Buxoro tumanida haydovchining ehtiyotsizligi tufayli sodir bo‘lgan YTH natijasida yetkazilgan 126 million 611 ming so‘m zarar undirildi. Bu haqda “Daryo”ga MIBning Buxoro shahar bo‘limi davlat ijrochisi Ja’far Samadov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilning oktabr oyida fuqaro R.O. o‘z boshqaruvidagi Cobalt’da tezlikni oshirib, fuqaro A.A. boshqarib ketayotgan Malibu’ga urilgan. Oqibatda Malibu haydovchisi og‘ir tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, uning avtomashinasiga ham katta zarar yetgan.
Mazkur ishni ko‘rib chiqqan sud haydovchi R.O.ga to‘qnashuv natijasida fuqaro A.A. hamda uning Malibu avtomashinasiga yetkazilgan zarar uchun jami 126 million 611 ming so‘m pul undirilish lozimligini belgilagan. Biroq R.O. qonuniy talabni bajarmaslik uchun turli aldov yo‘llarini qo‘llagan.
MIBning Buxoro shahar bo‘limi davlat ijrochilari esa qonuniy vakolatlaridan to‘liq foydalanib, fuqaro A.A.ning foydasiga R.O.dan 126 million 611 ming so‘m pulni undirib bergan.
Izoh (0)