Dunyoning 15 ta davlati tashqi ishlar vazirlari Nyu Yorkda o‘tkazilgan konferensiya yakunlari bo‘yicha Falastinni tan olish masalasini ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda ularning qo‘shma bayonotida aytilgan bo‘lib, uni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qildi.

“Biz - Avstraliya, Andorra, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Kanada, Lyuksemburg, Malta, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, San-Marino, Sloveniya, Finlyandiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari allaqachon tan olganmiz, mamlakatlarimiz Falastin davlatini ikki davlat asosida nizoni hal qilishning eng muhim qadami sifatida tan olishga tayyor ekanligini yoki bu masalani ijobiy ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilamiz hamda buni hali amalga oshirmagan barcha mamlakatlarni ushbu chaqiriqqa qo‘shilishga undaymiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, vazirlar barcha mamlakatlarni “Isroil bilan normal munosabatlar” o‘rnatishga va “Isroilning mintaqaviy integratsiyasi” bo‘yicha muzokaralar boshlashga tayyorligini bildirishga chaqirdi. Ular G‘azo sektorida “kelajak me’morchiligi” ustida ishlash niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi. Bu reja G‘azoni qayta tiklash, shuningdek HAMAS harakatini qurolsizlantirish va uni Falastinni boshqarish tizimidan chiqarib tashlashni nazarda tutadi.
Tashqi ishlar vazirlari rahbarlarining ta’kidlashicha, Falastinni tan olish masalasi 2025-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 80-sessiyasining yuqori darajali haftasida muhokama qilinadi.
Bundan avval Kanada boshqa davlatlar qatori Falastin davlatini tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.
Bundan avval Birlashgan Qirollik bosh vaziri Kir Starmer X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatida Buyuk Britaniya G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng Falastin davlatini tan olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasi sessiyasida mamlakat Falastin davlatini rasman tan olishini e`lon qilgandi.
Izoh (0)