Ukrainalik qochqinlar jangovar harakatlar tugagunga qadar AQSHda qolishlari mumkin. Bu haqda Amerika prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga ma’lum qildi.

Jurnalistlar undan Vashington ukrainalik qochqinlarga janglar tugaguncha mamlakatda qolishga ruxsat berish yoki bermasligini so‘rashgan.
“Biz buni amalga oshiramiz. Bizda Ukrainadan kelgan ko‘plab odamlar bor va biz ular bilan hamkorlik qilmoqdamiz”, deya javob bergan AQSH prezidenti.
Qayd etish lozim, Tramp Oq uyga qaytgach, muhojirlarga nisbatan qat’iy siyosat yuritmoqda. U inauguratsiyadan so‘ng darhol o‘zidan oldingi prezident Jo Bayden tomonidan joriy etilgan “Ukraina uchun birdamlik” (United for Ukraine, U4U) qochqinlarga yordam dasturini to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Mazkur dastur ukrainaliklar va ularning yaqin qarindoshlariga moliyaviy homiylar mavjud bo‘lgan taqdirda AQSHda ikki yil qolish imkonini berardi. The New York Times bu dasturni “hal qiluvchi” deb atadi. Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil sentyabr oyiga kelib 150 mingdan ortiq kishi uning ishtirokchisiga aylangan.
Mart oyida Reuters Tramp ma’muriyati Baydenning insonparvarlik dasturlari doirasida AQShga kelgan muhojirlarni maqomidan mahrum qilish bo‘yicha keng qamrovli dastur doirasida taxminan 240 ming ukrainalikning vaqtinchalik huquqiy maqomini bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Oq uy bu ma’lumotlarni yolg‘on deb aytdi.
May oyida The Washington Post hujjat loyihalariga asoslanib, Tramp ma’muriyati qochqinlarni, jumladan, 200 ming ukrainalikni deportatsiya qilishni moliyalashtirish uchun xorijiy yordam uchun ajratilgan 250 million dollargacha mablag‘ sarflashni rejalashtirayotgani haqida yozdi.
Izoh (0)