Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda siam egizaklari dunyoga kelgani to‘g‘risidagi tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda siam egizaklari dunyoga kelgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Unda onada homiladorlik davridagi shamollash tufayli embrion hujayralarida yuz bergan o‘zgarish sabab chaqaloq shu ahvolda dunyoga kelgan, deyilgan.
Vazirlik matbuot xizmati vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nilufar Mansurova bilan bog‘langan. Mas’ul xodimning ma’lum qilishicha, ayni paytda O‘zbekistondagi birorta muassasada bunday tug‘ruq qayd etilmagan.
“Shu sababdan ham vazirlik ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan va internet sahifalari ma’murlaridan yolg‘on va asossiz xabarlar tarqatmasliklarini so‘rab qoladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 25-iyunida Samarqand viloyat perinatal markazida ikki boshli chaqaloq dunyoga kelgan edi. 6-iyulda chaqaloqlar nafas va yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgandi.
Izoh (0)