Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
22-fevral kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Nuran Niyozaliyev va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ishtirokidagi videokonferensaloqada tashrifga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari muhokama qilingan.
Tashrif qachon bo‘lib o‘tishiga aniqlik kiritilmagan. Bugun, 24-fevral kuni Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti sifatidagi ilk rasmiy tashrif bilan Rossiyaga uchdi.
Qirg‘izistonda 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezident saylovlarida g‘olib chiqqach, Sadir Japarov o‘zining ilk xorijiy tashrifini Rossiyaga uyushtirishi haqida bosh vazir o‘rinbosari Ravshan Sobirov mamlakat parlamentidagi nutqida ma’lum qilgan edi. Fevral o‘rtalarida esa Japarov Rossiyaga tashrif uchun tayyorgarlik doirasida o‘z-o‘zini yakkalash rejimiga o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston TIV o‘rinbosarlari muzokarada, shuningdek, har ikki mamlakat o‘rtasidagi qonunchilik bazasini inventarizatsiya qilish, O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilovning bo‘lajak ishchi tashrifi va boshqa masalalarni ham muhokama qilgan.
Izoh (0)