Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatidagi “Qolgansir o‘rmon-ov xo‘jaligi” yerlari sun’iy ravishda yoqib yuborilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Unda quyonlar va qushlar esa tiriklayin yonib ketayotganligi, zaharli ilonlar aholiga yaqin joylarda ko‘payib ketgani aytilgan.
Sirdaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati bunga rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, voqea boshqarma tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan bo‘lib, yong‘in 19-mart kuni “Qolgansir o‘rmon-ov xo‘jaligi” maydonining 147,2 gektar maydonida sodir bo‘lgani aniqlangan. Kuchli yomg‘ir yog‘ganligi sababli yong‘in o‘sha kunning o‘zida o‘chgan.
Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan yong‘in chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyunida Surxondaryodagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasida 35 gektar maydonda, iyulida Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” tabiat milliy bog‘ida 2 ming kvadrat metr maydonda, sentabr oyida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Qiziriq” o‘rmon xo‘jaligida 50 gektar maydonda yong‘inlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. Noyabr oyida esa Qashqadaryo viloyatida Qamashi tumani hududida joylashgan o‘rmon xo‘jaligida yong‘in yuz berib, salkam 600 ta Zarafshon archasi yonib ketgandi.
Izoh (0)