarga somsa uzatadi. U bizdan tortinadi, ichkaridan qaynopasini chaqirtiradi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Nodiraxon otalarining choyxonasidan ikki oygina, faqat dam olish kunlarida foydalanishlarini aytadi. “Ishimiz mavsumiy”, deb qo‘yadi u. Suhbatdoshimiz bugungi somsalar mador somsa emas, ismaloq somsa ekanini boshidanoq aytdi.

    — Bu yil bahor kechikdi. Har yili bu paytda, madordan ham somsa yopa boshlardik. Buyog‘i, aprelning o‘n beshlaridan keyin kelsangizlar, mador somsa pishirayotgan bo‘lamiz, — deydi Nodiraxon.

    Nodiraxon.

    Nodiraxon.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Endi suhbatga kelin ham aralashadi.

    — Bir-ikki joyda parnikda yetishtirilgan madordan somsa qilishyapti. Lekin mador o‘ti o‘z nomi bilan mador bo‘lishi kerak. Parnikdagi madorning ta’mi ham, quvvati ham tog‘dagi kabi emas. Masalan, biz 2-3 kun pul ishlaymiz deb mijozlarimizni yo‘qotmoqchi emasmiz, — ta’kidlaydi u.

    Ma’lum bo‘lishicha, issiqxonada yetishtirilgan mador o‘tlari qimmat ham ekan. Bir bog‘i 15 ming emish. “Undan chiqsa, to‘rt yoki beshta somsa chiqar. Un olamiz, ichiga solish uchun yog‘ olamiz, o‘tin kerak, xullas, har bir somsa 6—8 ming so‘mga tushadi. Buning ustiga ta’mi ham asliga o‘xshamasa, mijozlarni yo‘qotamiz-da”, deyishdi suhbatdoshlarimiz. Biz borgan kunda ismaloq somsa 3,5 mingdan 5 ming so‘mgacha sotilayotgan edi. Savdolasha olishga va somsa miqdoriga ko‘ra, kelishuv bo‘ladi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Nodiraxonning aytishicha, somsa yeyish uchun Toshkent shahri va turli tumanlardan asosan shanba va yakshanbada kelishadi. Shu kunlarda 500 ming so‘mgacha daromad topishlari mumkin va bu teng bo‘linadi. “Faqat Navro‘zda uch kun dam olish kuni bo‘lgani uchun bir million topdik”, ochiq gapiradi ayol. O‘z ulushini kelin oilasiga, qaynopa o‘z xonadoniga olib boradi. Mavsum faqat ikki-uch oy bo‘lsa ham, ayollar oilalariga yordam berganlaridan xursand. Lekin o‘tgan yili pandemiya ortidagi karantin bu ayollar somsapazligiga ham ta’sir qilmay qolmadi. “Shunda, ‘dostavka’ni o‘rgandik”, deydi ular.

    Suhbatimiz davom etar ekan, bir chekkada Nodiraning qizi Kumush ishtaha bilan somsa yer edi.

    Kumush.

    Kumush.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Tog‘dan dasturxongacha yo‘l

    Nodira ham bolaligidan mador somsa yeb katta bo‘lgan. O‘zbekistonda 80 ga kirib ham bu antiqa somsani ko‘rmagan, bilmagan insonlar bo‘lgan bir paytda, u mador somsani birinchi marta qachon yeganligini eslolmaydi ham. Bu hududda hamma shu — mador somsa yeb, esini taniydi.

    Parkentda kimdan so‘rasangiz, mador o‘tining shifobaxshligi va immunitetni yaxshilashini ayta oladi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Nodiraxonlar xonadoni bo‘lsin, ulardan so‘ng suhbatlashgan bir necha, shu mador somsa orqali rizq topayotgan boshqa somsapazlar bo‘lsin, birortasi ham shifobaxsh giyohni o‘zlari termagan.

    — Mador emas, mator deb ataladi, — deydi shifobaxsh o‘t o‘sadigan tog‘ yon bag‘ridagi qishloqda tug‘ilib o‘sgan Erkinali. Endi har qadamda uchrayotgan somsaga chorlovchi taxtalarda birda “mador”, birda “mator” deb yozilganini tushungandek bo‘lamiz.

    Erkinali qishlog‘idan chiqib somsa tayyorlab sotilayotgan joyga yetguncha bir soatcha ot ustida bo‘lgan. Demak, masofa yaqin emas. Uning qishlog‘ining nomi Changi. “Bobur qo‘shini bilan o‘tganda, qishloqda chang ko‘tarilgan ekan. Hozir ham chang yetarli”, — tushuntirgan bo‘ladi Erkinali.

    Erkinali Xoldorov.

    Erkinali Xoldorov.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Erkinali uzoqdan ko‘ringan qorli tog‘larga ishora qilar ekan, mator o‘tlari hozir ana shu qorlar ostida ekanini aytadi. U yerga qishloqdan matorchi yigitlar otda, eshaklarda chiqib, o‘tni qoplarga joylab pastga tushiradi. Darmondorili o‘tni xonadonlarda tozalab, g‘avlab (bog‘-bog‘ qilib) so‘ng sotishar ekan. Keyin savdogarlar ulardan olib mashinalarga ortadi. Erkinalining aytishicha, matorchilar shifobaxsh o‘tni g‘avlayotganda piyozlarini ajratib olishar va piyozlarni toqqa olib chiqib, olgan joylariga tashlab keladi. Yanagi yil unib chiqishi uchun shunday qilinadi.

    Nodiraxon esa mator o‘tining qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelishi, uning qimmatlashuviga sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi.

    — Sahar tushib, soat 4 da, 5 da olib keladi, sotib olamiz savdogarlardan, ba’zan uch, hatto to‘rt qo‘l bo‘lib olamiz, — deydi Nodiraxon.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Somsa ichiga maydalangan mator bilan oq piyoz va o‘simlik yog‘i ham qo‘shiladi. Oddiygina, qattiq qorilgan, xamirturushsiz xamir yoyishga ham, yopishga ham qulay hisoblanadi. Ba’zan mijozlar somsa ichini to‘ldirib berishni talab qilishadi. “O‘ta to‘ldirilgan somsa tandirda turmaydi, oqib tushadi, bu duxovka emas-ku”, — deydi Nodira.

    Pazanda ayollarning aytishlaricha, “somsani pishirishda ham gap ko‘p!”.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    — Ayrim joylarda mijozlari ko‘payib ketganda somsaning usti qizarar-qizarmas, tandirdan uzib beraveradi. Shunda mehmonning qorni og‘rib qoladi va u hamma vaqt unga mador somsa yoqmaydi deb o‘ylaydi. Bizda somsa kamida 3-5 daqiqa tandirda turadi, ichi pishmaguncha uzilmaydi, — deb o‘z mahsulotlariga baho berdi Nodira Mira’zamova.

    Matordan faqat somsa tayyorlash mumkinmi?

    Mashinamiz bir maromda yo‘lda davom etar ekan, So‘qoqqa tomon endi avtomobillar ortib borar edi. Endi somsa yopayotgan manzillar ham ko‘paygan. 10 ga yaqin tandir bir-biriga yaqin o‘rnatilgan manzilda to‘xtaymiz. Yo‘l boshiga chiqib olib, sochiqchasini silkitib “Som-sa, som-sa” deb bor ovozi bilan chaqirayotgan ayol o‘zini Zuhra Ergasheva deb tanishtirdi. “Varrak uchirishga joylar bor”, deydi u mehmonlarni yanada qiziqtirib.

    Zuhra Ergasheva.

    Zuhra Ergasheva.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    — Uch-to‘rt oylik ish bu somsachilik. Ismaloq somsani fevraldan boshlaymiz. Aprelning yarmidan mator somsaga o‘tamiz. Yoz boshlarida somsa mavsumi tugaydi. Keyin uzum ishi boshlanadi. Bu hudud — o‘z bog‘imiz. Bekor o‘tirmaymiz. Har yili bu vaqtlarda erkaklarimiz toklarni ochayotgan bo‘lishardi. Lekin bu yil qo‘rqib turibmiz sovuq tushib qolishidan, — shoshilib gapiradi suhbatdoshimiz.

    Atrofda ko‘milgan tokzor. Yuqoriroqda qurilishi chala qolgan mehmonxona. Pastroqda, yo‘lga yaqinroq joyda, qator kapalarda somsaxo‘rlik davom etardi. Oraliqdan six kabobning hidi ham anqirdi.

    Ma’lum bo‘lishicha, bu joy fermer Munira Turg‘unovaga tegishli va hududda ish yuritayotganlarning ko‘pchiligi uning yaqinlari. Husan oilaning kenja o‘g‘li. “Ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Turkiyada, Ozarbayjonda, Rossiyada. Bizlarga qaraganda ular ko‘katni ko‘p yeydi. Lekin bizniki tabiiy, ularda nomi ko‘kat, vitamin yo‘q”.

    Husan.

    Husan.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    — Bolaligimizda bobom, onamlar aytardilar, mator kuchi ot kuchiga qaraganda to‘rt marta ko‘p ekan. Uni muntazam yegan odam tez qarimaydi deydilar, qonni almashtirish xususiyatiga ega, — deydi Husan.

    — Shunchalik shifobaxsh ekan, nega matordan boshqa taomlar ham tayyorlanmaydi?

    — Chuchvara qilish mumkin, o‘zini qovurib yesa ham bo‘ladi, qo‘ziqorin bilan qo‘shib pishirsa ham bo‘ladi. Xonadonlarda shunday ovqatlar tayyorlanadi. Lekin savdoda faqat somsa ketadi. Endi bizlarda, mijozga mator chuchvara bor desak, “E-e-e, qo‘ysang-chi” deydi. Yoki mator xonim desa yoki mator lavash desa, olmaydi. Ammo mator somsa yaxshi ketadi, — deydi Husan.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Taqir maydondagi kamtarona kapalarni, qo‘lbola qilib yasalgan qo‘l yuvish moslamasi-yu vagonlarda joylashgan xamirxonalarni ortda qoldirib yana oldinga, So‘qoqning mashhur choyxonalari tomon yo‘l olamiz.

    Katta biznesga yo‘l

    Bir-biri bilan tutashib ketgan ulkan choyxonalarga mashina kiritishning o‘zi bir muammo. Chunki, choyxona hududining o‘zida 50-60 chog‘liq avtomobil bor, pastlikda joylashgan majmua yuqoridan ko‘rinib turardi. Avtomobillarning biri kirib, biri chiqyapti. Yo‘l tor, pastlikka piyoda tushayotganlarga noqulaylik yaratishimiz mumkin. Tashqarida, bir chetda qoldirmoqchi bo‘lganimizda ham ancha nariroqdan joy bo‘ldi.

    So‘qoqdagi kafelardan birining mashinalar turargohi.

    So‘qoqdagi kafelardan birining mashinalar turargohi.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ichkarida, soya-salqin yo‘laklar tashrif buyurganlar, ofitsiantlar o‘tdi-ketdisidan bo‘shamaydi. Tushlikka yaqinroq vaqtga keldingizmi, birinchi eshitadigan gapingiz “Joy yo‘q, biroz kutib turinglar, hozir bo‘shab qoladi”. Kutamiz va kuzatamiz. Aftidan, asosan shahar aholisi kelarkan bu yerga. Bola-chaqalari bilan, oilaviy. Do‘st-birodarlar jamlanib o‘tirgan davralar ham ko‘zga tashlandi.

    Har tugul, bizning ham navbatimiz keldi. 51-o‘rin bizga nasib etibdi. Bu degani bizgacha 50 ta o‘rin bor degani. Har bir o‘rin – bitta chorpoya. Atrofi harir mato bilan o‘ralgan, xontaxta ustida toza dasturxon to‘shalgan, ko‘rpacha-yu yostiqlari mehmonnavoz mezbonning uyidagi kabi. Har bir chorpoyada 5-6 tadan tortib 10-12 tagacha odam joylashishi mumkin.Bu yerda faqat somsa emas, bir necha xil salat, turfa xildagi six kabob, yaxna ichimliklarning barcha ko‘rinishdagilari taklif qilinadi. Bularga mador somsa bahonasida kelgan odamlar buyurtma beradi.

    Shundoqqina suv bo‘yidagi chorpoyadagi oila Oqqo‘rg‘on tumanidan ekan. Muhabbat aya Ortiqova yaqinlari bilan har yili kamida bir marta bu yerga kelar ekan. “Lekin o‘tgan yili kelolmadik, qanaqa vahimali kunlar edi o‘shanda. Bu yilda vaksina degan gaplar chiqdi, biroz tinchlandik”, — deydi aya.

    Muhabbat aya Ortiqova.

    Muhabbat aya Ortiqova.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    — Men pedagogman. Oilaviy sayohatga chiqish, tabiat qo‘ynida dam olish, ayniqsa bolalar tarbiyasi, qolaversa sog‘lik uchun juda muhim. O‘zimiz ham maza qildik. Suvning sharqirashini tinglang-a. Aslida bu yerga kelib, nevaralarni yayratib, vitaminli somsalarni yeb ketish uchun ko‘p vaqt ham, ko‘p mablag‘ ham kerak emas, — ta’kidlaydi aya.

    Muhabbat ayaning so‘zlariga ko‘ra, mana shu safarlari kishi boshiga ko‘pi bilan 50 ming so‘mdan tushgan. Aya yarim oy shaklidagi ismaloq somsalar ularga yoqqani, lekin mator somsa vaqtida yana kelishlarini ta’kidlaydi.

    So‘qoqdagi kafelarga xos yarim oy shaklidagi somsa.

    So‘qoqdagi kafelarga xos yarim oy shaklidagi somsa.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Mana bu oila esa Parkentda birinchi marta bo‘lishi ekan. Olmazor tumanidan tadbirkor Alisher Muxtorov dam olish kuni havoni bir alishtirib, dam olish kunini boshqacharoq o‘tkazmoqchi bo‘lgan.

    — Mador somsani oldin ham yeganmiz-ku, Toshkentda yeganmiz. Bugun ataylab kelgandik, lekin ismaloq somsa bor ekan. Bu ham foydali. Havosi ham rosa toza ekan, — suhbatdoshimiz mamnunligini yashirmaydi. — Onam, oilam va farzandlarim bilan keldik. Mador somsa kuchli deyishadi, hali yana kelamiz.

    Alisher Muxtorov oilasi bilan.

    Alisher Muxtorov oilasi bilan.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Dargohdan chiqayotganimizda bir otaxonning kimgadir “mator bahona do‘stlar, qarindoshlar to‘planib, diydorlashuvlar azaldan bo‘lgan”, degan gaplari quloqqa chalinadi.

    Safarimiz qarib, mashinaga joylashayotgan edik, yo‘l chetida tog‘orachada somsa sotayotgan ayolni uchratib qoldik. Xadicha opa 28 yildan buyon hamshira bo‘lib ishlaydi.

    — Ismaloqli somsa yopib chiqdim. 50 tagina. Bu mador somsa deyiladi. Mator somsa esa bu tog‘da o‘sadigan piyozga o‘xshash o‘tdan tayyorlanadigan somsa, unga hali bor, — deydi ayol.

    Xadicha opa.

    Xadicha opa.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Xadicha opa 1,5 million so‘mga yaqin maosh oladi. “Qizim bor, homilador. Mana shu oyda tug‘ishi kerak. Yaxshi kunga deb harakat qilayapman”, — deydi ayol.

    Uylariga qaytayotgan odamlar Xadicha opadan somsa xarid qilar ekan, yarim oy shaklidagi shapaloqdek keladigan somsalar xuddi majmuadagi kabi ekaniga e’tibor berdik. Ma’lum bo‘lishicha, kafe-majmualar uchun ham bir necha xonadon bekalari somsa yopib beradi.

    Xadicha opa somsalarning issiqligini saqlash uchun uni qavat-qavat o‘raydi.

    Xadicha opa somsalarning issiqligini saqlash uchun uni qavat-qavat o‘raydi.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Hali mator o‘ti chiqsa, Parkent somsaxo‘rlik uchun kelgan mehmonlar bilan bundan-da gavjum bo‘lishini his etdik.

    Chap tomonda So‘qoq tomon harakatlanayotgan mashinalar. O‘ng tomonda So‘qoqdan qaytayotgan avtomobillar. Surat peshindan so‘ng olingan.

    Chap tomonda So‘qoq tomon harakatlanayotgan mashinalar. O‘ng tomonda So‘qoqdan qaytayotgan avtomobillar. Surat peshindan so‘ng olingan.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Safardan yaxshi taassurotlar bilan qaytdik. Lekin bir necha savol hamon noaniq edi. O‘simlikning nomi matormi yoki mador? Internetdan 2012-yilda M.Allayorov, E.Ahmedovlar e’lon qilgan maqolani topdik. Unda aytilishicha, “o‘tgan asrning 80-yillarida Chotqol biosfera qo‘riqxonasida olib borilgan kuzatuvlardan so‘ng, biolog olim A.Levichev, professor R.Kamelin tadqiqotlari asosida mator fanga Allium mator tariqasida kiritildi va xalqimizni mator deb atagan nomi fanga muhrlanib qo‘yildi”. Mualliflar mator so‘zi mador so‘zidan olingan bo‘lishi ehtimoli katta ekanini urg‘ulagan.

    Nima bo‘lganda ham, aslida hech kim tashkil etmagan va xalq sayli darajasidagi somsaxo‘rlik xorijiy sayyohlarga ham maqtanib ko‘rsatishga arziydi, degan xulosaga keldik.

    Mustahkam Tangriyorova yozib oldi, Madina Nurman suratga tushirdi, Dilshod Sharipov nashrga tayyorladi.

    09.04.2021, 08:03   Izoh (0)   68406
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    O‘zbekistondagi mahallalarda ayollar, bolalar va uy xo‘jaliklarining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi to‘g‘risida ma’lumotlarni yig‘ish boshlandi

    09.04.2021, 07:48

    Qashqadaryodagi sun’iy yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi GTL zavodi 2021-yilning avgustida ishga tushiriladi

    09.04.2021, 06:50

    Yoshlikni qo‘msab arg‘imchoqda o‘tirgan otaxon, Ramazonga atalgan do‘ppi, Toshkentning qoq markazidagi “yama”. 8-aprel suratlari

    08.04.2021, 23:57

    Navoiyda “Bir million dasturchi” loyihasida o‘quvchilar qayd etgan yuqori natijalari uchun maktab direktoriga Prezident sovg‘asi — Spark topshirildi

    08.04.2021, 23:28

    Buxoro shahridagi maktab o‘quvchisida COVID-19 aniqlangani sabab maktab karantinga yopildi

    08.04.2021, 22:58

    Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisi 23-aprel kuni o‘tkaziladi

    08.04.2021, 21:30
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    Moliyaviy savodxonlik maktab ostonasidan boshlanadi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    Siberian Wellness — O‘zbekistonda 15 yil


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Mobiuz “MazzaFest”da yangi “Mazza” va “Mazza 2.0” tarif rejalarini taqdim etadi


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    Uklonda taksi haydovchilari uchun katta tadbir o‘tkazildi!

     

    Tavsiya etamiz

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Fazoviy poyganing boshlanishi — Gagarinning parvozi yolg‘on bo‘lganmi?

    6 may, 18:00
    Audio Icon

    “Qurolli qushchalar”. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dronlar haqida

    5 may, 21:10
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    “Xususiy universitetlarga davlat tashkilotlari litsenziya berishi noto‘g‘ri” — Nuriymon Abulhasan

    O‘zbekiston | 10 may, 11:45

    2000-yillarning mashhur fransuz yulduzlari hozirda nimalar bilan band?

    Layfstayl | 10 may, 11:31

    Pokiston mudofaa vaziri: “Hindiston bilan keng ko‘lamli urush boshlashdan boshqa ilojimiz yo‘q”

    Dunyo | 10 may, 11:00

    Tonal kremsiz makiyaj: yuzni yangilashga yordam beruvchi 5 foydali usul

    Layfstayl | 10 may, 10:40

    AQSH moliya vaziri mamlakat avgust oyiga qadar defoltga duch kelishi mumkinligini tasdiqladi

    Dunyo | 10 may, 10:20

    Qimor o‘yinlarini reklama qilayotgan “Mash’al”, bloklangan “OKMK” va 2 yildan beri tugamaydigan “Qizilqum”—“Metallurg” uchrashuvi — professional klublarimizning no...

    Sport | 10 may, 10:10
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.