OpenAI ChatGPT’da bilimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlashga mo‘ljallangan yangi funksiya – “O‘quv rejimi”ni (Study Mode) taqdim etdi.

Ushbu yangilik foydalanuvchilarga nafaqat tayyor javoblarni olish, balki vazifalar va mavzularni bosqichma-bosqich tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa ma’lumotlarni chuqurroq o‘zlashtirishga yordam beradi.
Mazkur funksiya barcha tarif rejalarida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar, jumladan, bepul versiya hamda Plus, Pro va Team obunalari egalari uchun mavjud. ChatGPT Edu ta’lim versiyasiga esa bu rejim bir necha hafta ichida qo‘shiladi.
Kompaniya ushbu yangilikni uy vazifalarini bajarish, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish va yangi mavzularni o‘zlashtirishda yordam beradigan vosita sifatida taqdim etmoqda. Ishga tushirilganda, foydalanuvchiga ma’qul ko‘rgan ta’lim uslubini tanlash taklif etiladi, masalan, amaliyotga yoki vizual tushuntirishlarga urg‘u berish, shuningdek, joriy bilim darajasi va maqsadlarini ko‘rsatish.
Chatbot bu rejimda raqamli repetitor vazifasini bajaradi. U tayyor javobni bermaydi, balki aniqlashtiruvchi savollar va maslahatlar berish orqali foydalanuvchini mustaqil yechim topishga yo‘naltiradi. OpenAI’ning ta’kidlashicha, bu rejim o‘qituvchilar va ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, “ChatGPT’ning o‘qitish salohiyatini rivojlantirishda birinchi qadam” hisoblanadi.
Iyun oyi oxirida ChatGPT suhbat tizimi ishga tushirilganidan so‘ng britaniyalik bitiruvchilar va amaliyotchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari soni kamida 31,9 foizga qisqargani ma`lum qilingandi.
Izoh (0)