Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Kun.uz”ga bergan intervyusida Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida hokimlar faoliyatida qanday farq borligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov davlat rahbari bo‘lgan paytda “hokimlardan kam narsa so‘ralgan”.
“U paytda xalqni hayotdan rozi qilish kerak degan narsa yo‘q edi u. Asosiy so‘rov paxta, g‘alla, pilla — 4–5 ta ko‘rsatkich bo‘lardi, shu so‘ralardi. Ikkinchidan, hokimlarning qo‘l-oyog‘i bog‘langan, har bir qadamimiz nazoratda, hech qanday moliyaviy imkoniyatimiz yo‘q, hamma narsa markazlashgan edi”, — degan u.
Shuhrat Abdurahmonovning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng ko‘p narsa o‘zgardi.
Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan Andijon viloyati hokimi 80 marta “hurmatli Prezident” dedi
Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, rahbariyat u 2004-yilda Andijonning Paxtaobod tumanidagi “Navbahor” xo‘jalik shirkatini boshqarib yurgan paytida e’tibor qaratgan. Hokimning aytishicha, u paytda “sovxoz”ning paxta rejasi 23 foiz bo‘lgan, achinarli ahvolda bo‘lgan. Ammo shu yili tumanda paxta rejasini birinchi bo‘lib bajarishga erishgan.
“O‘shanda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev nazariga tushganman. O‘zi shaxsan meni chaqirib, suhbatlashib, qanday qilib bu natijaga erishganimni so‘ragan. Shundan so‘ng Islom Karimovga men haqimda axborot bergan, ‘eplaydi bu’ deb. Keyin men Paxtaobod tumaniga hokim bo‘lganman”, — degan Shuhrat Abdurahmonov.
Hokimning aytishicha, Paxtaobod tumanidan (2004—2011) so‘ng u Andijon viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2011—2013), 2013-yil 1-apreldan esa Andijon viloyat hokimi bo‘lgan.
Izoh (0)