Bundan 104 yil muqaddam Rossiyada mamlakat tarixini tubdan o‘zgartirgan Fevral inqilobi boshlandi. 1917-yil fevral oyida bir necha kun ichida (Rossiyada 1918-yil 1-yanvariga qadar Yulian taqvimi bo‘yicha hisob yuritilgan bo‘lib, hozirgi taqvimga ko‘ra bu voqealar mart oyida sodir bo‘lgan. Shu bois g‘arb tarixchilari tomonidan bu voqealar “Mart inqilobi” deb ham yuritiladi) Rossiyada monarxiya qulatildi va bir necha oydan keyin yangi inqilob natijasida o‘z hayotini to‘xtatgan “o‘tish rejimi” o‘rnatildi. Sovet davri tarixida ham va postsovet tarixida ham Rossiyaning taqdirida asosiy voqea sifatida oktabr inqilobi e’tirof etilgan, fevral oyidagi inqilobga ko‘pincha unchalik muhim bo‘lmagan rol berilgan. Ushbu voqealarning ahamiyatini tushunishga yordam berish uchun “Daryo” 1917-yilgi birinchi inqilob haqidagi savollarga javob beradi.
Fevral inqilobi oktabr inqilobidan nimasi bilan farq qiladi? Ular bir biriga bog‘liqmi?
Albatta ular bir-biriga bog‘liq. Ko‘plab tarixchilar odatda ikkala inqilobni va Rossiyadagi fuqarolar urushini bitta keng ko‘lamli voqea – 1917—1922-yillardagi Rossiya inqilobi sifatida izohlaydilar. Haqiqatda ham shundaymi? 1917-yil voqealarini ikkita alohida inqilobga ajratish an’anasi, asosan, Sovet tarixshunosligi bilan bog‘liq bo‘lib, bundan maqsad oktabr inqilobining ahamiyatini oshirib ko‘rsatish maqsadida ushbu voqealarning turli xarakterda ekanini ko‘rsatishga urindilar. Shu sabab Fevral inqilobiga burjua-demokratik, Oktabr inqilobiga esa Buyuk Sotsialistik deb nom berdilar.Biroq bir haftadan sal ko‘proq davom etgan va asosan, poytaxt Petrogradda sodir bo‘lgan Fevral inqilobi davrida Rossiyada monarxiya qulatildi. Yetti oydan so‘ng, Oktabr inqilobi ko‘p yillik fuqarolar urushiga va yangi siyosiy rejim – Sovet hokimiyatining o‘rnatilishiga olib keldi. Fevral inqilobi qatnashchilari Rossiyaning kelajakdagi tuzilishini demokratik yo‘l bilan saylangan Ta’sis majlisi belgilaydi deb umid qilishdi. Oktabr inqilobi davrida Ta’sis majlisi tarqatildi va mamlakatda hokimiyatni demokratik yo‘ldan voz kechib, “proletariat diktaturasi” haqida o‘y surayotgan bolsheviklar egallab olishdi. Umuman olganda, 1917-yildagi voqealarni fevral oyida mo‘tadil kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishi va 1922-yilda yangi davlat – SSSR tashkil topishi bilan yakunlangan inqilobiy harakatning radikallashuvi deb ta’riflash mumkin.
Inqilobga nima sabab bo‘ldi?
Inqilob sabablari haqidagi savolga tarixchilar turlicha javob beradi. Sovet davrida inqilob o‘zgarishning muqarrarligi bilan izohlandi: yangi, ilg‘or fikrning shakllanishi muqarrar ravishda eskirgan turmush tarzini almashtirishga to‘g‘ri keldi. Aksariyat zamonaviy tadqiqotchilar esa Fevral inqilobi urush tufayli kuchaygan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy muammolar va qarama-qarshiliklarning natijasi edi, degan to‘xtamga kelmoqda.Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya Yevropadagi eng yirik imperiya va g‘alla eksporti bo‘yicha yetakchi edi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan iqtisodiyotiga qaramay, mamlakat sanoat o‘sishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Rossiyaning jahon sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 1881-yildagi 3,4 foizdan 5,3 foizga yetdi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmi bo‘yicha Rossiya dunyoda 5-6-o‘ringa ko‘tarildi. 1917-yilga kelib, uch yillik qonli urushdan so‘ng sanoat o‘sishi deyarli to‘xtadi; qog‘oz pullarni muomalaga chiqarishdagi cheklovlarning bekor qilinishi inflyatsiya va narxlarning tez ko‘tarilishiga olib keldi – urush boshlangandan so‘ng ikki yarim yil ichida rubl 70 foizga qadrsizlandi. Frontda ham ahvol achinarli edi: har qanday ommaviy armiya singari rus armiyasi ham frontorti ta’minotida jiddiy muammolarga duch keldi, temiryo‘l tizimining yaxshi rivojlantirilmaganligi qo‘shinlar harakatlanishini qiyinlashtirdi; Rossiya mag‘lubiyatga uchrayotgan g‘arbiy hududlardagi aholi mamlakat ichkarisiga, sharqqa va asosan, poytaxt Petrogradga jo‘natildi. Bu poytaxtda aholi sonining ortishiga, ularning nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy ahvoliga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
Yana bir qiziq ma’lumot, o‘sha davrda inqilob sabablaridan biri sifatida podsho oilasiga juda yaqin bo‘lgan Grigoriy Rasputinning davlat ishlariga aralashuvi ham tilga olinishidir. 1915-yilda rus qo‘shinlari muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ortidan Oliy Bosh qo‘mondonlikni Nikolay II o‘z qo‘liga oladi va poytaxtdan frontga ketadi. Bu vaqtda davlat boshqaruvi imperatorning xotini Aleksandra Fyodorovna qo‘liga o‘tgan. Rasputin malikani butunlay bo‘ysundirgan va imperiyada hokimiyatni qo‘lga kiritganligi haqida aytib kelinadi. Tarixchilar uning Rossiyaning siyosiy hayotida bevosita ishtirokini unchalik yuqori baholamaydilar, biroq o‘sha yillarda u xalq orasida lo‘ttiboz va ichkilikka mukkasidan ketgan xavfli odam sifatida eslangan. O‘sha vaqtda malika va sud doimiy masxara obyektlariga aylangan. Armiyada Aleksandra Fyodorovna Rasputinning ma’shuqasi va nemis josusi bo‘lganligi haqida mish-mishlar tarqaldi (bu ayblovlar faqatgina malikaning kelib chiqishi nemis millatiga bog‘lanishi bilan asoslangan edi).
Siyosiy kuchlarning talablari qanday edi?
1917-yil fevral inqilobini Rossiya aholisining turli qatlamlari qo‘llab-quvvatladilar – uning ishtirokchilari orasida ziyolilar va ishchilar, armiya, Davlat Dumasidan siyosatchilar va parlamentda vakili bo‘lmagan radikal harakatlar a’zolari bor edi. Ushbu inqilobni harakatlantiruvchi kuchlarining bahs masalasi podshoh hokimiyatiga bo‘lgan munosabat bilan bir qatorda urushga bo‘lgan munosabat ham edi. 1917-yil boshiga kelib, hatto ko‘plab monarxistlar va yuqori martabali harbiy amaldorlar urushni oldingidek davom ettirish mumkin emasligini angladilar. Agar liberallar va markazchilar ittifoqchilik majburiyatlarini bajarishni va Rossiyaning Birinchi jahon urushidagi ishtirokini davom ettirishni talab qilsalar, unda so‘l kuchlar urushdan zudlik bilan chiqib ketishni talab qildilar.Inqilobning eng mo‘tadil kuchlari qatoriga birinchi navbatda qisman islohotlar orqali “ichki tinchlikni saqlash” tarafdori bo‘lgan Milyukov boshchiligidagi mo‘tadil kadetlar va Guchkov boshchiligidagi oktabristlar partiyalarini birlashtirgan “Progressiv Blok” kirardi. Inqilobning boshqa ishtirokchilari tizimni o‘zgartirishga, monarx vakolatlarini cheklab, parlament vakolatlarini kengaytirishga chaqirishdi. Keyinchalik radikalroq bo‘lgan sotsial-demokratlar va sotsial-inqilobchilar monarxiyani va krepostnoy yer egaligini butunlay bekor qilishni talab qilib chiqdilar. Shu bilan birga, inqilobni to‘liq ravishda qandaydir siyosiy guruhlar amalga oshirdi deyish xato bo‘ladi. Ular inqilobni uyushtirmadilar, balki allaqachon boshlangan tartibsizliklar to‘lqiniga qo‘shilishdi. Endi norozilik harakatining ishtirokchilarini monarxni saqlab qolgan holda uni vakolatlarini cheklash kabi mo‘tadil talablar qoniqtirmasdi.
Bir haftada qulatilgan monarxiya. Telegraf orqali o‘rnatilgan hokimiyat
Fevral inqilobining bevosita natijasi Nikolay II ning taxtdan voz kechishi va Rossiya imperiyasining tugashi edi. Bu juda tez sodir bo‘ldi – bir necha kun ichida oziq-ovqat tanqisligi sababli urushga qarshi mitinglar, ishchilarning ish tashlashlari va namoyishlari tartibsizliklar va qurolli qo‘zg‘olonga aylanib ketdi. Petrogradda oziq-ovqat zaxiralarini yaratish talabi “Yo‘qolsin istibdod” shiori bilan almashtirildi.Monarxiyaning qulashi hamma uchun kutilmagan voqea bo‘ldi deb aytish juda ham to‘g‘ri bo‘lmaydi – podshoh hokimiyatining qonuniyligi ko‘p yillar davomida susayib borgan va ba’zi siyosatchilar Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin ham monarxiyani yaqinda qulashini bashorat qilgan (masalan, sobiq ichki ishlar vaziri Pyotr Durnovoning 1914-yilda Nikolay II ga inqilob tahdidi haqida yozgan xati, garchi ushbu hujjatning haqiqiyligi ba’zan shubha ostiga qo‘yilsa ham). Rossiyada mutlaq monarxiya cheklangan 1905-yildan boshlab mamlakatdagi ko‘plab guruhlar va harakatlar podsho hokimiyatini yanada cheklashni yoki uni butunlay bekor qilishni qo‘llab-quvvatlab keldilar. Shunga qaramay, fevral voqealarining juda tez sodir bo‘lgani g‘alayon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganmi yoki yaxshi rejalashtirilgan fitna natijasimi degan bahsni keltirib chiqaradi. Fevral inqilobining barcha ishtirokchilari ham monarxiyani butunlay bekor qilishni talab qilmaganligi ham muhimdir.
1916-yil dekabrda “Oziq-ovqat masalalariga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish”da oziq-ovqat mahsulotlari taqsimoti joriy qilindi. Bunda dehqonlarga don va boshqa mahsulotlar ko‘rinishida soliq solish hisobiga oziq-ovqat mahsulotlarini jamg‘arish va uni barchaga kartochka tizimi orqali teng taqsimlash ko‘zda tutilgandi.
Ko‘pgina yirik shaharlarda nonga kartochka tizimi joriy qilindi. Non uchun odamlarning ko‘p kilometrlik navbatlari vujudga keldi. Shu bilan birga, har doim ham non yetarli emas edi. Vitebsk, Polotsk, Kostroma va boshqa ko‘plab shaharlarda ochlik hukm surdi. Kartochka tizimi Petrogradda ham joriy etilishi haqida mish-mishlar tarqaldi. G‘arbiy hududlardan ko‘chirib kelinganlar hisobiga bu xavotir yanada kuchaydi. Aslida yetarlicha non saqlangan edi. Ammo poytaxtda yetkazib berishning yomonligi tufayli shaharning quyi sinflari oziqlanadigan eng arzon — qora non yetishmasdi.
Non rastalari yonida uzun navbatlar hosil bo‘ldi. Ushbu navbatlarda frontdagi muvaffaqiyatsizliklar, bolalarning to‘yib ovqatlanmasligi, oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlar, amaldorlarning korrupsiyasi, yuqoridagi xoinliklar va boshqa ko‘p masalalarda “portlash xavfidagi” suhbatlar borardi.
Keyinchalik 1917-yil fevral inqilobi voqealari jadal rivojlanib ketdi. 21-fevral kuni poytaxtda g‘alayonlar boshlanib, olomon don va non rastalarini vayron qila boshladi. 23-fevralda Petrograd ishchilarining umumiy ish tashlashi boshlandi, “Yo‘qolsin urush!”, “Yo‘qolsin istibdod!”, “Non!” shiorlari bilan ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi. Ertasiga poytaxtdagi 214 korxonaning 200 mingdan ortiq ishchisining ish tashlashi boshlandi, 25-fevral kuni ularning soni 305 ming kishidan ortib ketdi. Ishchilarga xizmatchilar va hunarmandlar qo‘shildi. Namoyishni tarqatishga safarbar qilingan qo‘shinlar bu ishdan bosh tortdilar. Tartibsizliklar davom etib, qo‘shinlar namoyishchilar tomoniga o‘ta boshladi. Politsiya tinchlikni saqlay olmay qoldi.
Dastlab Nikolay namoyishlar haqidagi xabarlarga unchalik ahamiyat bermasdan, ularning ko‘lamini kamsitdi. Keyin u namoyishlarning zo‘ravonlik bilan tarqatilishini buyurdi va Davlat Dumasini tarqatib yubordi. 27-fevral kuni kechqurun podsho Petrogradga qaytishga qaror qildi, ammo poytaxtga yetib borolmadi – qo‘zg‘olonchilar shaharga kirishni nazoratga olgani haqida ma’lumot tufayli imperatorning poyezdi orqaga burilib, shimoliy frontda joylashgan shtab-kvartirasi – Pskovga yo‘l oldi. Shu kuni qo‘zg‘olonga qo‘shilgan qo‘shinlar qurolli harakatni boshladi. Isyonchilar Kronverksk aslahaxonasi, arsenal, “Glavpochtampt”, telegraf, temiryo‘l stansiyalari va ko‘priklarni egallab olishdi.
Davlat Dumasi “Peterburgda tartib o‘rnatish va muassasalar hamda shaxslar bilan aloqa o‘rnatish uchun” Muvaqqat qo‘mitani tayinladi. 28-fevral kuni Muvaqqat qo‘mita hokimiyatni o‘z qo‘liga olganligini e’lon qildi. 1-mart kuni endi qo‘zg‘olonga Kronshtadt va Moskva shaharlari ham qo‘shildi. Podshoning yaqinlari unga yo armiyaning sodiq bo‘linmalarini Petrogradga kiritishni yoki mas’ul vazirlikni tuzishni taklif qildilar. 2-martga o‘tar kechasi Nikolay II hokimiyatni “mas’ul vazirlik”ka berish to‘g‘risidagi manifestni imzoladi, ammo endi juda kech edi. Jamoatchilik uning taxtdan voz kechishini talab qildi. Davlat Dumasi Muvaqqat qo‘mitasi vakillari A.I. Guchkov va V.V. Shulgin Pskovga jo‘nab ketishdi. Nikolay II dastlab o‘z vorisi Aleksey, kechga yaqin ukasi buyuk knyaz Mixail Aleksandrovich foydasiga taxtdan voz kechishni e’lon qildi va (shuningdek, unga katta bosim o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng) Rossiyaning keyingi tuzilishini Ta’sis majlisi belgilashi kerak degan qarorga keldi. 4-mart kuni gazetalarda Nikolay II va Mixail Aleksandrovichning taxtdan voz kechish to‘g‘risidagi manifest e’lon qilindi.
Petrogradda qo‘zg‘olon g‘alaba qozonganidan so‘ng, yangi hokimiyat Rossiya viloyatlarida deyarli avtomatik ravishda – telegraf orqali o‘rnatildi. 1917-yil mart oyining oxiriga kelib, bu jarayon tugadi va asosan tinch yo‘l bilan o‘tdi. Faqatgina istisno Tverdagi voqealar bo‘lib, u yerda olomon shaharni vayron qilib, general-gubernatorni o‘ldirdi. Revel (Tallin), Kronshtadt va boshqa bir qator shaharlardagi Boltiq flotining bazalarida dengizchi matroslar zobitlarni otib tashlagan va flot komandirini o‘ldirgan. Qanday bo‘lmasin, fevral inqilobini qurbonliklarsiz o‘tdi deb hisoblash noto‘g‘ri: Petrograddagi qo‘zg‘olon paytida va keyingi oylarda bir yarim minggacha odam o‘ldi.
Ushbu voqealardan oldin G‘arb davlatlarining Rossiya siyosiy hayotiga bo‘lgan qiziqishi va ishtiroki urush bilan bog‘liq edi: Antanta davlatlari Rossiyaning urushda ishtirok etishini davom ettirishdan manfaatdor edilar va ularning raqiblari – birinchi navbatda Germaniya va Avstriya-Vengriya – Rossiyani urushdan chiqishidan manfaatdor edi.
Muvaqqat hukumat va qo‘shhokimiyatchilik
Fevral inqilobi davrida Muvaqqat hukumat bilan parallel ravishda, ishchilar va askarlar deputatlari Sovetlari (bir vaqtning o‘zida qishloqlarda – dehqon deputatlari Sovetlari) paydo bo‘ldi. 1917-yil mart oyi davomida mamlakatda 600 ga yaqin turli darajadagi kengashlar tuzildi, ularga Petrograd ishchi va askar deputatlari Soveti rahbarlik qildi. 1917-yil oktabrga qadar mamlakatda Sovetlar soni 1429 ga yetdi, Sovetlarning hududiy birlashmalari tuzildi. Sovetlarda sotsialistlar ustunlik qiladi: 1917-yil boshlarida ular asosan mensheviklar va sotsialistik-inqilobchilar edi. Shu bilan birga, Muvaqqat hukumatda kadetlar hukmronlik qilmoqda edi.1917-yil 3-iyulda hukumatga qarshi Sovet shiorlari bilan namoyishni o‘qqa tutish Muvaqqat hukumat va Petrograd Sovet o‘rtasidagi kuchlarning muvozanatini buzdi. Bolshevik tashkilotlari mag‘lub bo‘lgandan keyin, ularning yetakchisi V.I. Lenin Finlyandiyada panoh topishga majbur bo‘ldi.
24-iyulda tuzilgan hukumatga eserlardan bo‘lgan A.F. Kerenskiy rais bo‘ldi. Shunga qaramay, Kerenskiyning mashhurligi o‘sha paytga qadar Birinchi jahon urushidagi iyun hujumining muvaffaqiyatsizligi va uzoq muddatli iqtisodiy muammolar tufayli jiddiy ravishda tushib ketgandi. 1917-yil avgustda bosh ofitserlar ko‘magi bilan Bosh qo‘mondon L.G. Kornilov harbiy to‘ntarishga urinish qildi va g‘alayon muvaffaqiyatsizlikka uchradi, kadet vazirlari hukumatdan chiqarildi. Kerenskiy boshchiligida yangi hukumat tuzildi va 24-sentabrgacha hokimiyatda turdi.
Natijada Muvaqqat hukumat pishib bo‘lgan muammolarni: mehnat va yer masalalari, urushning tugashi, iqtisodiy inqirozni hal qilishga qodir emasliklarini namoyish etdi.
Harbiy diktatura qarshisida qo‘rquvni his qilgan A.F. Kerenskiy fevral inqilobidagi yutuqlarni mustahkamlashga shoshildi va 1-sentabrda Rossiyani respublika deb e’lon qildi. So‘l partiyalar bo‘shashdi, Sovetlarni bolsheviklashtirish boshlandi, buning natijasida Petrograd Sovetining raisligi mo‘tadil sotsialist Nikolay Chxeidzedan radikal kayfiyatdagi Lev Trotskiyga o‘tdi. Natijada Ta’sis majlisiga saylovlar arafasida qurolli bolsheviklar to‘ntarishi bo‘lib, Muvaqqat hukumat ag‘darildi.
Fevral inqilobining natijalari
Fevral inqilobi quyidagi choralar yordamida Rossiyani qonun ustuvorligiga yaqinlashtirishga imkon berdi. Xususan, o‘lim jazosi bekor qilindi, jinsi, dini va millatidan qat’i nazar, fuqarolarga teng huquqlar kafolatlandi, fuqarolarga har qanday uyushmalarga qo‘shilish va yig‘ilishlarni o‘tkazishga ruxsat berildi, bu kasaba uyushma harakatining o‘sishiga va fabrika qo‘mitalarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Bundan tashqari, yahudiylarni diskriminatsiya qilishga qaratilgan yashash joylari bo‘yicha va yahudiy diniga mansub shaxslarni ofitserlar tarkibiga kiritishda cheklovlar bekor qilindi.Keyinchalik Muvaqqat hukumat, eski davlat apparatini saqlab qolish istagiga qaramay, Sovetlar, kasaba uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillarini idoralar va muassasalar tarkibiga kiritilishiga to‘sqinlik qila olmadi. Chor politsiyasi va jandarmeriya tarqatib yuborildi. Ularning o‘rniga tegishli malakaga ega bo‘lmaganligi sababli, jinoyatchilik darajasining ko‘tarilishi bilan kurashishga qodir bo‘lmagan Xalq militsiyasi tuzildi.
Podsholik vazirlari va yuqori amaldorlarning qonunbuzarliklarini tekshirish uchun Favqulodda tergov komissiyasi tuzildi. Ish jarayonida u Rossiya armiyasining urushga tayyor emasligi uchun aybdor deb topilgan sobiq harbiy vazir general V.A. Suxomlinovdan tashqari, hech kimga qo‘yilgan ayblovlarni tasdiqlay olmadi.
1917-yil fevral inqilobi natijasida qabul qilingan siyosiy jinoyatlar uchun amnistiya to‘g‘risidagi dekret bolsheviklar partiyasining mavqeyini mustahkamladi. Keyinchalik oktabr inqilobida asosiy rollarni o‘ynagan V.I. Lenin va L.D. Trotskiylar mamlakatga qaytib keldi.
Bundan tashqari, Muvaqqat hukumat ikkita katta xatoga yo‘l qo‘ydi, inqilobdan xalq ommasi kutgan islohotlar amalga oshirilmadi. Birinchidan, Birinchi jahon urushi davom ettirildi. Bu shundoq ham tinkasi qurigan, iqtisodiyoti izdan chiqqan, yangi siyosiy tuzum qurishga intilayotgan davlat uchun juda ham og‘irlik qildi. Urushdan xalq zerikkandi, qanday bo‘lmasin urushdan chiqish hokimiyatni mustahkamlashi mumkin edi. Ikkinchidan, Muvaqqat hukumat yerga egalik masalasida islohotlar amalga oshirmadi, eski o‘rta asrlarga xos yer egaligi tizimi katta noroziliklarning bosh sababi edi. Agrar davlat sifatida eng birinchi hal qilinishi lozim bo‘lgan masala yer masalasi edi. Keyinchalik Oktabr to‘ntarishining hokimiyatda qolishi va qo‘llab-quvvatlanishining asosiy sabablaridan biri urushdan chiqish va barcha yerlar hisobga olinib, yersizlarga ham yer ajratilishi e’lon qilingan “Yer to‘g‘risida”gi dekretning qabul qilinishi edi.
Sharofiddin Hoshimjonov tayyorladi.
Izoh (0)