• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12880.35
    • RUB156.68
    • EUR14535.47
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini qanday yaxshilash kerak?

    2020-yilning boshida O‘zbekiston hukumati va BMT agentliklari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilishni mustahkamlash bo‘yicha BMT qo‘shma loyihasi yo‘lga qo‘yildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”. Asosiy maqsad — nogironligi bor katta yoshdagilar va bolalarni o‘z ichiga oladigan barcha O‘zbekiston fuqarolarini butun hayotlari davomida ijtimoiy himoyaning sifatli xizmatlaridan foydalana olish imkoniyati bilan ta’minlash.

    Foto: YuNISEF

    Mazkur loyihadagi uchta eng ustuvor yo‘nalishlardan biri, bu ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat koordinatsion mexanizmini yaratish hisoblanadi.

    Hozirgi kunda ijtimoiy himoyaning tarqoq dasturlarini birlashtirish nega bu qadar zarur va bu aholining kam ta’minlangan qatlamlari, nogironligi bor shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va zaif qatlamga kiruvchi boshqa kishilarning hayotini qanday yaxshilagan bo‘lar edi?

    Ijtimoiy himoyaning yagona organini yaratish vazifasi Prezident topshirig‘ida nazarda tutilgan va 2019-yil uchun davlat dasturida aks ettirilgan edi. Lekin 2020-yilgi davlat dasturida yagona idorani yaratish nazarda tutilmagan edi va bu 2021-yil — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ning dasturiga ham kiritilmagan.

    COVID-19 pandemiyasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va katta yoshdagilarga samarali va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun tizimli islohotlarning zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

    Shu munosabat bilan, 17-fevral kuni Prezident “2021—2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi va u bilan aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Tizimning tarqoqligi

    O‘tgan yili xalqaro Mehnat tashkiloti, YuNISEF va Jahon banki asosiy diagnostik vosita (CODI) bazasida O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimini baholadi.

    Tadqiqot hozirgi kunda ijtimoiy himoya tizimi turli vazirlik va idoralar orasida tarqoq holda ekanligini va ularning hech biri ushbu sohada koordinatsiya, integratsiya va yagona davlat siyosatini amalga oshirishga javobgar emasligini ko‘rsatdi. Natijada, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan strategiya va yagona qarash mavjud emas.

    Har bir idora tarkibida vertikal tashkiliy tuzilma yo‘lga qo‘yilganligiga qaramay, turli davlat organlari o‘rtasida gorizontal kommunikatsiya yo‘q, va bu ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlariga taqdim etilayotgan ijtimoiy xizmatlarning amaliyligi, qamrab olinishi va sifatini sezilarli darajada pasaytirmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaning rasmiy qabul qilingan ta’rifi ham, hozirgi vaqtda mavjud turli dasturlarni boshqarish, koordinatsiya qilish va ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan yagona organ ham yo‘q.

    2001-yilga qadar ijtimoiy himoya bilan tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlari va hududiy ijtimoiy ta’minot boshqarmalarining keng tarmog‘iga ega yagona Ijtimoiy ta’minot vazirligi (Sobes) shug‘ullangan. 2001-yilda Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi tuzilganidan so‘ng, ijtimoiy himoya funksiyalari ushbu idoraga o‘tkazilgan.

    Oradan o‘n besh yil o‘tib, idora o‘zida bandlikka ko‘maklashish va aholini professional tayyorlash sohasida umumiy siyosatni aniqlash hamda mehnat bozorida faol dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar va funksiyalarni saqlab qolgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

    2016-yilning fevral oyida Mehnat vazirligi transformatsiya qilinganidan so‘ng, ijtimoiy himoya bo‘yicha ayrim funksiyalar Sog‘liqni saqlash vazirligi va 2018-yil oxirida SSV huzurida tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligiga o‘tkazildi. Mazkur idora qariyalar va nogironligi bor shaxslarga tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni taqdim etadi.

    Xalq ta’limi vazirligiga ham ijtimoiy himoyaning ayrim funksiyalari yuklatilgan, xususan, vazirlik nogironligi bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni nazorat qiladi hamda qishki kiyim va maktab buyumlarini o‘z ichiga oladigan to‘plamlarni taqdim etgan holda, zaif oilalar farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kichik dasturlarni amalga oshiradi. Moliya vazirligi ijtimoiy yordam dasturlari bo‘yicha barcha xarajatlarni nazorat qiladi va Pensiya jamg‘armasi faoliyatini koordinatsiya qiladi.

    2020-yilda ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari ro‘yxati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan to‘ldirildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining vakolati ijtimoiy yordamga muhtoj oila va bolalarni aniqlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilarni mahalla darajasida ro‘yxatga olish va hisoblashdan iborat. Yoshlar ishlari agentligi funksiyalariga esa ijtimoiy-huquqiy himoyani tashkil etish va institutsional muassasalarni tugatgan yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar bandligiga ko‘maklashish kiradi.

    Nogironligi bor kishilarga ijtimoiy himoya xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha institutsional tuzilma

    Nogironligi bor kishilarga ijtimoiy himoya xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha institutsional tuzilma
    Foto: “Gazeta.uz”

    Afsuski, bunday institutsional tarqoqlik umumiy qarash hamda kelgusida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va aholining zaif qatlamlarini munosib qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning yetishmovchiligiga olib keladi. Bu ham xalqaro, ham milliy ekspertlarni jiddiy tashvishlantirmoqda. Ijtimoiy himoya tizimining tarqoqligi oxir-oqibat bir xil vazifalarning turli idoralar tomonidan takrorlanishi, mablag‘larning samarasiz sarflanishi, ijtimoiy himoya va nafaqalar bilan qamrab olish darajasining pastligi, aholining zaif qatlamlari haqida yagona ma’lumotlar bazasi va statistik ma’lumotlarning yo‘qligiga olib keladi.

    Budjet shaffofligi va ijtimoiy himoya funksiyalarini bajarish bilan bog‘liq umumiy muammolar bilan bir qatorda, kompleks va muvofiqlashtirilmagan faoliyatning yo‘qligi ko‘rilgan choralar ko‘pincha qisman bo‘lishiga sabab bo‘ladi, va natijada, maqsadli auditoriyani zaiflikdan barqaror chiqarishga yo‘l bermaydi, bu esa ko‘rilgan chora-tadbirlarning past samaradorligiga olib keladi.

    Bunda, ijtimoiy xizmat va nafaqa oluvchilarning yagona reyestriga ega ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organining yaratilishi, yirik byurokratik apparatni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilayotgan budjet resurslarini hamda ko‘plab vazirlik va idoralar o‘rtasidagi koordinatsiyaning tranzaksion chiqimlarini qisqartirishga imkon bergan bo‘lar edi.

    Yagona idoraning tashkil etilishi, budjet mablag‘larining kamida 20−30 foizini tejab qolishga, va ularni bevosita ijtimoiy yordamga muhtoj kishilarga qo‘shimcha to‘lovlar uchun yo‘naltirishga imkon bergan bo‘lar edi.

    Ijtimoiy himoya bilan qamrab olish darajasining pastligi

    Sovet davrida aholi ijtimoiy ta’minotining umumiy tizimi mavjud edi. Biroq, mustaqillikka erishilgandan so‘ng, hukumat aholining zaif qatlamlariga manzilli yordam berish (poverty targeting) usulini qo‘llashni boshladi va ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olish keskin kamaydi. 2018-yilda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglash” (Listening to the Citizens of Uzbekistan) loyihasi doirasida uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, aholining deyarli yarmi va kam ta’minlangan qatlamlarning uchdan bir qismi ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrab olinmagan.

    Ijtimoiy himoya dasturlarini oluvchi kishilarning umumiy soni 2012-yilda 8,1 million nafardan 2017-yilda 6,4 million nafargacha qisqargan. Eng ko‘p pasayish ishsizlik va kam ta’minlanganlik bo‘yicha nafaqa oluvchi kishilar orasida qayd etilgan. Ishsiz fuqarolarning taxminan 1 foizi ishsizlik bo‘yicha nafaqa bilan qamrab olingan (2020-yilda ishsizlik bo‘yicha nafaqa tayinlash qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlarni hisobga olmaganda).

    YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, nogironligi bor bolalar va katta yoshdagilarning sezilarli qismi hech qanday nafaqa olmaydi — nogironlikning og‘ir shakli bilan ro‘yxatga olingan shaxslarning faqatgina 46 foizi pensiya yoki nogironlik bo‘yicha nafaqa oladi. Bundan tashqari, aholining katta qismida ijtimoiy ta’minotdan foydalana olish imkoniyati yo‘qligicha qolmoqda, chunki, 60 foiz atrofidagi ishlovchi aholi norasmiy sektorda faoliyat yuritadi va to‘lovlarni nazarda tutadigan ijtimoiy sug‘urta dasturlarida qatnashmaydi.

    Ijtimoiy himoya funksiyalarining birlashtirilishi aholining turli guruhlarining individual ehtiyojlarini qondirish uchun qamrab olish imkoniyatini kengaytirishga yordam bergan bo‘lar edi. Buni byurokratik apparatni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan byudjet mablag‘larini keskin bo‘shatish va maqsadli moliyalashtirishni ijtimoiy himoya ehtiyojlariga yo‘naltirish, yordam olishga huquq beruvchi obyektiv va shaffof talablarni (shu jumladan, ishsizlik bo‘yicha nafaqa to‘lash mexanizmi) joriy qilish, aholi bandligini formalizatsiya qilish (soyadan chiqarish) va ishsizlik holatlarida sug‘urtalash imkoniyatini yaratish, kam ta’minlangan shaxslar uchun nafaqalar mexanizmining manzilliligini yaxshilash orqali amalga oshirish mumkin.

    Kelajakka sarmoya

    O‘zbekiston ijtimoiy himoya uchun YaIMning 9,7 foizini (shu jumladan, ijtimoiy yordam, ijtimoiy sug‘urtalash va mehnat bozori dasturlari) sarflayotgan vaqtda, mavjud tizim aholining atigi 55 foizini qamrab olmoqda, asosan aholining 44 foizini tashkil qiladigan ijtimoiy sug‘urtalash orqali.

    YuNISEFning o‘tgan yildagi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qilishi va mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi 25 yoshni tashkil qilishiga qaramay, investitsiyalarning sezilarli qismi yoki YaIMning 6,95 foizi pensiya dasturlariga to‘g‘ri keladi.

    Aholining katta qismini bolalar va yoshlar tashkil etadi, lekin, ularni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgan investitsiya miqdori juda kam va kichik qatlamni qamrab olishga qodir. Biroq bu yerda xarajatlarni turli yosh guruhlariga taqqoslash kerak emas, chunki, ham bolalar, ham keksalar uchun mavjud ijtimoiy himoyani kengaytirish zarur. Boshqacha qilib aytganda, bolalar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilishni moliyalashtirishni qariyalar uchun mo‘ljallangan dasturlarni qisqartirish hisobiga kengaytirish mumkin emas.

    Foto: YuNISEF

    Pandemiyaning salbiy oqibatlari

    Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar sababli, qo‘shimcha 450−840 ming nafar kishi kambag‘allik chegarasidan pastda bo‘lib qolishi mumkin (kambag‘allik chegarasi bir kishi uchun kuniga 3,2 AQSh dollari).

    “O‘zbekiston fuqarolarini tinglash” loyihasining uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar tahlili COVID-19 pandemiyasi tufayli bandlik va aholi daromadlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar keskin yomonlashganligini ko‘rsatdi. YuNISEF tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotning dastlabki natijalariga ko‘ra, pandemiya davrida bolalar kambag‘alligi 20 foizga oshgan, bu qo‘shimcha 550 ming nafar atrofidagi bolalarni anglatadi.

    Prezident o‘zining Oliy Majlisga bo‘lgan murojaatnomasida, 2020-yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ikki barobarga oshgani, va 1,2 million nafargacha bo‘lgan kishilarni tashkil etganini hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga 2016-yil bilan solishtirganda, 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganini qayd etdi. Shu bilan birga, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari bor nafaqa oluvchi oilalar soni ham ikki barobarga ko‘paygan.

    Bunda, COVID-19 pandemiyasi va 2020-yildagi qat’iy karantin choralari davrida kambag‘allik toifasiga va qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan odamlar soni ham sezilarli darajada oshganligini inobatga olish kerak.

    Kadrlarning tarqoqligi — ijtimoiy himoya tizimining muammosi

    Avval qayd etilganidek, zaif oila va bolalarga ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish sohasida 14ta turli tashkilotlar ishlaydi, ularning o‘rtasidagi koordinatsiya esa past darajada qolmoqda.

    Shu bilan bir qatorda, bolalar aholining ijtimoiy zaif qatlam guruhiga kiradi va puxta o‘ylangan ijtimoiy himoyaga muhtoj. Bolali oilalarning sezilarli darajadagi qismi og‘ir holatda qolmoqda. YuNISEFning “O‘zbekiston kelajagiga sarmoya” nomli tadqiqotining ko‘rsatishicha, O‘zbekistondagi bolalarning aksariyat qismi kishi boshiga kuniga 10 ming so‘mdan (1,2 AQSh dollari) kam bo‘lgan daromadga ega oilalarda yashaydi.

    Oilalarning noqulay ijtimoiy-iqtisodiy holati va mehnat migratsiyasi ularni o‘z bolalarini institutsional muassasalarga yuborishga majbur qilmoqda. Shu sababli, ijtimoiy yetimlikni profilaktika qilish uchun, keys-menejment yondashuvlarini (har bir zaif holat bilan ishlash va notinch oilalarni ijtimoiy kuzatish) joriy qilgan holda, alohida oila bilan individual ijtimoiy ishlash zarur.

    2019-yilda YuNISEF “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va O‘zbekiston Milliy universiteti ko‘magida Kolumbiya Universitetining (Nyu-York) Ijtimoiy ishlar maktabi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi kadrlarini tahlil qildi.

    Ta’limning past darajasi va amaliyotning yetishmasligi bilan bir qatorda, tadqiqot turli tuzilma va tashkilotlarda ishlayotgan hamda ijtimoiy xizmatlarni bir-biridan ko‘chirayotgan ijtimoiy xodimlarning tarqoqligini ko‘rsatdi.

    Deinstitutsionalizatsiya islohotlaridagi sustkashlik

    Zaif oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha yagona davlat idorasining yo‘qligi bolalar muassasalarini deinstitutsionalizatsiya qilish islohotlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

    Bolalarni ijtimoiy himoya qilish va vasiylik tizimi islohotlari, uning amalga oshirilishiga asosan Xalq ta’limi vazirligi javobgar bo‘lgani uchun susaymoqda, chunki ushbu vazirlik onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish bilan emas, balki umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy amalga oshirish bilan shug‘ullanishi kerak.

    Bunda, Xalq ta’limi vazirligi inklyuziv ta’limning bosqichma-bosqich joriy qilinishiga mas’ul bo‘lishi mumkin va bu O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ta’limga bo‘lgan konstitutsion huquqlariga rioya qilinishini ta’minlaydi. Busiz deinstitutsionalizatsiya islohotlarini samarali amalga oshirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

    Shu sababli, bolalarni institutsional muassasalarga joylashtirishni profilaktika qilish, ijtimoiy himoya tizimidagi kadrlarni boshqarish, zaif oilalarni kuzatish, qabul qiluvchi oilalarni tayyorlash va boshqa funksiyalar ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organi tomonidan amalga oshirilishi kerak.

    Aks holda, islohot muvaffaqiyatli bo‘lmaydi, sifatli ijtimoiy xizmatlarni taqdim etmasdan va inklyuziv ta’limni rivojlantirmasdan mehribonlik uylarining yopilishi esa zaif oilalar va institutsional muassasalarda yashayotgan bolalar rivojlanishiga ziyon yetkazishi mumkin.

    Deinstitutsionalizatsiya islohotlari misolida ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy himoya tizimining tarqoqligi past samaradorlikka va amalga oshirilayotgan islohotlarning susayishiga olib kelmoqda. Aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi har qanday islohot oddiy masala emas, chunki, turli ehtiyojlar va sifatli ta’lim, munosib ishga joylashish va munosib hayot darajasiga bo‘lgan huquqlarni hisobga olgan holda, ijtimoiy nafaqa va xizmatlar odamning butun hayoti davomida kerak bo‘ladi.

    Nafaqa va ijtimoiy xizmatlarning tarqoqligi

    Qayd etish joiz, nogironligi bor kishilarga BMTning qo‘shma dasturi doirasida nazarda tutilgan ijtimoiy himoyani taqdim etish uchun, “nafaqa + xizmatlar” integratsiyalangan yondashuvini boshqarishni ijtimoiy nafaqalarni tayinlash (hozirda bu Moliya vazirligi kompetensiyasiga kiradi) va ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish vakolatlariga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona idorasiz samarali amalga oshirish qiyin.

    Ijtimoiy ishchilar ushbu jarayonda muhim ahamiyatga ega va eng past darajalarda ijtimoiy nafaqalarning zarurligini individual tarzda aniqlashadi.

    Ikki farzandidan birida nogironlik mavjud bo‘lgan ishlamaydigan yolg‘iz onadan iborat oilani ko‘rib chiqamiz. O‘zi va bolalarini kambag‘allik va ijtimoiy zaiflik doirasidan olib chiqish uchun, ayol bolalar parvarishi bo‘yicha ijtimoiy nafaqa, nogironligi bor bolani to‘g‘ri reabilitatsiya qilish va parvarishlash bo‘yicha o‘qish, bandlikka ko‘makka (uyda ishlaydigan ish bo‘lishi mumkin) va boshqa ijtimoiy xizmatlarga muhtoj.

    Bularning barchasi mavjud bir qancha idoralarning aralashuvini talab qiladi — mahalla qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, SSV huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqalar.

    Lekin, mazkur idoralar o‘rtasida koordinatsiya va kompleks yondashuvning yo‘qligi sababli, cheklangan muddatga ajratiladigan nafaqa kambag‘allikdan chiqish uchun yetarli emas, zaruriy ijtimoiy xizmatlarni olish uchun esa ayol turli instansiyalarga murojaat qilishi kerak.

    Nogironlikni tibbiylashtirish

    Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi boshqaruvida “Muruvvat” internat-uylari va nogironligi bor kishilar uchun mo‘ljallangan respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari bor. Nogironligi bor kishilarni kasb-hunarga tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilish funksiyalarini Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazish, kelgusida nogironlikni tibbiylashtirish va uni odam organizmidagi funksiyalarning buzilishiga tenglashtirishga olib keladi. Shu kunlarda prezident agentlikni Vazirlar mahkamasi tuzilmasiga o‘tkazish haqidagi rejalarni ma’lum qildi.

    Nogironligi bor katta yoshdagilar va bolalar, shuningdek, ularning vasiylari faqatgina tibbiy xizmatlarga emas, balki ta’lim xizmatlari va munosib ishga joylashishga muhtoj. Nogironlik — bu faqatgina tibbiy emas, balki birinchi navbatda salbiy stereotip hamda atrof-muhitdagi noqulayliklar uyg‘unligida yuzaga kelgan ijtimoiy evolyutsion tushunchadir. Ushbu tushuncha Nogironligi bor kishilarning huquqlari va nogironlikning ijtimoiy modeli haqidagi Konvensiyaga asoslangan, prezident bunga o‘tishning zarurligini o‘zining 29-dekabrdagi Oliy Majlisga bo‘lgan murojaatnomasida qayd etgan edi.

    Ijtimoiy himoya tizimini qanday yaxshilash kerak?

    Ijtimoiy himoya sohasidagi hozirgi byudjet imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy kompleks strategiyani ishlab chiqish va uning barcha funksiyalarini yagona davlat koordinatsion mexanizmi doirasida birlashtirish tavsiya qilinadi.

    Shuningdek, ijtimoiy himoyani qonunchilikda ta’riflaydigan muvofiqlashtirilgan huquqiy baza hamda ijtimoiy himoyaning yagona tuzilmasini yaratish uchun siyosiy asosni ishlab chiqish zarur.

    Maqsad bunday organni yaratishning o‘zi emas, bu shunchaki maqsadga erishishda yordam beradigan vosita — asosiy maqsad esa eng past darajadagi zaif guruhlar ehtiyojlarini aniqlash orqali ijtimoiy nafaqa va xizmatlarning yagona kompleks tizimini yaratish. Busiz ijtimoiy yordamni taqsimlashda, uni oluvchi shaxslar qamrovini kengaytirishda va ularni kambag‘allikdan olib chiqishda samaradorlikka erishib bo‘lmaydi.

    Ijtimoiy himoya funksiyalari bo‘lib berilgan vazirlik va idoralar faoliyatidagi nomuvofiqlik va tarqoqlik muammosini hal qilish zarur. Ijtimoiy ishchilarning professional standartlarga rioya qilishi ustidan yagona nazorat o‘rnatish, shuningdek, ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirishga yordam beradigan chuqur tahlil va tadqiqotlar uchun ijtimoiy nafaqa va xizmatlarni oluvchilar haqida muntazam ravishda ma’lumotlar yig‘ib borishni yo‘lga qo‘yish kerak. Dastlab, mavjud tarqoq dasturlarning samaradorligi va natijasini baholash uchun ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilayotgan davlat xarajatlarini tahlil qilib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lgan bo‘lar edi.

    Ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organi, SSV huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi kabi biron tashkilot qaramog‘idagi qandaydir tuzilmani eslatib turishi kerak emas. Aksincha, u ijtimoiy himoyaning barcha funksiyalari va fanlararo professional ekspertlar jamoasini o‘zida birlashtirgan vazirlik maqomiga ega (masalan, Aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi) idoralar ustidagi yagona tuzilma bo‘lishi kerak. Ijtimoiy himoya funksiyalarini, islohotlarni baholashning aniq indikatorlari yordamida natijalarni ilg‘or baholash imkoniyatiga ega bo‘ladigan yagona idorada birlashtirish uchun taklif qilinayotgan ijtimoiy himoya islohotlarining yo‘l xaritasini ishlab chiqish muhim.

    31.03.2021, 10:22   Izoh (0)   23089
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    BMT Toshkentda sodir bo‘lgan “xavotirli voqealar”ni xolis tergov qilishga chaqirdi

    31.03.2021, 09:48

    Yonayotgan “Gazel”ni ichkaridan haydab chiqqan rahbar: Qibraydagi bir murda chiqqan yong‘inning qo‘shimcha tafsilotlari ma’lum qilindi

    31.03.2021, 09:26

    Sirdaryo va Jizzax chegarasida kuchli gumburlash ovozi eshitildi. Gaz quvuri portlagani taxmin qilinmoqda

    31.03.2021, 09:10

    “Oilali talabalar uchun alohida yotoqxona qurish zarur” — senator

    31.03.2021, 08:55

    Toshkentda qariyb 100 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

    31.03.2021, 08:20

    Farg‘onada xonadonlarning biriga bostirib kirib, er-xotinga hujum qilgan shaxslar hodisa joyida qoldirib ketilgan kurtka sabab topildi

    31.03.2021, 07:46
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    UZTELECOM Toshkentdagi IWTC 2025 da faol ishtirok etmoqda


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Fonon zargarlik uyi "Brilliantlar olamiga sayohat" mavzusida navbatdagi master-klassni Intercontinental mehmonxonasida o‘tkazdi  


    TENET butik-developer debyut loyiha — Stellar Residence sotuvi boshlanganini e’lon qiladi


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    “Orzudagi uy” — bugunoq zamonaviy uy egasi bo‘lishni istaganlar uchun ipoteka!


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Mashhur patir, hamma biladigan qabriston, tor ko‘chali mahallalar. Kadrlarda Olmazor

    10 aprel, 10:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Dunyodagi eng katta Lego shaharchasi qurildi (foto)

    Dunyo | 11 may, 23:50

    “Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman” — Zelenskiy

    Dunyo | 11 may, 23:25

    Superliga. “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Sho‘rtan” bilan durang o‘ynadi

    Sport | 11 may, 22:51

    Qatar Trampga 400 mln dollarlik “uchar saroy” sovg‘a qilmoqchi — OAV

    Dunyo | 11 may, 22:50

    Shveysariyada ayol qo‘shni mushukni boqqani uchun sudlandi

    Dunyo | 11 may, 22:10

    La Liga. “Barselona” — “Real” uchrashuvida “gollar otishmasi” bo‘ldi

    Sport | 11 may, 21:35
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.