O‘zbekiston Markaziy banki buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bag‘ishlab oltindan tayyorlangan esdalik tangalari va suvenirlar to‘plamlari sotuvga chiqardi.
Oltin tangalar narxi ularning og‘irligi va diametridan kelib chiqib farqlanadi. Masalan, og‘irligi 20 gramm, diametri 33 millimetr bo‘lgan 50 ming so‘m nominalidagi tangalar mazkur xabar e’lon qilingan vaqtida 13,4 million so‘mni tashkil etgan. Og‘irligi 31,1 gramm va diametri 38 millimetrga teng 100 ming so‘mlik tangalar esa 20,4 million so‘m.
Markaziy bank, shuningdek, suvenirlar jamlanmasini ham sotuvga chiqargan. Ularning ham o‘lchami yuqoridagi tangalar kabi, biroq narxi 102,4 million so‘m. Jamlanmadan Navoiyning “Xamsa”sidagi beshta dostonga bag‘ishlangan tangalar o‘rin olgan.
Ma’lum qilinishicha, tangalarni tijorat banklarining filiallari orqali xarid qilish mumkin.
“Esdalik tangalari va suvenirlarning sotuvi yo‘lga qo‘yilgan tijorat banklari filiallarida belgilangan tartibda qaytarib sotib olish amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)