Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 2-son maktab direktoriga Prezident sovg‘asi topshirildi, deya xabar qilmoqda Xalq ta’limi vazirligi.
Qayd etilishicha, 2021-yilning 8-aprel kuni Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 2-son umumta’lim maktabiga rahbarlik qilayotgan Tursunoy Xalilova “Bir million dasturchi” loyihasida maktab o‘quvchilari qayd etgan yuqori natijalari uchun Prezident sovg‘asi — Spark avtomobili bilan taqdirlandi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Navoiyda 35 mingdan ortiq o‘quvchi zamonaviy dasturlashni o‘rganmoqda, 18 567 nafari “Bir million dasturchi” loyiha doirasida sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Maktabning bir qator informatika fani o‘qituvchilariga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, noutbuk hamda faxriy yorliqlar topshirildi.
Ta’kidlanishicha, 2020-yil yakunlari bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida eng faol informatika o‘qituvchilari Navoiy hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan avval Farg‘onada barcha o‘quvchisi fan olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” unvoni bilan, uni tanitgan bloger esa noutbuk bilan taqdirlangani hamda Ortiqxo‘jayev Toshkentning a’lochi o‘quvchilariga “hokim stipendiyasi”ni va’da qilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)